
Rossiyadan qaytgan legionerimiz nega "ofsayd"da?
Oxirgi paytlarda Superliganing omadsiz klublaridan biriga aylanib qolgan “Metallurg” tobora pastga sho‘ng‘ishda davom etyapti. Faqat birinchi davrada to‘plagan ochkolari evaziga hali autsayderlar orasiga tushib qolgani yo‘q. Ammo yaqin turibdi.
Agar tarkib kerakli darajada shakllangan emas deyilsa, u holda futbolchilarning nomlariga qarang. Yaxshi saviyadagi o‘yinchilar jamlangan, to‘g‘rimi? Lekin jamoadagi barcha o‘yinchilardan foydalanilyaptimi, degan savol ham bor.
Yozgi transfer oynasi ochilgan mahalda “Metallurg” ham ayrim o‘yinchilarni o‘z safiga qo‘shib oldi. Ularning orasida Rossiyada o‘ynab kelgan legionerimiz Bobur Davlatov ham bor edi. Iqtidorli o‘yinchi, bir necha mavsum birinchi divizionda “Nefteximik” klubida faoliyat olib bordi. Futbolchi Sports.uz muxbiriga avvalo u erdan nima sababdan ketganini ma’lum qildi.
- Nima desam bo‘ladi, men “Nefteximik”da unchalik o‘ynaganim ham yo‘q. Ikkita bellashuvda qatnashdim, unda ham maydonda to‘liq to‘p surmadim. Ayniqsa, ikkinchi davrada Novikov bosh murabbiy bo‘lib kelganidan keyin imkoniyat bermadi. U erda legioner bo‘lib o‘ynamay yurganimdan ko‘ra, O‘zbekistonga qaytganim men uchun ma’qul edi. Shunday qilib, yana yurtimizga qaytishga qaror qildim.
Davlatov O‘zbekistonga qaytgach, faoliyatini qaysi klubda davom ettirishi ko‘pchilikni qiziqtirgani rost. Uning “Metallurg”ni tanlagani bejiz emas. Chunki dadasi Bahodir Davlatov ham ushbu klubda mehnat qilyapti. Bu esa Boburning mazkur jamoaga o‘tishida asosiy sabablardan birimi? Futbolchi shunday dedi:
- Rossiyadan kelganimdan keyin birinchi bo‘lib “Metallurg” klubi men bilan aloqaga chiqdi. Ularga va’da bergandim va uyimga ham yaqin edi. Qolaversa, dadamni ham ushbu klubda ishlayotgani bu erga o‘tishimning sabablaridan biri bo‘ldi desa ham bo‘ladi. Rosti, Bekobod uyimga yaqin bo‘lgani uchun ham “Metallurg”ni tanladim.
Rossiyadagi legionerimizning “Metallurg”ga o‘tgani yaxshi-yu, biroq yangi klubida hali Superliga doirasidagi o‘yinlarda maydonga tushmayotganiga nima deysiz?! U Rossiyadan kelib "ofsayd"ga tushib qolgandek. Adashmasak, Bobur faqat “Bunyodkor” bilan o‘yinda zaxira o‘rindig‘ida o‘tirdi, qolgan o‘yinlarda u hatto 18 talik ro‘yxatda ham yo‘q! Bu holatga futbolchining munosabatini eshiting:
- To‘g‘ri aytyapsiz, “Bunyodkor”ga qarshi uchrashuvda zaxirada edim. Hozircha faqat O‘zbekiston Kubogida “Nasaf”ga qarshi 60-65 daqiqa o‘ynadim. Chempionatda hali maydonga tushganim yo‘q. O‘zim ham “Metallurg”dagi debyutimni kutyapman. Nimaga o‘ynamayotganimni bilmayman. Buni bosh murabbiy biladi. Natijaga u javobgar. Bizning vazifamiz mashg‘ulotda ishlash va kutish. Agar maydonga tushirsa qo‘limizdan kelganicha o‘ynaymiz, qo‘ymasa nima ham qila olamiz?!
Uning gapida jon bor, axir natijaga bosh murabbiy javob beradi-da. Shunga qarab u o‘zi istagan o‘yinchilarni maydonga tushiradi. Qiziq, futbolchi bilan murabbiy o‘rtasidan “qora mushuk” o‘tdimi? Yoki Bobur Davlatovning jarohati bormi?
- Jasur aka Abduraimov bilan munosabatimizga kelsak, hammasi ishchi ruhida. Xudoga shukr, jarohatim yo‘q, soppa-sog‘man. Hammasini bosh murabbiy hal qiladi, kim tayyor bo‘lsa, o‘shalarni o‘ynatadi. Yana takrorlayman: natijaga u javob beradi. Jamoadagi muhit yaxshi. Futbolchilar bilan har bir uchrashuvda g‘alaba uchun kurashyapmiz. Harakat qilyapmiz-u, ammo natija bo‘lmayapti, - dedi futbolchi.
Shu bilan birga jamoaning yangi a’zosidan aslida “Metallurg”ning tinmay yutqazayotgani haqida ham so‘radik. Shu bilan birga tarkibda raqobat qay darajada ekanligi bilan ham qiziqib ko‘rdik.
- Jamoamizda kamchiliklar yo‘q. Nimaga yutqazayotganimizga o‘zim ham hayronman. Yigitlar harakat qilyapti, ammo natija o‘xshamayapti. Bitta yutib olsak, ishlarimiz ham yurishib ketsa kerak, deb o‘ylayman. Navbatdagi o‘yinni “Paxtakor”ga qarshi o‘tkazamiz.
“Metallurg”da raqobat bor, yo‘q emas. Har bir futbolchi o‘z kuchiga ishonadi, shular qatori men ham kuchimga to‘liq ishonaman. Maydonga tushirsa o‘ynayman, kuchim etadi, yordam bera olaman. Barchasini bosh murabbiy hal qiladi. Balki qaysidir jihatim uni qoniqtirmayotgandir. Bu vaziyatga professionallarcha yondashaman. Xafa bo‘lmayman, o‘z ustimda ishlashda davom etaman.
Tarkibimiz yaxshi. Aslida biz yuqori o‘rinlardan birida bo‘lishimiz kerak. Balki bizga omad ham etishmayotgandir. Oldimizda 10 ta tur bor. Boya aytdim, bitta yutib olsak, g‘alabali o‘yinlarni davom ettiramiz. “Metallurg” jamoasiga kelib adashdim deb o‘ylamayman, - deb fikr bildirdi, Bobur Davlatov.
Fikrlar