
Shaker Zuagi: "O‘zbekistonga murabbiy sifatida qaytishim mumkin"
Chempionatimizda shu kungacha ko‘plab legionerlar kelib o‘ynab ketishdi. Ularning hammasini ham eslay olmasligimiz mumkin. Biroq o‘zidan yaxshi taassurot qoldirgan har qanday futbolchi doimo muxlislarning yodida qoladi. Ana shunday legionerlardan biri tunislik Shaker Zuagi desak mubolag‘a qilmasak kerak. U 2014 yildan 2016 yilgacha uch yil davomida O‘zbekiston chempionatida faoliyat olib borgan. Dastlab “Olmaliq” (hozirgi OKMK) jamoasida to‘p surgan futbolchi keyingi ikki mavsumni “Bunyodkor” tarkibida o‘tkazgandi. Yarim himoya chizig‘ida o‘ynagan Zuagi o‘zining professionalligi va futbolni yaxshi o‘ynay olishi bilan ajralib turardi. Futbolchi O‘zbekistondagi faoliyatini tugatganidan keyin BAA chempionatida “Al Xalij” jamoasi sharafini himoya qilganidan xabarimiz bor. Ammo shundan so‘ng Shaker haqida hech qaerda biror-bir ma’lumotga ko‘zimiz tushmadi. Holbuki, uni O‘zbekistonda eslab turadigan muxlislar ko‘pchilikni tashkil etadi. Shu bois biz ushbu o‘yinchini izlashga harakat qildik va kuni kecha internet orqali uni topishga erishdik. Zaugi esa bizning O‘zbekistondan ekanligimizni bilgan zahoti xursandligini yashirib o‘tirmadi va hammaga o‘zining salomini yo‘lladi. Biz esa dastlab hozirda qaerda nima ish qilayotgani bilan qiziqdik.
- Amirlikdagi faoliyatimdan keyin butsamni mixga ilishga qaror qildim. Keyin bir yarim yil davomida murabbiylik kurslarida tahsil oldim. 2018/19 yilgi mavsumda Tunis oliy ligasida qatnashadigan jamoada yordamchi murabbiy bo‘lib ishladim. Ayni damda ta’tildaman. Yangi mavsum oldidan menda bir qator takliflar bor. Ammo hozircha bir to‘xtamga kelganim yo‘q, - deydi tunislik futbolchi.
Shundan keyin Shaker bilan O‘zbekistondagi hayoti haqida muloqotga kirishdik. U haligacha bu erdagi faoliyatini yorqin xotiralar bilan esga olayotgani yoqimli bo‘ldi. Buni quyidagi so‘zlari orqali bilishingiz mumkin.
- O‘zbekiston menga juda yoqadi. Bu erda men uchun yorqin xotiralar qolgan. Bir voqea hamon yodimdan chiqmaydi. Qaysidir o‘yinda men zaxirada qolgandim. Muxlislar esa murabbiydan meni maydonga tushirishni talab qilib, tinmay ismimni tilga olishardi. Shunda bilganman, O‘zbekistonda meni qanchalik yoqtirishlarini. Men maydonga tushgach, ular xursand bo‘lishgandi. Bu hol “Bunyodkor”da ham, “Olmaliq”da ham o‘ynab yurgan paytlarimda yuz bergan.
Aslida Zuagi O‘zbekistonga qanday kelib qolgan? Bunga kim sababchi bo‘lgan? Umuman aytganda, uning futbolimizga kirib kelish tarixi ham muxlislarni qiziqtirishi turgan gap. Bu borada esa Shaker shunday javob berdi:
- Menga ushbu mamlakatdan taklif borligini aytishganida bu erda o‘zimni sinab ko‘rishim o‘zim uchun ham qiziq tuyulgandi. To‘g‘risini aytsam, birinchi marta O‘zbekistonga borganimda ushbu mamlakat haqida hech qanday ma’lumotga ega emasdim. Futboli haqida ham hech narsa bilmasdim. Keyin esa bu erning odamlari mehmondo‘st ekanligiga amin bo‘ldim. Bu erda yaxshi insonlar ko‘p ekan. Shuning uchun moslashish jarayoni men uchun oson kechdi. Buning ustiga “Olmaliq”ning o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Igor Shkvirin menga ishonch bildirib, o‘z o‘yinimni topib olishimga yordam berganini unutmayman. Keyin esa “Bunyodkor”ga o‘tganimda bosh murabbiy Sergey Lushan bilan ham tezda til topishib ketganmiz. U yaxshi mutaxassis. Kezi kelganda, bu ikki murabbiyga minnatdorchilik bildiraman.
Shuningdek, undan bugungi O‘zbekiston futboliga bo‘lgan qiziqishi va uni qanchalik kuzatib borayotgani haqida ham so‘radik.
- O‘zim uchun qadrdon bo‘lgan mamlakat chempionatini albatta kuzataman-da. O‘zbekiston futboli va uning chempionati borasida menda ko‘plab ma’lumotlar bor. Superliga bahslarini kuzatib boryapman.
Bundan tashqari, Shaker Zuagi o‘z o‘yini bilan mahalliy futbolchilarimiz uchun o‘rnak vazifasini ham bajara olgandi. U legioner maqomiga mos ravishda o‘yinlar ko‘rsatganini hech kim inkor eta olmasa kerak. Shu bois unga futbolchi va murabbiylar ham hurmat bilan yondashishardi.
- Mamlakatingizda mening ko‘plab do‘stlarim bor va biz doim ular bilan gaplashib turishga harakat qilamiz, - deya mavzuni davom ettirdi, Zuagi.
U endi futbolchi emas. Demak, biz endi Zuagini murabbiy sifatida ko‘rishni boshlaymiz. Shu o‘rinda undan yurtimizga murabbiy sifatida qaytish borasida o‘ylab ko‘rasizmi, deganimizda shunday dedi:
- Ha, men futbolchilik faoliyatimni tugatib bo‘lganman. Qachondir O‘zbekistonda murabbiy sifatida ishlashim mumkin. Bu men uchun juda yoqimli bo‘lardi. Mamlakatingizda o‘zimni sira begona his etmayman. Ishonasizmi, O‘zbekiston mening xuddi ikkinchi uyimdek bo‘lib qolgan. Shunday ekan, bu erdan menga taklif tushsa, buni ijobiy qabul qilaman.
U futbolchilik faoliyati davomida Tunis, Rossiya, Shveytsariya, O‘zbekiston va BAA klublarida to‘p surgan. Shu bois unga qaysi klubdagi faoliyati o‘zi uchun manzur bo‘lgan, deya murojaat qildik.
- To‘g‘ri, men faoliyatim davomida ko‘plab jamoalarda to‘p surganman. Shu bois hayotimda yorqin iz qoldirgan klublar bor. Bular – “Du Saxel”, “Tsyurix” va “Bunyodkor”. Shuningdek, men uchun yashash tarzi bo‘yicha qulay mamlakatlar sifatida Rossiya, O‘zbekiston va BAAni ayta olaman. Ayni paytda esa futbolsiz ham hayotim bir maromda davom etmoqda.
Yana bir gap: Shaker Zuagi faqatgina futbol bilan cheklanib qolmasdan o‘zining shaxsiy biznesini ham yo‘lga qo‘ya olgan.
- Ha, o‘zimning biznesim bor. Tunisda restoranim va Dubayda esa o‘z firmam faoliyat yuritadi. Bu ishlar bilan ham shug‘ullanish menga yoqadi – deydi Zaugi.
Fikrlar