
Sanjar Shoahmedov: Kuper Malayziya chempionatini kuzatadi deb o‘ylayman
Malayziya chempionatida to‘p surib barchaning olqishiga sazovor bo‘lgan Sanjar Shoahmedov chin ma’noda «Terenganu» jamoasining eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘ldi. Hamyurtimiz o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlagan holda muxlislarning ishonchini qozona oldi. Ahamiyatlisi, o‘zbekistonlik yarim himoyachi o‘z jamoasi tarkibida bir-biridan chiroyli gollarni kiritish borasida boshqalarga namuna bo‘la oldi. Uning chiroyli gollari esa ijtimoiy tarmoqlarda rosa «aylandi» va barchaning e’tiborini torta oldi.
- Sanjar, oxirgi paytlarda sizni «Terenganu» safida bir-biridan chiroyli gollar urayotganingizni ijtimoiy tarmoqlar orqali videolarda ko‘ryapmiz. Ayting-chi, bularga qanday erishyapsiz yoki u erda chiroyli gollarni kiritish osonmi?
- To‘g‘ri, oxirgi paytlarda «Terenganu» safida ketma-ket gollar uryapman. Lekin bu erda futbol o‘ynash ham, gollar urish ham oson ish emas. Har tomonlama qiyin. Ayniqsa, Malayziya chempionatida jismoniy tomondan yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lishingiz kerak. Malayziya futbolini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Bu erda odamlar futbolga juda ishqiboz va stadionlarda minglab tomoshabinlarni ko‘rish mumkin. Shuning uchun bu erda o‘ynash hamma o‘ylagandek engil emas, aksincha og‘ir. Ikkilanmasdan ayta olamanki, Malayziya futbolining saviyasi ancha ko‘tarilgan. Shu bilan birga u erda gol urish ham siz o‘ylagandek oson emas. O‘yin davomida menda gol urish uchun vaziyatlar bo‘lyapti va bulardan unumli foydalanyapman. Shuning uchun ham gollar uryapman.
- Kiritayotgan chiroyli gollaringiz tufayli u erda sizning reytiningiz oshib bormoqda va bu sizning tashrif qozog‘ingizga ham aylanmoqda. Shunday ekan, sizga xaridorlar ham ko‘payib boryaptimi?
- Ha, to‘g‘ri, urayotgan gollarim chiroyli chiqyapti. Bu bilan shasxiy statistikadagi ko‘rsatkichlarim ham yaxshilanib bormoqda. Baribir bunday o‘yinlar va ko‘rsatkichlarni murabbiylar hamda rahbarlar, shuningdek, boshqa klub vakillari ham ko‘rib turishadi. Keyingi faoliyatim haqidagi masala noyabr va dekabr oylarida hal bo‘ladi. Malayziyada esa ichki chempionat endi tugadi. Shu bois barcha klublar keyingi rejalarini tuzib chiqishadi. Nasib qilsa, menga ham xaridorlar ko‘payib qoladi.
- E’tiborlisi, Malayziyaga ko‘chib o‘tganingizdan keyin o‘yiningizda ham o‘zgarishlar bo‘lyapti va futbolni juda nozik did bilan o‘ynayotgandek taassurot qoldiryapsiz. Shuning evaziga ham sizning gollaringiz juda nafis va did bilan urilyapti. Qiziq, sizni u erda nima o‘zgartirdi?
- «Lokomotiv» jamoasida o‘ynab yurgan paytlarimda ham gollar urib yurganman va ularning oralarida chiroylilari ham bo‘lardi. Shu bois bunday yoqimli holatlar men uchun davomli bo‘lyapti. Malayziyada, ayniqsa, «Terenganu» klubida o‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Bu erda yaxshi jamoa tuzilgan. Futbolchilar bilan ham munosabatlarimiz a’lo darajada, bir-birimiz bilan juda ahilmiz. Boya aytib o‘tganimdek, menda har bir uchrashuvda gol urish uchun imkoniyat yuzaga kelyapti va o‘z navbatida men ham bundan samarali foydalana olyapman. Shuning evaziga ham chiroyli, ham ketma-ket gollar urilmoqda. Yuqorida aytganimdek, Malayziya chempionati tugadi, kuni-kecha oxirgi o‘yinimizni o‘tkazdik.
- Sizdan aynan shu haqida so‘ramoqchi edim. Oxirgi turda etakchiga qarshi o‘yinda 3:1 hisobidagi mag‘lubiyatni 3:3 ga aylantirdinglar. Buni qanday uddaladinglar?
- Ha, oxirgi turda chempionat etakchisi «Joxor Da’rul Tazim» jamoasiga qarshi o‘ynadik. Kuchli klub, shunga yarasha, ushbu jamoaning legionerlari ham kuchli va qimmat o‘yinchilar. Tabiiyki, ularning saviyalari ham baland. Xabaringiz bo‘lsa, yaqinda ushbu jamoaga mega yulduzlar kelib ketishdi. Rivaldo, Davids va yana ko‘plab jahon yulduzlari kelib master-klass o‘tkazib, shouda qatnashishdi. Umuman olganda, etakchi jamoaga qarshi qiyin o‘yinni o‘tkazdik. Bu chempionatdagi oxirgi uchrashuvimiz edi. 3:1 hisobida yutqazayotgan paytimizda oxirida hisobni 3:3 ga tenglashtira oldik.
- O‘zingiz aytganingizdek, Malayziyada mavsum tugadi, endi rejalar qanday? Yoki yana boshqa musobaqa ham bormi?
- Ichki chempionat tugagani bilan hali bu erda butunlay futbol mavsum nihoyasiga etgani yo‘q. Adashmasam, 3 yoki 4 avgustdan Malayziya Kubogi musobaqasi boshlanadi. Bu xuddi o‘zimizning O‘zbekiston Kubogiga o‘xshash turnir. 16 ta jamoa to‘rttadan guruhga ajratiladi. Bu musobaqa oktyabr oyigacha davom etadi. O‘sha oyning oxirida final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Shundan keyin bir, bir yarim oyga ta’tilga chiqib ketamiz.
- Adashmasam, siz mavsum davomida «Terenganu» safida 8 ta gol urdingiz. Bu borada ancha salmoqli natija ko‘rsatdingiz deyish mumkin. O‘zbekiston chempionatida ham shaxsiy natijalaringiz chakki emasdi. Statistikaga qiziqib turasizmi?
- 2015 yili «Lokomotiv» safida 13 yoki 14 ta gol urgandim. Albatta, statistikalarga qiziqib turaman. Oldingi yili ham 5-6 ta gol urganman. To‘g‘ri, bu yil «Terenganu»da 8 ta gol urdim.
- Umuman olganda, «Terenganu» o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani qanchalik bajara oldi?
- Klubning vazifasi 5-6 – o‘rinlardan birini egallash edi. Chempionatda esa 6-o‘rinni egalladik. Lekin menimcha, eng asosiysi, chempionatda jon saqlab qolish edi. Nimaga deganda, Malayziya Superligasida o‘ynash juda ham qiyin. Turnir jadvalini ko‘rib chiqsangiz, 1-o‘rindan 7-8 – o‘rinlargacha bo‘lgan klublarning orasidagi ochkolar farqi u qadar katta emas, ko‘p bilan 3-4 ochko farqi bor. Shuning uchun ko‘plab klublar bu erda asosan Superligada jon saqlab qolish uchun ham kurash olib borishadi.
- Sobiq klubingiz «Lokomotiv»ni kuzatib borayotgandirsiz. Samvel Babayan kelgach, nimadir o‘zgaradi deb o‘ylaysizmi? Umuman, imkoniyatlarini qanday baholay olasiz?
- Albatta, sobiq jamoamni kuzatib boraman va barcha uchrashuvlari va natijalarini ko‘rib turaman. To‘g‘ri, birinchi davradan keyin u erda murabbiy o‘zgardi. Har bir murabbiyning o‘ziga yarasha falsafasi, rejasi bor. Nimanidir o‘zgartiradi, nimanidir o‘zgartirmaydi. Hammasi murabbiyning o‘ziga bog‘liq. Qani ko‘ramiz, ikkinchi davrada «Lokomotiv»da nimalar o‘zgarib, nimalar o‘zgarmaydi? Albatta, Samvel Babayan ham «Lokomotiv»ga yaxshi maqsadlar bilan kelgan. Lekin hali «Lokomotiv» chempionlik uchun kurashdan chetga chiqqani yo‘q. Ularda ham imkoniyat bor. «Paxtakor» bilan u qadar katta farq ajratib turayotgani yo‘q. Aytmoqchimanki, «Lokomotiv»da ham chempionlik uchun kurashda imkoniyati bor.
- Milliy terma jamoamizning JCh-2022 saralash bosqichidagi guruhi bilan tanishgan bo‘lsangiz kerak, bu borada nima deya olasiz?
- Ha, qur’ani ko‘rdim. O‘zingiz ham bilasiz, hozirda Osiyoda oson jamoaning o‘zi yo‘q. Har bir uchrashuv qiyin bo‘ladi. Osiyoda ham milliy terma jamoalar kuchayib borishyapti. Lekin terma jamoamizning keyingi bosqichga yo‘l olishiga ishonaman.
- Ektor Kuper Malayziya chempionatini kuzatib boradi deb o‘ylaysizmi?
- Kuper Malayziya chempionati va uning futbolini kuzatadi deb o‘ylayman. Chunki oxirgi paytlarda Malayziya futboli ancha rivojlangan. Umuman olganda, oxirgi paytlarda barcha mamlakatlarda futbol o‘sib boryapti. Tailand, Vetnam, Qirg‘iziston kabi termalar ham xalqaro maydonlarda yomon natijalar ko‘rsatishmayapti-ku. Buni Osiyo Kubogida ham ko‘rdik.
Fikrlar