
Sherzod Temirov: "Persepolis"ning taklifini o‘ylab o‘tirishga hojat bo‘lmadi"
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 25-29 mart kunlari o‘tkaziladigan xalqaro musobaqada qatnashadi.
Tojikiston, Qirg‘iz Respublikasi va Uganda jamoalari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan mazkur o‘rtoqlik turniriga Namangan shahri mezbonlik qiladi. Bugun Srechko Katanets boshchiligidagi jamoamiz Toshkentdagi "Lokomotiv" stadionida mashg‘ulotlarni boshladi.
O‘FA matbuot xizmati jamoamiz legioneri Sherzod Temirovning fikrlari bilan qiziqdi:
"Hech kimga sir emaski, "Persepolis" Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri hisoblanadi. Ularning taklifini o‘ylab o‘tirishga ham hojat qolmadi. Manfaatli shartnoma berishdi va faoliyatimni Eronda davom ettirishga qaror qildim.
Mening transferimni shaxsan bosh murabbiy va klub prezidenti istagan ekan. Moslashuv jarayoni qiyin kechmayapti, boisi sheriklarimning deyarli barchasi yoshi katta va tajribali futbolchilar. Ular meni yaxshi kutib oldi.
Xudo xohlasa, menga bildirilgan ishonchni to‘liq oqlashga harakat qilaman. Hissiyotlarimni so‘z bilan ifodalab bera olmayman. Ikkinchi bor milliy terma jamoadan chaqiruv oldim. Legioner sifatida esa, bu birinchisi.
Namangandagi turnirda yaxshi ishtirok etib, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga harakat qilaman. Xudo xohlasa, Jahon chempionatiga ham chiqamiz!"
Fikrlar