
"Real"ning xavotirli g‘alabasi, klub mavsum debyutantidan bir soat davomida ortda bordi
"Real" La Liganing 1-turida "Almeriya"ga safar qilib, 2:1 hisobida qiyinchilik bilan g‘alaba qozondi.
6-daiqadayoq mezbonlar hujumchisi Largi Ramazani to‘pni jarima maydoni ichida qabul qilib, darvozaning chap burchagini aniq nishonga oldi. Madridliklardan Benzemaning pasidan so‘ng Lukas Vaskes va jarima zarbasidan Alaba gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
"U shu maqsadda maydonga tushganga o‘xshaydi. David "Real"ning yosh futbolchilari uchun etakchiga aylandi", - deya Fede avstriyalik jamoadoshini e’tirof etdi.
"Qirollik klubi" ilk 45 daqiqalikda shunchalik ko‘p hujum qildi-ki, bir taymda burchak to‘pini amalga oshirish borasida klub rekordini o‘rnatdi – 12 ta. Bungacha eng yaxshi natija 11 yil avval "Levante"ga qarshi bahsda 11 ta bo‘lgan.
Madridliklar darvozaga raqibdan deyarli uch baravar ko‘proq zarba berdi (29-10). Birinchi bo‘limda bu ko‘rsatkich yanada qo‘rqinchiliroq edi (17-2). "Almeriya" asosan zarbalarini ikkinchi gol o‘tkazib yuborilganidan keyin yo‘lladi (8-10).
"Real" g‘alaba qozondi, biroq etakchilikni qo‘lga olmadi: to‘plar nisbatiga ko‘ra, "Vilyarreal" ("Valyadolid" ustidan 3:0 hisobidagi g‘alaba evaziga) peshqadamlik qilmoqda.
• Ramazanining goli "Real" uchun so‘nggi 15 yillikdagi birinchi turda o‘tkazib yuborilgan eng tezkor gol bo‘ldi. Bungacha 2007 yilda Serxio Aguero 59-soniyada Iker Kasilyas darvozasini ishg‘ol qilgandi.
• Luka Modrich "qaymoqranglilar" safidagi o‘yinlari soni bo‘yicha Krishtianu Ronalduga etib oldi. Endi ikki afsona hisobida 438 ta o‘yin mavjud.
• "Real" qatorasiga 14-mavsumdan buyon La Liganing dastlabki turida yutqazmayapti. Rekord ham aynan madridliklarga tegishli – 1961-76 yillar oralig‘ida ketma-ket 16 mavsum.
• Lukas Vaskes gol urgan o‘yinlarda "Real" yutqazmaydi. Hozirgacha bunday uchrashuvlar soni 29 ta (25 ta g‘alaba, 4 ta durang).
• Alabaning to‘pga birinchi teginishi gol bilan yakunlandi. David ketma-ket ikkita bahsda g‘alaba golini urdi. Avvalroq, uning goli "Real"ga Superkubokni yutishga yordam bergandi.
Karlo Anchelotti shogirdlari navbatdagi ikki turni safarda "Selta" va "Espanol"ga qarshi o‘tkazadi. Klub 4-turga kelib, "Betis"ga qarshi bahsda o‘z uyida harakat qiladi.
Dastlabki 3 tur mehmonda o‘tkazilishining sababi ayni damda "Santyago Bernabeu"da tamirlash ishlari ketmoqda. Rejaga ko‘ra, sentyabr oyi boshlarida barcha ichki ishlar yakunlanadi va dekabr oyigacha stadionning tashqi ishlari bilan shug‘illaniladi.
Uchrashuvdan so‘ng madridliklar bosh murabbiyi Karlo Anchelotti o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Biz o‘yinni yomon boshladik. Hujumda yangilik qilishimiz kerak edi. Raqib himoyada juda yopiq o‘ynadi. Ikkinchi bo‘limda mezbonlar charchab qoldi. Biz o‘yinni nazorat qildik va ko‘p imkoniyatlarga ega bo‘ldik.
Jarima zarbasini Benzema yoki Kroos amalga oshirishi kerak edi. Biroq Alaba zarba berishni istayotganini aytdi va ajoyib gol urdi.
Ryudiger yaxshi o‘ynadi, uning tajribasi bizga ko‘p yordam berishi aniq. Shuningdek, yoshlarning o‘yiniga ham e’tibor qaratdim. Ularga bunday hissiyotli bahsda ishtirok etish bosim o‘tkazdi. Ammo bu normal holat", - dedi italiyalik mutaxassis.
Fikrlar