
Ruslan Axmedov: "Xorazm"da tajribali o‘yinchilar etarli bo‘lganda, biz uchrashuvga boshqacha yondashgan bo‘lardik"
“Mash’al” – “Xorazm” (1:0) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar murabbiyi Ruslan Axmedov jurnalistlarning savollariga javob berdi.
- Avvalambor, raqibni g‘alaba bilan tabriklayman. "Mash’al" - shakllangan va tartibli jamoa.
Yigitlarga rahmat aytaman. Ular qo‘ldan kelgancha harakat qildi. Qolgan jamoalarga qaraganda bizning tarkibimizda yosh futbolchilar ko‘p. Ular bilan oldimizga katta maqsadlar qo‘yganmiz.
"Mash’al"da ishlagan paytim jamoadagi 5-6 yigitlarga murabbiylik qilganman. O‘yin oldidan muborakliklarni taktik tomondan o‘rganib chiqqandik. Biroq ular baribir kuchli o‘yin namoyish etdi. Umuman olganda, mening sobiq shogirdlarim yaxshi harakat qildi. Qaerda bo‘lmasin, ular namunali o‘yin ko‘rsatsa, men faqat xursand bo‘laman.
Tarkibimizdagi futbolchilarning ko‘pi katta tajribaga ega emas. Shu sababdan, biz o‘yin davomida ehtiyotkor o‘yin ko‘rsatdik. Agar bizda tajribali o‘yinchilar etarli bo‘lganda, biz uchrashuvga boshqacha yondashgan bo‘lardik.
O‘tkazib yuborgan golda himoyachilarning emas, balki darvozabonning ko‘proq aybi bor, desak ham bo‘ladi. Biroq men jamoadan, futbolchilardan shikoyat qilmoqchi emasman. Ular berilgan topshiriq asosida harakat qildi. Bu futbol. Unda kimdir yutadi, yana kimdir yutqizadi.
Kubokdagi raqiblarimiz haqida gapiradigan bo‘lsam, Superliganing ikki jamoasiga qarshi o‘ynash oson bo‘lmaydi. "Lokomotiv" va AGMK Superliganing eng oldi klublaridan biri hisoblanadi. Ammo biz kurashishdan qaytmaymiz. Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin.
"Xorazm" jamoasi o‘z oldiga viloyat futbolini rivojlantirish, Pro-ligada yuqori o‘rinlar uchun kurashish vazifasini qo‘ygan. Superligaga chiqish uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilamiz. Biroq bu biz uchun oson bo‘lmaydi.
Manba: "Xorazm" klub matbuot xizmati.
Fikrlar