Sayfiddin Ermatov: "Ravshan hakamlik faoliyatini yakunlagani yo‘q"

  • 26 iyun, 2019, 21:05
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ravshan Ermatov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti lavozimida ishga kirishganidan keyin asta-sekin o‘zgarishlarni amalga oshirishni boshladi. Lekin bunday mashaqqatli yo‘lda unga oson bo‘lmasligi turgan gap. Lekin u futbol odami va bunday paytda nima qilish kerakligini biladi. Ustiga-ustak, uning dadasi Sayfiddin Ermatov ham yurtimizda taniqli nazoratchilardan biri sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Kuni kecha Sayfiddin aka bilan Ravshan Ermatov haqida gaplashdik.

Tecno

- O‘g‘lingizing O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti etib tayinlanganiga qanday munosabat bildirdingiz?

- Avvalo, rahbarlarimizning ishonchi tufayli u shu lavozimda ishga kirishdi. Ravshanga bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildiramiz. Bu juda katta mas’uliyatli vazifa hisoblanadi. Albatta, ota sifatida o‘g‘limga bildirilgan bunday katta ishonch tufayli hukumatimizga minnatdorchilik bildiraman. O‘zbek futbolini yuksaltirishda hammamiz birlashgan holda ishlashimiz kerak. Bilaman, futbolimizda hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Shu bois Ravshan ham astoydil eng shimarib ishga kirishgan. Bu vaziyatda esa uni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Sport vaziri bilan birgalikda joylardagi futbol maktablariga borib, u erdagi ahvol bilan tanishib chiqishyapti. Tabiiyki, sharoitlar yaxshi emas. Shuning uchun bu masala bo‘yicha ham qilinadigan ishlar talaygina.

- Albatta, Ravshan Ermatov endi jiddiy vazifada ishga kirishdi. Bunday paytda ota sifatida o‘g‘lingizga qanday maslahatlar beryasiz?

- Albatta, u mendan hamisha yo‘l-yo‘riq va  maslahatlar so‘rab turadi. O‘zi shundoq ham men unga o‘zim bilgan va qilinishi kerak bo‘lgan ishlar yuzasidan maslahatlar berib turaman. Agar nimadir esimga tushsa, darhol Ravshanga qo‘ng‘iroq qilib aytaman. Shuning uchun doim unga yon daftarcha bilan ruchka yoningda bo‘lsin deb aytaman. Negaki, men yoki boshqasi unga qandaydir taklif va maslahatlar aytsa darhol yozib oladi. To‘g‘risi, oldinda qilinadigan ishlar ko‘p. Ravshan ishga soat 8 da boradi va uyga kech 1 yoki 2 da qaytadi. O‘zi ham qilinishi kerak bo‘lgan masalalar yuzasidan jiddiy ishlar olib boryapti. Hammamiz futbolimizning ravnaqi yo‘lida ishlayapmiz va bu borada bir oyoqadan bosh chiqarib ishlasak ko‘zlangan maqsadlarga erisha olamiz.

- Lekin hammani bir masala o‘ylantiryapti: endi Ravshan Ermatovning hakamlik faoliyati nima bo‘ladi? Hamma uni 2022 yili Qatarda bo‘ladigan jahon chempionatida ham ishtirok etib, rekordini yanada yangilashini kutayotgandi…

- Ravshan Qatarda bo‘ladigan jahon chempionati uchun nomzod hakamlar ro‘yxatiga kiritilgan. Tabiiyki, hammamiz ham uning navbatdagi mundialda ishtirok etib, vatanimiz nomini munosib himoya qilgan holda yangi rekordlar o‘rnatishini xohlaymiz. U O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti bo‘lgan bo‘lsa-da, hali hakamlik faoliyatiga yakun yasagani yo‘q. U bu borada OFK rahbariyati bilan gaplashgan. Xudo xohlasa, xalqaro maydonlarda yana yurtimiz sharafini munosib himoya qila oladi. Faqat hozirgi paytda yangi lavozimda bir qator masalalarda ishlarni joy-joyiga qo‘yib olish harakatida bo‘lmoqda. Agar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining prezidenti bo‘lganida unda hakamlik faoliyatini davom ettira olmasligi mumkin edi. Lekin vitse-prezident bo‘lsa-da, hakamlik ishini davom ettira oladi.

- Unday bo‘lsa, Superliga bahslarida o‘zi ham hakamlik qilsa bo‘laveradimi?

- U FIFA hakami va jahon chempionati uchun nomzod hakamlar ro‘yxatiga kiritilgan. Shuning uchun Ravshanga ham amaliyot kerak. Bu borada u oyda bir yoki ikki marta bo‘lsa ham vaqtiga qarab Superliga bahslarida hakamlik qilib turadi. Axir FIFAga o‘z ishi bo‘yicha ham hisobot topshirish kerak-da. O‘ylaymanki, bu borada katta muammo bo‘lmaydi.

- PFL tomonidan o‘yinlar uchun mas’ul shaxslarni tayinlaganida komissarlar masalasi ko‘pchilikda e’tirozlar uyg‘otmoqda. Ya’ni, mutaxassis kadrlarning etishmasligi yuzasidan muammoli savollar bo‘lmoqda. Bunga nima degan bo‘lardingiz?

- Xabaringiz bor, PFLda bosh direktor o‘zgardi. Endi Davron Shoqurbonov bu lavozimda ishga kirishdi. Uni yaxshi bilaman, o‘z vaqtida hakam bo‘lgan va bu sohani juda yaxshi tushunadi. Uning rahmatli dadasi ham hakam sifatida faoliyat olib borgan. Siz aytgan masala bo‘yicha ham hammasi asta-sekin o‘z iziga tushadi. Shoqurbonov futbolni yaxshi tushunadi va nima qilish kerakligini biladi.

- Umuman olganda, futbolimizdagi asosiy muammo nimada deb o‘ylaysiz?

- Nima desam ekan? Bizning asosiy maqsadimiz nima ekanligini hamma yaxshi bilsa kerak. O‘zbekiston milliy terma jamoasini jahon chempionatiga olib chiqish va olimpiya terma jamoamizni Olimpiada musobaqasida ko‘rish. Bu bizning orzuimiz va shunga erishish yo‘lida harakat qilyapmiz. Ikkala terma jamoamizda esa xorijlik mutaxassislar ishlashyapti. Masalan, olimpiya terma jamoamizning Andijon hamda Namanganda Misrga qarshi o‘tkazgan o‘rtoqlik uchrashuvlarini ko‘rdim. Jamoamiz o‘yinida o‘sish bor va bu ko‘zga tashlanib turibdi. Bungacha esa ushbu jamoamiz Ravshan Haydarov boshchiligida Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan. Demoqchimanki, o‘zimizda ham munosib kadrlar bor. Shunday ekan, Haydarov hozirgi olimpiya terma jamoamizning murabbiylar shtabidan joy olgan holda bosh murabbiyga yaqindan yordam berayotganini ijobiy baholayman. Milliy termada esa Ektor Kuperning murabbiylar shtabidan ham shunga o‘xshash o‘zimizning tajribali mutaxassislardan biri joy olishini va u Kuperga futbolimiz bo‘yicha yaqindan yordam berishini istardim. Chunki o‘zimizdagi murabbiylar o‘yinchilarimizni yaxshiroq bilishadi va ular etarlicha ma’lumotlar bera olishadi. Yana shuni ham aytmoqchimanki, ilgari Mirabror Usmonov rahbarlik qilgan davrda o‘smirlar va yoshlar terma jamoalarimiz jahon chempionatlarida ishtirok etishardi. Lekin keyinchalik bu borada uzilish bo‘ldi. Natijada terma jamoalarimiz Osiyo chempionatlaridan nariga o‘ta olishmayapti. Bu ham muammolarimizdan biriga aylandi. Shuning uchun tizimni yanada yaxshilash va istiqbolli yo‘nalishlar asosida ish olib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Albatta, oldingi rahbarlarni yomonlamoqchi emasman. Ammo xalqimizda chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin degan gap bor.

- Hakamlik masalasida gap ketganda, Ravshan Ermatovning o‘rnini kim bosa oladi deb o‘ylaysiz?

- Bizda etishib chiqayotgan yosh hakamlar orasida iqtidorlilari bor. Ikki-uch nafar hakamlarimiz bu borada o‘zlarini yaxshi tomondan ko‘rsatib kelishmoqda. Ammo hozircha ularning nomlarini aytmay turganim yaxshi. Muhimi, hakamlik ishi ham to‘g‘ri yo‘ldan ketmoqda va bu borada o‘sish sezilib turibdi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!