Sanjar Quvvatov vodiydagi bir yillik faoliyati, nega "Paxtakor"ni emas "Qizilqum"ni tanlagani xususida

  • 2 yanvar, 11:32
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bo‘lsa kerak, tajribali darvozabon Sanjar Quvvatov “Navbahor”ni tark etib, “Qizilqum” klubi bilan shartnoma imzoladi.

Tecno

Sanjar 2024 yilni “Neftchi”da boshlab “Navbahor”da yakunladi. Avvallari u bir mavsumda ikkita klubni o‘zgartirmasdi.

Kuni kecha “Qizilqum” a’zosiga aylangan posbon Sports.uz uchun intervyu berdi.

- “Qizilqum”ga o‘tdingiz va 2025 yilda faoliyatingizda yangi sahifa ochiladi. Bunday qarorga kelishingiz sababi nima?

- “Menga “Qizilqum”dan taklif tushdi. Jamoadagi do‘stim, yoshlikdan birga katta bo‘lgan Fayzulla Qambarov bilan ham gaplashdim. Ushbu klubning taklifiga rozi bo‘ldim. Yangi jamoada harakat qilamiz.

- Bosh murabbiy Nikola Lazarevich bilan gaplashdingizmi?

- Albatta. Shartnoma imzolashdan avval Lazarevich bilan va “Qizilqum” xodimlari bilan gaplashdim. Jamoaga borganimda hammasi bilan yaqindan tanishib oldim. Bosh murabbiy bilan ham kelishib oldik. Hammasi meni qoniqtirgani uchun taklifga rozi bo‘ldim.

- 2024 yil siz uchun qanday o‘tdi? “Neftchi” va “Navbahor”da faoliyat olib bordingiz...

- To‘g‘risini aytsam, men uchun eng yomon yillardan biri bo‘ldi. Vodiy jamoasida o‘ynash qiyin. Oldimizga qo‘yilgan vazifani bajara olmadik. Shu tomonlama o‘zimdan ham qoniqish hosil qilmadim.

- “Navbahor”dan ketishingizni nima bilan bog‘lagan bo‘lardingiz?

- Barcha etakchi futbolchilar ketishdi. Ular bilan birga o‘ynagandik. Shu bois men ham ketishga qaror qildim. Bu ikki tomonlama kelishuv bilan bo‘ldi. Klub ham yosh futbolchilarga ko‘proq e’tibor qaratadigan bo‘lgani uchun o‘zim ham ketishni xohladim. Shartnomam bo‘lishiga qaramasdan jamoa bilan kelishib, yaxshi munosabatda xayrlashdik.

- Faoliyatingizni “Mash’al”, “Nasaf” va “Paxtakor”da olib borganingizda bir necha mavsumlarni o‘tkazgansiz. Adashmasam, bu yil birinchi marta yilda ikkita klub o‘zgartirdingiz. Mavsumni “Neftchi”da boshlab, “Navbahor”da tugatdingiz. Balki vodiyda o‘zingizni noqulay his qildingizmi?

- To‘g‘risi, bu narsaga to‘xtalishni xohlamayman. O‘ziga yarasha sabablari bor, klub bilan bog‘liq. Jamoani ichki sirlarini ochilishini istamayman.

- Oldingizda yana boshqa variantlar bormidi?

- O‘zimni eski jamoam – “Paxtakor”dan taklif bo‘ldi. O‘sha paytda “Qizilqum” ham telefon qilishni boshladi. Keyin bu jamoa haqida surishtirishga kirishdim. Ignatiy Nesterov, Erkin Boydullaev kabi futbolchilar u erda to‘p surishgan va ulardan so‘rab-surishtirganimda klub va murabbiy haqida iliq gaplarni gapirishdi. Aytganimdek, Fayzulla Qambarov qo‘ng‘iroq qilganida u ham jamoa haqida gapirib berdi. Natijada “Qizilqum”ni tanladim. 

- Nima uchun “Paxtakor”ga qaytishni istamadingiz?

- Chunki ularga legioner darvozabon kelayotgani uchun. Portugaliyalik murabbiy legioner darvozabonni taklif qildi.

- 2025 yildan nima kutyapsiz va qanday maqsadlarni ko‘zlayapsiz?

- Bu yil muxlislar tomonidan juda ko‘p negativlar bo‘ldi. Rostini aytsam, shu narsa ham holatimga qattiq ta’sir qildi. Hozir har bir daqiqamni Instagram, Feysbuk va Telegramsiz o‘tkazyapman. Ijtimoiy tarmoqlardan voz kechmoqchiman. Butun fikru hayolim mashg‘ulot va o‘yin bilan bog‘liq. Har xil izohlarni o‘qimaslikka harakat qilyapman. “Qizilqum”ga o‘tganimni eshitgan yaqinlarim, tanishlarim menga yozishyapti. Lekin o‘zim haqimdagi ushbu xabarni ko‘rmadim. Hech narsaga qaramadim. Chunki bilamanki, o‘sha xabarda albatta izohlarda negativ yozilgan bo‘ladi. O‘zimizda maqol borku, insonlar bor - insonlarning naqshidir, odamlar bor - hayvon undan yaxshidir. Albatta, namanganlik, farg‘onalik va “Paxtakor”dan ham muxlislar qo‘ng‘iroq qilishadi, gaplashib turamiz. Ular qo‘llab-quvvatlab turadilar. Ammo shunday odamlar ham borki, bilib-bilmay har xil gaplarni gapirishadi. O‘zim uchun qaror qildimki, ana shunday insonlarni bilmaganim yaxshi. Aytmoqchi bo‘lganim, ko‘p gapirgandan ko‘ra o‘sha ishni qilish kerak. Biz qaerda bo‘lsak ham qo‘limizdan kelganicha harakat qildik. Chetdan turib gapiradiganlar o‘zlari kelsin va o‘ynashsin. Albatta, bu intervyuim chiqqanidan keyin to‘g‘risi o‘zim o‘qimayman. Chunki har xil negativ holatlar shu darajaga olib keldiki, hattoki, sog‘ligimga ta’sir qilishni boshladi. Biz futbolchimiz va oldimizga qo‘yilgan maqsad – mashg‘ulotlarda va o‘yinlarda bor kuchimiz bilan o‘ynash. Qolgani Allohdan.

- Demak, ijtimoiy tarmoqlardan butunlan voz kechmoqchisiz-a?

- Shunaqa niyatim bor. Har xil negativ yozadiganlarni o‘qimayman, bloklab qo‘yaman. Har bir jamoani haqiqiy muxlislari bor va ular ham yozib turishadi. Bunday sadoqatli ishqibozlar bilan aloqadaligimdan xursandman. Biz o‘yinda xato qildik. Insonligimiz uchun xato qildik. Xato qilmaydigani esa demak u inson emas! Oldimga maqsad qo‘yganman va bundan kechmayman. Kim qancha negativ yozsa yozaversin, butun dunyoga jar soladimi, men bu narsadan uzildim. E’tibor qaratmayman.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Bek
02/01/2025 20:57
Башаренга сике сан тешик тогорани санам узинча вратарсанде урод