
Saudiyaliklar Evropa grandlari talashayotgan yulduzni ilib ketadi
Transfer huquqi “Napoli”ga tegishli bo‘lgan Viktor Osimxen yozgi transferlar vaqtida o‘ziga yangi ish joyi tanlashiga to‘g‘ri keladi.
Nigeriyalik to‘purar mavsumni ijara asosida Turkiya chempionatida o‘tkazmoqda. “Galatasaroy”da to‘p tepayotgan futbolchini Evropaning bir necha qudratli klublari o‘z safida ko‘rmoqchi.
Sabah nashrining yozishicha, Osimxen evropaliklarga nasib qilmasligi mumkin. Neymar bilan xayrlashgan “Al-Hilol” o‘z tarkibiga yana bir mashhur to‘purar qo‘shib olishni maqsad qilgan va aynan Viktor Osimxenga ko‘z tikmoqda.
Saudiyaliklar 26 yoshli o‘yinchi transferi bo‘yicha muzokara boshladi. Shayxlar o‘z maqsadini amalga oshirish uchun “Napoli”ga 75 million evro to‘lashga tayyor.
“Napoli” rahbariyatining Osimxen bilan munosabati buzilgan. Shu bois, italiyaliklar uni tezroq sotib, to‘liq qutilmoqchi.
Joriy mavsumda Osimxen barcha turnirlarda 29 marta maydonga tushib, raqiblar darvozasini 23 marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga beshta golli pas uzatdi.
Fikrlar