
Repetitsiya tugadi, hamma katta sahnaga yoxud yangi futbol mavsumini sog‘indingizmi?
Odatda yurtimizda mart oyi boshlanishi bilanoq bahor fasli ham kirib kelishi fonida yangi futbol mavsumi ham eshik qoqib keladi. Shuning uchun futbol muxlislari fevral oyidan keyin mart boshlanishi bilanoq o‘zi bilan futbol bahorini olib kelganini yoqimli tarzda his qiladilar.
Bugun 1 mart. O‘zbekiston mezbonligida U-20 Osiyo chempionatiga start beriladi. Aynan bugun terma jamoamiz Suriyaga qarshi maydonga tushadi. 3 mart sanasidan esa Superliga karvoni yo‘lga tushadi. Ishonch bilan ayta olamizki, hozirda ashaddiy muxlislar ko‘tarinki kayfiyatdalar. Katta futbolni sog‘inganlar esa ta’bir joiz bo‘lsa kun sanab o‘tiribdilar.
Baribir birinchi navbatdagi e’tiborimiz terma jamoamizga qaratiladi. Chunki o‘zimiz mezbonlik qilayotgan Osiyo chempionatiga qiziqish katta. Axir o‘rtaga mundial chiptasi tikilgan. Ravshan Haydarov boshchiligidagi terma jamoamizdan Indoneziyada o‘tadigan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga ishonch bildiramiz. Boisi, barcha harakatlar shunga qaratilgan. Vakillarimiz ushbu qit’a birinchiligiga ancha vaqt tayyorgarlik ko‘rdi. Ko‘plab o‘rtoqlik o‘yinlarida ishtirok etildi. Bu orada tarkib shakllantirildi. Bu yog‘i endi sarlavhadagi gap: repetitsiya tugadi, hamma katta sahnaga! Ya’ni, terma jamoamiz tayyorgarlikni tugatib, endi rasmiy uchrashuvlarda o‘zini ko‘rsatish fursati keldi. Bosh murabbiy Ravshan Haydarov ham maqsad haqida aniq va dangal gapirib o‘tdi.
Bu yoqda esa Superliga ham kutib turibdi. Mart oyida mamlakatimizda futbol bahori esib yuradi. Klublarimiz ham 2,5 oy davomida yangi mavsum uchun astoydil tayyorgarlik olib bordilar. Hattoki, yanvar va fevral oylaridagi yig‘inni Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazganlar ham bo‘ldi. Yaxshi bilsangiz kerak, Superliganing 14 ta klubidan naqd 13 tasi Antaliyaga borib keldi. Birgina “Metallurg” qoldi va tayyorgarlikni o‘zimizda davom ettirdi. Bir qator jamoalar ikki bosqichli xorij yig‘inlarini tashkillashtirdilar. Shunga yarasha rahbariyat va muxlislar jamoadan natija kutadi, bu shubhasiz.
Ochig‘i, 2023 yil juda va juda qiziqarli va intrigalarga boy o‘tishi kutilyapti. Bunday paytda birinchi navbatda chempionlik uchun kurashadigan klublar tilga olinadi. “Paxtakor” doimgidek chempionlik kamarini himoya qilish uchun kurashadi. “Navbahor” esa bu yil nihoyat “Paxtakor”dan chempionlikni tortib olish uchun yana bir bor qattiq kurashib ko‘radi. Kuni kecha Oston O‘runovning Sports.uz saytiga bergan intervyusida “Navbahor” bilan chempion bo‘lamiz, bundan boshqa ilojimiz ham yo‘q, deya dadil gap aytdi. Bu borada “Navbahor” doim alohida mavzu bo‘lib kelgan. Bir so‘z bilan aytganda, namanganliklar shubhasiz chempionat favoritlaridan biri va tabiiyki, bu ro‘yxatda “Nasaf” ham bor. Bu tomonda Mirjalol Qosimov boshchiligidagi OKMKni ham unutib qo‘ymaslik kerak.
Yangi mavsumda syurpriz ko‘rsatadigan klublar bo‘ladimi? Bizningcha ha. Rosti, boshqa jamoalar teng kuchli va teng saviyali. Shuni nazarda tutadigan bo‘lsak, har qanday klubdan syurpriz kutishimiz mumkin. Darvoqe, hozircha autsayderlar xususida fikr bildirishdan tiyilib turamiz. Chunki mavsum arafasida darrov Superligada qolish uchun kurashadigan klublarni muhokama qilsak, bu ularga nisbatan hurmatsizlik bo‘ladi va podadan oldin chang chiqarmaslikni lozim topdik. Balki o‘sha siz bilan biz nazarda tutgan klub aks natijalar ko‘rsatib, hammani hayron qoldirishi ham hech gap emas. Shu sababli keling, chempionat starti avvalida hech kim haqida salbiy yoki ishonchsizlik ruhidagi fikrlarni aytmay turamiz.
Yana bir bor sarlavhadagi so‘zlarni qo‘llaymiz: repetitsiya tugadi, hamma katta sahnaga! Bu bejizga aytilmaydi. Klublarimiz qishda tayyorgarlik ko‘rishdi va buni repetitsiyaga qiyoslasak o‘rinli. Vaqt keldi va ana endi hamma katta sahnaga. Barcha tushunib turgandek, katta sahna bu futbol maydoni. Aktyorlar (futbolchilar) esa tomoshabinlar mehrini qozonish uchun bor mahoratini ishga solishadi.
Umid qilamizki, siz bilan bizni oldinda turgan katta futbol mavsumida bir-biridan qiziqarli va ajoyib sarguzashtlar kutmoqda.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar