Shomurodov Italiyada Miranchukdan ustunligini isbotlamoqda!

  • 20 yanvar, 2021, 11:30
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Rossiya primer-ligasining ikki vakili – Eldor Shomurodov va Aleksey Miranchuk yozgi transferlar vaqtida kuchli beshlik chempionatlaridan biri – Italiya A Seriyasiga o‘tgani rus futbolida o‘ziga xos sensatsiya bo‘ldi.

Tecno

Rossiyalik futbol mutaxassislari milliy chempionatdagi o‘yinchilarni Evropaning kuchli chempionatlaridan taklif olishini muvaffaqiyat sifatida baholaydi. Chunki Rossiyada yaxshi o‘ynab kelayotgan charm to‘p ustalarining Evropa futboliga o‘tganidan keyin faoliyatida pasayish yuz berishi odatiy holga aylangan. Shuning uchun ham evropaliklar ko‘p ham bu mamlakat futbolchilariga e’tibor qaratmaydi.

Shu bois, Eldor Shomurodov va Aleksey Miranchukning “Jenoa” va “Atalanta”ga o‘tishi 2020 yilning eng muhim transferlari sifatida baholandi. Mana har ikki futbolchining Italiyadan qo‘nim topganiga ham uch-to‘rt oydan oshdi. A Seriyaning o‘tgan turida “Atalanta” va “Jenoa” o‘zaro to‘qnash keldi, Aleksey va Eldor bir biriga qarshi o‘ynadi. Shundan kelib chiqib, mutaxassislar ularning Italiyadagi faoliyatini o‘zaro taqqosladi.

Oldindan aytib o‘tish lozimki, bu borada ustunlik o‘zbek futbolchisi tomonida bo‘ldi.

400_400_max

Moskvaning “Lokomotiv” klubi etakchisi Aleksey Miranchuk 2020 yilning 30 avgust kuni “Atalanta” safiga o‘tdi. “Rostov” hujumchisi Eldor Shomurodov oktyabr oyining oxirida Genuya jamoasiga qo‘shildi. Garchi Miranchuk Shomurodovdan qariyb ikki oy avval Italiyaga borgan bo‘lsa-da, yangi chempionatga moslashish borasida o‘zbek futbolchisi o‘zib ketdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, buning birinchi sababi layoqatga bog‘liq ekan. Rossiyalik futbolchilarning mashg‘ulotlarga har doim ham jiddiy kirishmasligi ularning mentalitetiga singib ketgani ko‘p gapiriladi. Shomurodov esa, har doim mehnatsevarligi bilan ajralib turgan. Yaqinda Eldorning o‘zi “Jenoa”da o‘zi duch keladigan qiyinchiliklarni oldindan bilishini va buning echimi faqat qattiq mehnat qilish ekanini ta’kidladi. Uning bu fazilati qo‘l kelayotganini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

Bundan tashqari, Eldor murakkab vaziyatlarda oxirigacha kurashish borasida ham rossiyalik yulduzdan bir bosh ustunligi aytilmoqda.

Yana bir jihat. “Atalanta” bosh murabbiyi Gasperini mashg‘ulotda qora terga botmasa ham, o‘yinda o‘ziga ajratilgan besh daqiqa ichida bor mahoratini namoyon qiladigan o‘yinchiga imkon berishi bilan ham mashhur. Aleksey o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata olgan debyut uchrashuvlaridan keyin italiyalik ustozi unga ko‘proq o‘yin vaqti berdi. Lekin Miranchuk ko‘proq o‘ynagan paytda foydali ishlarni kamroq amalga oshirdi.

Eldor Shomurodov esa aksincha, o‘ziga berilgan bir necha daqiqa ichida jamoaga kerakli figura ekanini isbotlab, golli vaziyatlar yaratdi. Bora-bora “Jenoa” hujumidagi eng muhim o‘yinchi maqomini o‘ziniki qildi. Gol masalasida hamma Eldorga suyanadigan bo‘lib qoldi.

2973275-61021428-2560-1440

Futbolchining adaptatsiyasida jamoa mavqei ham rol o‘ynaydi. Kuchsizroq jamoaga moslashish osonroq. Miranchukning “Atalanta”si keyingi yillarda sovrinli o‘rinlar va Evropa Chempionlar ligasi uchun da’vogarlik qilmoqda. Demak, futbolchilar gardanidagi mas’uliyat va bosim ham shunga yarasha. Bu yangi fubolchining jamoaga moslashuvini sekinlashtiradigan omil. Miranchukda ham shunday bo‘lyapti. U ko‘proq mehnat qilishga majbur.  

“Jenoa”ning yo‘qotadigan narsasi yo‘q. Ularning asosiy maqsadi A Seriyadagi joyini saqlab qolish. Psixologik nuqtai nazardan Eldorga osonroq. Bir tomondan, darrov “baland dorga osilgandan” ko‘ra, chet eldagi faoliyatini kuchsizroq jamoada boshlab, keyin katta klublarga o‘tgan ma’qul. Miranchuk tarkibga kirish uchun kurashayotgan bir paytda, Eldor “Jenoa”dagi o‘yini tufayli “Yuventus” e’tiboriga tushdi. Xulosa o‘zingizdan.

Futbolchining yangi chempionatga ko‘nikishida tajriba ham muhim. Shomurodov bu borada Miranchukdan ustun. O‘zbek futbolchisi o‘z yurtidan tashqari, Rossiyada uch yil o‘ynadi. Legionerlik tuzini tatib ko‘rgan. Chet ellik o‘yinchi to‘qnash keladigan holatlarni boshdan o‘tkazib bo‘lgan.

“Lokomotiv” yulduzi darajasida o‘ynagan Miranchuk esa, Moskvadan tashqariga chiqmagan. Begona yurtda to‘p tepish uning uchun o‘zlashtirilmagan dars. Shuning uchun ham moslashuv jarayonida u o‘ziga tengqur bo‘lgan Eldordan ortda qolyapti.

large_115

Nima bo‘lgan taqdirda ham, biz har ikki futbolchining legioner sifatidagi faoliyati gullab-yashnashini istaymiz. Bu legionerlarning yaxshi o‘ynashi evropalik mutaxassislar e’tiborini Rossiya futboliga qaratadi. Rossiya chempionati esa, nafaqat ruslar, balki o‘zbek futbolchilari uchun ham Evropaga yo‘l ochadigan musobaqaga aylanadi.

Shomurodovga nima etishmayapti?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Doniyor Kuldoshov
22/01/2021 15:47
Ғайрат қил ШОМА, Сени буюк ишлар кутмоқда!!!

Рональдодан ўтишни мақсад қил, алдамчи гапларга эътибор бермасдан мақсад сари илдамлайвер. Сенинг ФАНАТЛАРингни умиди катта СЕНДАН...