
Shov-shuvli gol bo‘yicha asosiy aybdor kim? "Mash’al" rahbari qanday munosabat bildirdi?
Kecha “Mash’al” hamda “Qo‘qon-1912” uchrashuvida kiritilgan birinchi gol bo‘yicha bildirilayotgan fikrlar va mulohazalar tinmayapti. Bu katta aks-sado keltirib chiqaryapti.
Hammaning fikri turlicha, kimdir unday, kimdir bunday deydi. Hakamlar tomonidan golning inobatga olinishi yana tanqidlarga sabab bo‘ldi. “Mash’al” jamoasi bu vaziyatga qanday munosabatda?
Albatta, o‘yin Muborakda bo‘ldi va mezbon “Mash’al” edi. Shuning uchun tashkiliy ishlar bo‘yicha ham to‘g‘ri yondashuv zarurligi ko‘rinib qoldi. “Mash’al” klubi bosh direktori Ilhom Qurbonov sports.uz uchun o‘z munosabitini ochiq-oydin bildirdi.
- Bilasiz, har qanday izohlarni kuzatib boraman. Tanqid kelajakning mevasi. Men hamma narsani to‘g‘ri qabul qilishga harakat qilaman. Ko‘pchilik kechagi o‘yindagi vaziyat uchun PFL va hakamlarni ayblayapti. Lekin ularni aybi yo‘q. PFL bilan ikki yildan beri ishlash yoqimli. Nimaga? Ularga o‘z fikrimizni va g‘oyalarimizni ayta olamiz. PFL esa, har qanday holatda ham bizning istaklarimiz va takliflarimizni professional tarzda qabul qilyapti. O‘z o‘rnida, bizni ish yuzasidan tanqid qilsa, buni ham to‘g‘ri qabul qilyapmiz hamda kamchiliklarimizni PFL bilan birga bartaraf qilishga harakat qilyapmiz. PFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jaev bilan yaxshi aloqada ishlayapmiz.
Yana qaytaraman: kechagi o‘yinda PFLning hech qanday aybi yo‘q. O‘sha golli vaziyat 99 foizga mening rahbarligimdagi “Mash’al” jamoasining xatosi. Chunki sharoitni professional darajada yaratib berishda biroz xatoga yo‘l qo‘ydik. Bu erda texnik xato bo‘lgan. Yurib turgan narsa to‘xtashi yoki turgan narsa sinishi mumkin. Futbolda har xil vaziyat bo‘ladi. Gol urilgan paytda 1 foizi raqib jamoa bilan hakamlarning o‘ziga havola. Balki o‘sha paytda ular vaziyatga boshqacha qarashganida...nima bo‘lganda ham asosiy xato bizda bo‘ldi.
Darvozaning to‘rlarini plastmassa ushlab turadi. Boshida tekshirilganida hammasi joyida edi. Faqat o‘yin oldidan jamoalarning tayyorgarligi paytida to‘p darvoza to‘riga tekkanida uni ushlab turadigan plastmassa biroz pastga tushib qolgan. Buning oqibatida to‘r kengayib qolgan. Endi qarang, o‘yin paytida berilgan zarba aynan o‘sha kengayib qolgan teshikdan kirib ketgani – bu chinakam tasodif. Ashurmatov aytganidek, mo‘’jiza. Agar hozir yana o‘sha joydan gol urish uchun ming marta harakat qilsangiz ham, bu boshqa sodir bo‘lmasligi turgan gap. Shu bois, ushbu o‘yindagi holat uchun kimnidir ayblash noto‘g‘ri. Bu bizning texnik xatomiz hisoblanadi. O‘yinni professional darajada o‘tkazishda kamchilikka yo‘l qo‘ydik. Buni muxlislar to‘g‘ri tushunishlari kerak. O‘sha vaziyatni ko‘rib turib to‘g‘risi vijdonim qiynaldi. Raqib, hakam yoki PFLni ayblash noo‘rin. Chunki boya aytganimdek, bu o‘zimizning xatoimiz bo‘ldi. Faqat bir foizgina raqib bilan hakamning vijdoniga havola.
Bir narsani tushunish kerakki, o‘sha holatga bir qarashdayoq inson aniq baho berishi qiyin. Shunday ekan, hakam ham inson, robot emas. Men ularni oqlamoqchi yoki qoralamoqchi emasman. Har doim o‘z fikrimni aytib kelganman. Hakam to‘p darvozaning ichida bo‘lsa gol deb hisoblaydi. O‘yin boshida darvoza setkalarini tekshirganida yirtilgan joyi yo‘q edi. Shuning uchun hakamlar ustidan ariza yozishim qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri?! Men ulardan ayb qidirayotganim yo‘q. Har bir tanqidni to‘g‘ri qabul qilib, ustimizda ishlasak, shunda o‘sishga erishishimiz mumkin. Barcha aybni hakam va raqib jamoaga ag‘darib o‘zimizni oppoq qilib ko‘rsatishimiz ham noto‘g‘ri.
Gol bo‘lganda ko‘plab futbolchilar vaziyatni tushunmay qolishdi. Aytyapman-ku, bir foizgina raqib jamoa bilan hakamlarning vijdoniga havola. Agar to‘pni tepgan futbolchi hammasini ko‘rib turib, haqiqatni yashirgan bo‘lsa, unda uning vijdoniga havola. Uch yil oldin Ukraina chempionatida shunday holat bo‘lganini ko‘rganman. Autdan to‘pni tashlab berishganida, xuddi shunday gol urishgan. 5-10 daqiqadan keyin raqib jamoa feyr-pley tamoyiliga asosan, o‘z darvozasidan gol o‘tkazgan. Shuning uchun men bunday vaziyatda “Qo‘qon-1912” jamoasi haqida hech nima deya olmayman. Bu ularning xohishi. Xatolarimiz ustida ishlaymiz va yanada e’tiborliroq bo‘lishga harakat qilamiz. Bu e’tiborsizlik bilan bog‘liq edi, - deydi Qurbonov.
Fikrlar