Shahzod Ubaydullaev: Superligada to‘purar bo‘lishni maqsad qilganman
Joriy mavsumda Superligadagi kashfiyot futbolchilardan biri sifatida shubhasiz «Andijon»da to‘p surayotgan Shahzod Ubaydullaevni tilga olishimiz mumkin. Yosh iste’dod sohibi hisoblangan ushbu futbolchi nafaqat «Andijon»da, balki Superligada debyutini o‘tkazayotgan bo‘lsa-da, birinchi yil uchun o‘zidan juda yaxshi taassurot qoldirayotgani diqqatga sazovordir. Natijada u andijonliklarning asosiy futbolchilaridan biriga aylana oldi. Boisi, to‘purarlik salohiyatini namoyish etgan holda jamoasining g‘alabalariga katta hissasini qo‘shib kelmoqda. Misol uchun oxirgi ikkita o‘yinni oladigan bo‘lsak, unda «Andijon» jamoasi o‘ta muhim g‘alabalarni qo‘lga kiritdi. Safarda «Dinamo»ni 1:0 hisobida engib qaytishgan o‘yinda Ubaydullaev yagona gol muallifiga aylangandi. Keyin esa Andijonda «Surxon»ga qarshi kechgan bahsda yana o‘sha Ubaydullaev bu safar ikkita gol urdi va yakunda mezbonlar 2:1 hisobida raqibidan ustun kelishdi. Ko‘rib turganingizdek, Shahzod jamoasi uchun eng foydali o‘yinchilardan biriga aylangan.
- Bilasizmi, bizning «Surxon» jamoasiga qarshi o‘yinimiz olti ochkolik ahamiyatga ega edi, - deya o‘sha o‘yinni esladi, Ubaydullaev. - Shuning uchun ushbu bellashuvning darajasi biz uchun nihoyatda muhim edi. Asosiysi, mana shunday bahsda qimmatli ochkolarni qo‘lga kiritdik. Bizni yana bir quvontirgan tomoni shundaki, muxlislarimizning qo‘llab-quvvatlashlari ham jamoamizga katta dalda bo‘ldi.
Shahzod Ubaydullaev «Surxon»ga qarshi o‘yinda ikkita gol urdi va tabiiyki, uchrashuv qahramoniga aylandi. Qolaversa, u ishqibozlarning ham ishonchini qozonib bormoqda. E’tiborlisi, termizliklar darvozasiga ikkita gol urishini o‘yindan oldin sezgan ekan.
- Ishonasizmi, o‘sha «Surxon» klubiga qarshi o‘yindan oldin jamoamiz rahbarlariga va futbolchilarga ikkita gol uraman deb aytgandim. Buni qarangki, niyatim xolis ekan, amalda aytganlarim o‘z isbotini topdi.
Lekin o‘z navbatida bir jihatni ham unutmaslik lozimki, Ubaydullaevda har o‘yinda bir yoki ikki emas, balki bir nechta golga tortadigan imkoniyatlar yuzaga kelmoqda. Masalan, garchi «Surxon» darvozasiga ikkita gol urganiga qaramasdan, u kamida o‘sha kuni xet-trikka erishishiga juda yaqin kelgandi. Ammo qolgan qulay vaziyatlardan foydalana olmadi. O‘z o‘rnida bu holat hujumchining e’tiboridan chetda qolmadi va buning sababini tajriba bilan bog‘ladi.
- Bu yil Superligada birinchi yil o‘ynamoqdaman. Shuning uchun menga ba’zida kerakli darajada tajriba ham etishmayapti. Biroq shunday bo‘lsa-da, men hamon gol urishga chanqoqman va bu borada qattiq harakat qilyapman. O‘yindan-o‘yinga esa qo‘shib boraveraman. Natijada shu va gollarim orqali o‘zimga bo‘lgan ishonch ham ortib boraveradi.
Darvoqe, Ubaydullaev kiritayotgan gollarini o‘zgacha uslubda nishonlashni ham xush ko‘radi. Masalan, «Surxon» darvozasiga kiritgan golini Krishtianu Ronaldu uslubida nishonladi. «Andijon» hujumchisi esa bu holatga ham to‘xtalib o‘tdi.
- Bu haqida o‘tgan safar ham aytgandim: men Ronalduning muxlisiman. Ayniqsa, yoshligimdan uning o‘yinlarini ko‘rib katta bo‘lganman, menga juda yoqadi. Shu bois Ronalduga bolalagimdanoq muxlislik qilib kelaman. Endi golimni Ronaldu uslubida nishonlaganimga keladigan bo‘lsak, bilasizmi, gol urgan paytingizda hissiyotlarga berilganingizdan miyangizga nima kelsa, shuni qilar ekansiz-da! Chunki o‘sha onlarda siz faqat zavqlanish haqida o‘ylaysiz xolos. Bunday xursandchiliklar esa doimo yoqimli tuyulaveradi.
Bir narsani alohida aytish joizki, «Andijon» jamoasining asosiy vazifasi Superligada jon saqlab qolish edi. Ammo oxirgi paytlardagi muvaffaqiyatli o‘yinlardan so‘ng «burgutlar» 9-o‘ringa ko‘tarilib olishdi. Yana bir e’tiborli tomoni shundaki, navbatdagi turda Qarshida «Nasaf» bilan o‘ynab kelishganidan keyin oxirgi to‘rtta uchrashuvni andijonliklar o‘z maydonida o‘tkazishadi. Shularni inobatga olganda ham klub oldiga qo‘yilgan vazifa go‘yoki bajarilgandek tasavvur uyg‘otmoqda. Lekin Ubaydullaevning bu boradagi fikri boshqacha bo‘ldi.
- Yo‘q, aslida bizning vazifamiz Superligada jon saqlab qolish emas. Biz jamoamiz bilan kelishgan holatda chempionatda kamida 9-o‘rinni qo‘lga kiritishni maqsad qilib qo‘yganmiz. Bizda 14, 12 yoki 11-o‘rinni olish asosiy maqsadimiz hisoblanmaydi. Mana, hozir 9-o‘rindamiz va imkoni qadar yuqori o‘rinni ko‘zlayapmiz. O‘ylaymanki, bu borada jamoamizning imkoniyati etarli darajada. Ustunlik tomonimiz shundaki, o‘z maydonimizda to‘rtta o‘yin o‘tkazamiz. Shuning uchun iloji boricha o‘zimizdagi barcha uchrashuvlarda g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.
Shahzod Ubaydullaevning gollariga e’ibor qaratadigan bo‘lsak, shu paytgacha u Superligada 8 ta golning muallifiga aylandi. Shuningdek, Kubok bahslarida 3 ta gol urgan. Umuman olganda, «Andijon» jamoasining to‘purari bo‘lib turgan iqtidorli hujumchining asta-sekin gol urish borasidagi sermahsulligi ortib borayotgani ham mahalliy ishqibozlarni quvontirmoqda. Shu bilan birga Ubaydullaev o‘z oldiga qo‘ygan shaxsiy maqsadiga ham yaqinlashmoqda. Gap shundaki, Shahzod mavsum avvalida joriy mavsumda 10 ta gol urishni maqsad qilib qo‘ygandi. «Ishtaha» ovqat paytida keladi deganlaridek, ayni paytda uning gol urish borasidagi «ishtahasi» ham ochilib ketdi…
- Birinchi ligada o‘ynaganimda ham to‘purar bo‘lganman. Superligada ham to‘purar bo‘lishga harakat qilaman. Bu yil esa hech bo‘lmaganda to‘purarlar qatorida tugatsam ham katta gap. Keyingi yillardan esa yanada ko‘proq gol urishni va to‘purarlikka harakat qilishni boshlayman.



Fikrlar