
"Raqib kamchilikda qolgach, oradagi farq yaqqol bilindi" yoxud Vadim Abramov jamoasi sensatsiyaga yo‘l qo‘ymadi
O‘zbekiston Kubogining 1/8 finali doirasidagi ilk bellashuv Samarqandda o‘tkazildi. Unda maydon egalari - "Dinamo" klubi birinchi liga ishtirokchisi - guruhda shov-shuv ko‘targan holda "Andijon" hamda "Surxon"ni mag‘lub etib, keyingi bosqich masalasini hal qilgan Qarshining "Lochin" jamoasiga qarshi bahs olib bordi.
Bu safar "Lochin"dan sensatsion natija ko‘rmadik va Vadim Abramov jamoasi raqibini ortiqcha qiyinchiliksiz taslim qildi - 5:0.
"Dinamo" matbuot xizmati uchrashuvdan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Vadim Abramovning matbuot anjumanida bildirgan fikrlarini taqdim qildi.
«Jamoa tezkor gol urishga intildi va natijada o‘yin nisbatan osonroq kechdi. Bugun xotirjamlik bilan g‘alaba qozondik. O‘yindagi tezkor gollar va chetlatish yirik natijaga sabab bo‘ldi. Raqib kamchilikda qolgach, oradagi farq yaqqol bilindi. Shunga qaramay, raqib jamoaning harakatlarini alohida qayd etishim kerak.
Xet-trikka erishgan Mirjahon Mirahmadov va Firdavs Abdurahmonovning o‘yini haqida? Ular o‘z ishlarini qilishdi. Har ikki futbolchi ham hujumchi, gol urish ularning vazifasi. Bu gollardan keyin ularda o‘ziga bo‘lgan ishonch oshishiga umid qilaman, har ikki o‘yinchi uchun ham xursandman.
Ratinoning zaxiraga olingani sariq kartochka bilan bog‘liqmi? Ha, ogohlantirish bilan ham bog‘liq, ammo u birinchi bo‘limdan keyin kichik jarohat bilan harakat qilayotgandi. Oldinda muhim o‘yinlar ham bor.
Chorakfinalda qaysidir raqibni kutamanmi? Yo‘q, qur’a bizga kimni tushirsa o‘sha jamoaga qarshi maydonga tushamiz. Kimnidir yoki qaysidir jamoani kutmayman.
- «Xorazm»ga qarshi o‘yin? Ha, navbatdagi turda «Xorazm» bilan bahs kutib turibdi, raqibni hurmat qilamiz. Endi ushbu o‘yinga tayyorgarlikni boshlaymiz, - dedi Vadim Karlenovich.
Fikrlar