"Roland Garros". Bugungi kun natijalari bilan tanishing!

  • 4 oktabr, 2020, 01:23
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Tennis
BEPUL PROPAN

"Katta dubulg‘a" turkumiga kiruvchi navbatdagi musobaqa hisoblanadigan "Roland Garros" turnirida 3-bosqich bahslari yakunlandi.

Turnirning asosiy favoriti Novak Jokovich bu bosqichdan ham ancha oson o‘tdi. Kolumbiyalik Daniel-Elai Galanga qarshi kortga chiqqan serbiyalik tennischi 3 setda bahs masalasini hal qildi. Yakuniy hisob: 6:0, 6:3, 6:2.

Yana bir saralangan raketka ustasi Stefanos Tsitsipas ham xuddi Jokovich kabi 3 setda, oson g‘alabaga erishdi. Qizig‘i, Tsitsipas sloveniyalik Alyaj Bedenega atigi 4 geymni boy berdi. O‘yin davomida 10 ta eys amalga oshirib, birorta qo‘shxatoga yo‘l qo‘ymagan yunon sportchisi 6:1, 6:2, 6:1 hisobida zafar quchdi.

Shuningdek, rossiyalik tennischi Andrey Rublyov ham nisbatan oson zafar quchdi. JAR sharafini himoya qiluvchi Kevin Anderson bilan kuch sinashgan Rublyov ham 3 setda bahs masalasiga oydinlik kiritdi. Rossiyalik raqibiga 6:3, 6:2, 6:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan Anderson esa, sovrinsiz ortga qaytishga majbur bo‘ldi.

Saralangan tennischilar kurashida yana bir rus sportchisi Karen Xachanov g‘alabaga erishdi. Yuqorida sanab o‘tilgan raketka ustalaridan farqli ravishda, Karen 4-bosqichga biroz qiyinchilik bilan yo‘l oldi. Chililik Kristian Garin bilan o‘zaro munosabatlarga oydinlik kiritib olgan Xachanov dastlabki setni o‘z nomiga yozdirdi. Keyingi setda raqibi qarshiligini sindira olmagan bo‘lsa-da, qolgan setlarda ustunlik namoyish etib, o‘z yurishini davom ettirish huquqini qo‘lga kiritdi.

Va albatta, "Roland Garros-2020"da o‘rganib qolganimizdek, bosh sovrin uchun kurash olib borishi taxmin qilingan yana bir tennischi o‘z yurishini erta to‘xtatdi. 7-tartib raqam ostida saralangan Matteo Berrettini nemis raketka ustasi Daniel Altmayer to‘sig‘idan o‘ta olmadi. O‘yin davomida ko‘proq eys ijro etgan, kamroq qo‘shxatoga yo‘l qo‘ygan Berrettini yakunda raketkalarini g‘ilofiga joylashga majbur bo‘ldi. O‘yin germaniyalik tennischining 6:2, 7:6 (7:5), 6:4 hisobidagi g‘alabasi bilan tugadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!