
Rossiya klubi o‘zbek legioneri ketganini rasman e’lon qildi. Yana bir jamoa qidiradi!
Rossiya milliy futbol ligasidagi legionerlarimiz bittaga kamaydi. Ma’lumki, ushbu ligada Vagiz Galiulin va Bobur Davlatov “Nefteximik”, Vitaliy Denisov “Tom” sharafini himoya qilayotgan edi.
“Nefteximik” klubi matbuot xizmati 25 yoshli yarim himoyachi Bobur Davlatov klubni tark etganini rasman ma’lum qildi.
- Boburni jamoamizga bag‘ishlagan vaqti uchun minnatdorlik bildiramiz va kelgusi faoliyatida omad tilaymiz, - deyiladi “Nefteximik” bayonotida.
Bobur Davlatov bu jamoa tarkibida ikki marta to‘p tepgan. 2016-2017 va 2020-2021 yilgi mavsumlarda nijnekamskliklar jamoasida jami 20 ta o‘yin o‘tkazib, bitta golli pas oshirdi. Iste’dodli futbolchimiz keyingi paytda asosiy tarkibga kirishga qiynalayotgan edi.
“Nefteximik” sardori va etakchisi Vagiz Galiulin esa mavsumda ancha faol o‘ynadi. U chempionatda jami 31 ta uchrashuvda maydonga tushib, to‘rtta gol urishga erishdi.
Tajribali himoyachi Vitaliy Denisov ham “Tom”ni tark etishi kutilmoqda. Hamyurtimiz tomskliklar bilan mavsum oxiriga qadar shartnoma imzolagan edi. “Tom” quyi ligaga ravona bo‘lganin inobatga olsak, Vitaliy Denisov yozda o‘ziga yangi jamoa qidiradi.
Denisov joriy mavsumda “Tom” tarkibida 23 ta uchrashuvda maydonga tushdi va jamoa etakchi futbolchisi sifatida e’tibor qozondi.
Fikrlar