
“Real”dagilarning “tomi” ketib qolgan!
La Liga prezidenti Xaver Tebas “Real” rahbariyatining “Espanol” bilan o‘yindan keyin Ispaniya Qirolligi futbol federatsiyaga shikoyat arizasi yuborganiga keskin munosabat bildirdi.
Arizada “Qirollik klubi” mutasaddilari mamlakatda hakamlik tizimini to‘liq yangilashni talab qilgan.
- “Real” musobaqaga ziyon etkazmoqchi. Bu galgi shikoyat arizasi ham shunday dalolat beryapti. Ular o‘zlarini qurbon sifatida ko‘rsatyapti. Bu esa, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Xususan, surishtiruv davom etayotgan “Negreyra ishi”ni ham “Real”dagilar noto‘g‘ri talqin qilmoqda.
Negreyra hakamlarning mavqeini oshirish yoki tushirishga ta’sir ko‘rsatgani isbotlangan, lekin uning hakamlarga pul to‘lagani aniqlangani yo‘q. “Real” esa, qurbon bo‘lganini ta’kidlashdan to‘xtamayapti.
Menicha, ularning maqsadi La Ligaga ziyon etkazishdan iborat. Chunki ular bergan arizada musobaqa boshidan oxirigacha noxolis ekani iddao qilinayotganini tushunish mumkin. Ularning “tomi” ketib qolibdi, - dedi Xaver Tebas.
Fikrlar