Shomurodov atrofidagi so‘nggi ma’lumotlar

  • 24 avgust, 2024, 22:22
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Eldor Shomurodov murakkab vaziyatda qolgan. 29 yoshli hujumchi o‘ziga imkon berilishini kutadigan yoshda emas. U ayni o‘ynadigan pallada.

Tecno

Biroq, qaysi klubda?

Legionerimizning o‘zi “Roma” mashg‘ulotlarida faol ishtirok etmoqda. “Roma” matbuot xizmati hamyurtimiz ham boshqa futbolchilar qatori qattiq mehnat qilayotgani aks etgan fotosuratlar, videolavhalarni e’lon qilib bormoqda.

Eldorning o‘zi mashg‘ulotlar chog‘idagi ikki tomonlama o‘yinlarda qatnashyapti. Murabbiylar shtabiga nimalarga qodirligini ko‘rsatishga tayyor.

“Roma” faoliyatini yoritib borayotgan romaforever.it sayti eksperti Andrea Jove poytaxt klubining ichki holati haqida ma’lumot tarqatdi.

- Rik Karsdorp va Eldor Shomurodov “Roma”ning yangi mavsum rejalariga kiritilmagan. Klub sport direktori Floran Gisolfi ularning har ikkisiga yangi jamoa axtarmoqda. Lekin bu o‘yinchilarning vaziyati bir-biridan keskin farq qiladi.

Niderlandiyalik himoyachining shartnomasi yana bir yil davomi etadi. Uning “Roma”da kelajagi yo‘q. Rik Karsdorp umumiy guruhga qo‘shilmagan holda, alohida shug‘ullanib yuribdi. Vaziyat o‘zgarishiga umid yo‘q. O‘ng qanot himoyasini turkiyalik Zeki Chelik egallab bo‘lgan.

Karsdorpning o‘zi bir necha oydan beri yangi variantlarni inkor qilyapti. Unga Gretsining AEK va Turkiyaning “Beshiktosh” klublaridan taklif bo‘lgandi. Niderlandiyalik himoyachi Rim klubidan har yili 2,2 million evro maosh olyapti va bu summaning pasaytirilishiga ko‘nmayotgani bois, boshqa ligalarga o‘tishdan bosh tortmoqda.

Rikning agentlari maqbul variant qidirmoqda. Lekin 29 yoshli futbolchi joriy mavsumda o‘yin amaliyotisiz qolib ketish ehtimoli katta.  

“Roma” rahbariyatiga esa, biror daqiqa o‘ynamaydigan futbolchiga katta maosh to‘lashga to‘g‘ri kelayotgan yoqmayapti. Bu holat har ikki tomon uchun ham haqiqiy bosh og‘riq bo‘lib turibdi.

Rim klubidan ketishi kutilayotganlar orasida Eldor Shomurodov ham bor. O‘tgan mavsumda “Kalyari”da o‘ynab uchta gol urgan hujumchi Trigoriyaga qaytib keldi.

Yaqinda Shomurodovning AQSh chempionati ishtirokchisi “Atlanta Yunayted”ga transfer amalga oshmay qoldi. Amerika klubi muzokaralarni ijobiy yakunlagunicha AQShda transfer bozori yopildi.

O‘zbek hujumchisiga A Seriya klublari orasida qiziqish bildirgan oxirgi jamoa “Verona” bo‘ldi. Lekin bu klub bilan muzokaralar oxiriga etgani yo‘q. Italiyada yozgi transferlar oynasi 30 avgustda yopiladi. Ungacha Karsdorp ham, Shomurodov ham o‘ziga yangi jamoa topishi kerak, - deb yozdi italiyalik futbol eksperti Andrea Jove.

Ta’kidlash joizki, Daniele De Rossi bosh murabbiylik qilayotgan “Roma” tarkibida bu yoz jiddiy o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Xususan, yangi mavsum oldidan hujumchilardan Romelu Lukaku va Sardor Azmun jamoani tark etdi. Endi asosiy forvard vazifasini bajarib kelgan Paulo Dibala Saudiya Arabistoniga yo‘l olishi kutilyapti. Shuningdek, Temmi Abraxam ham Rimni tark etishga qodir.

“Roma” ketgan hujumchilarning o‘rnini qoplash uchun faqatgina ikki o‘yinchi – Artyom Dovbik va Matias Suleni oldi. Ayrim mutaxassislar agar Shomurodovga kuzgacha yaxshi taklif chiqmasa, “Roma” uni zaxira o‘yinchisi sifatida olib qolishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Адхамжон Низомов
24/08/2024 23:52
Элдорга омад.
&
fcnasafuz
23/08/2024 22:00
Захира бўлса ҳам қолсин