
Shoxruz Norxonov: Jizzaxliklar uchinchi o‘rinni egallashimizni sog‘inishgan
Joriy mavsumning kashfiyot jamoasiga aylanayotgan «So‘g‘diyona» 23-turda ham muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Bu safar ular o‘z maydonida Superligada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan «Dinamo»ni qabul qildi va 3:0 hisobida tor-mor keltirdi. Natijada jizzaxliklar uchinchi o‘rin uchun yana dadil qadam tashladilar. Ustiga-ustak «Bunyodkor» klubi bu turda Andijonda durang o‘ynagach, «So‘g‘diyona» asosiy raqobatchisidan ikki ochkoga ilgarilab ketdi.
Umuman aytganda, jizzaxliklar chindan ham munosib o‘yin ko‘rsatishyapti. «Dinamo» esa o‘zidan kuchli bo‘lgan raqibiga qarshi hech nima qila olmadi. «So‘g‘diyona»ning iqtidorli hujumchilaridan biri Shoxruz Norxonov esa «Dinamo»ga qarshi uchrashuvda o‘z hisobiga bitta gol yozib qo‘ygan holda jamoasining g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. Natijada ushbu o‘yinchi bilan bog‘lanib ayrim savollarimizga javoblar oldik.
- «Dinamo»ga qarshi kechgan o‘yin haqida nimalarni aytgan bo‘lardingiz?
- O‘yin kutganimizdek qiyin o‘tdi. Lekin biz bu uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik va kutganimizdek o‘zimiz istagandek g‘alabaga erishdik. O‘z navbatida jamoamizni qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarimizga ham minnatdorchilik bildiraman. «So‘g‘diyona» bu mavsumda o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ygan. Shuning uchun har bir uchrashuv biz uchun muhim ahamiyat kasb etadi. «Dinamo» jamoasiga keyingi uchrashuvlarda omad tilayman.
- «Dinamo» qulay raqibmi?
- Boya aytganimdek, o‘yin og‘ir kechdi desam ham bo‘ladi. «Dinamo» asosan qarshi hujumlarda o‘ynadi. Besh nafar futbolchi bilan himoyalandi. Shu sababli birinchi bo‘limda vaziyatlardan foydalana olmadik. Ikkinchi bo‘limda esa biz hujumkorlikni yanada kuchaytirdik. Natijada g‘alabaga erishdik. Jizzax axlini g‘alaba bilan tabriklayman.
- Darhaqiqat, birinchi bo‘limda hisob ochilmadi hamda voqealarning asosiy qismi ikkinchi bo‘limda yuz berdi. Tanaffus paytida murabbiy sizlarga yanada ruhlantirish uchun nimalar degandi?
- Murabbiyimiz ikkinchi bo‘limda vaziyatlardan foydalanishimiz muhimligini va himoyada tartibli o‘ynashimizni ta’kidladi. Shuning evaziga tanaffusdan so‘ng gollar urdik.
- Umuman aytganda, «Dinamo»ning autsayder bo‘lib turgani ham sizlarga qo‘l keldimi?
- «Dinamo» jamoasiga hozirda ochkolar suv va havodek muhim edi. Bu jamoa bizga yaxshigina qarshilik ko‘rsata oldi deb o‘ylayman.
- «So‘g‘diyona» uchinchi o‘rin uchun katta qadam tashlamoqda. Mavsum tugashiga esa uchta tur qoldi. Maqsadni bajarishga tobora oz fursat qolayotgan paytda sizlarda bosim yoki hayajon kuchayib bormayaptimi?
- Hayajon yo‘q. Lekin biz keyingi o‘yinlarda ham ko‘proq ochkolarni yig‘ishni maqsad qilganmiz. Nasib qilsa, balki medallarga ham sazovor bo‘larmiz.
- Eshitishimizcha, uchinchi o‘rin egallansa, futbolchilar munosib rag‘batlantirilar ekan…
- Balki shundaydir. Jizzaxliklar bizning uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritishimizni sog‘inishgan. Shuning uchun ham biz bor kuchimiz bilan maqsadimizga erishishga harakat qilyapmiz.
- Umuman olganda, «So‘g‘diyona» qanday qilib o‘zida kuch topa olyapti?
- Biz har bir uchrashuvga g‘alaba uchun chiqyapmiz. Balki omadimiz ham kelayotgandir. Demak, ana shu omadni qo‘ldan chiqarib yubormaslik kerak.
Fikrlar