"Qo‘rquv yo‘q" - Bahrom Haydarov "Qizilqum" qanday mag‘lub etilgani va "Navbahor"ga qarshi derbi oldidan

  • 22 may, 00:57
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichidagi so‘nggi tur o‘yinlari o‘tkazildi. “Qo‘qon-1912” o‘z maydonida “Qizilqum”ni qabul qildi va 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Tecno

Natijada “F” guruhida qo‘qonliklar 100 foizli ko‘rsatkich bilan peshqadam sifatida keyingi bosqichga chiqdi. “Qizilqum” esa yutqazgan bo‘lsa ham ikkinchi o‘rin egasi bilan guruhdan chiqdi.

“Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi Bahrom Haydarov “Qizilqum”ga qarshi uchrashuvdan keyin matbuot anjumanida qatnashdi.

- Ob-havoni biroz issiqligi bilinyapti. Shunaqa davrga o‘tilyapti. Futbolchilarni organizmi moslashishi qiyin. Bugun ham o‘yin starti barvaqt boshlangani sababli ikkala jamoaga o‘yinni boshlanishi qiyin bo‘ldi. Buning ustiga “Qizilqum”ni ikkinchi tarkib bilan kelgani futbolchilarimizni ruhiy tarafdan “nastroy” qilinmagani bilindi. Bu haqida gaplashib olamiz. Nima bo‘lganda ham oxiri g‘alaba bilan tugadi. Biz kam o‘ynagan o‘yinchilarga ham imkoniyat berdik. Aralash tarkib bilan maydonga tushdik. Bu Kubok o‘yini. Biz ko‘p guvohi bo‘ldikki, kim qanday tarkib bilan kelishidan va qaysi ligani jamoasi bilan o‘ynashidan qat’iy nazar Kubok uchrashuvlarida har qanday natija bo‘lishi mumkin. Xursand qiladigan tarafi, uchta uchrashuvda shu narsani engga oldik. Guruhda 1-o‘rin bilan chiqdik. Hammani keyingi bosqichga chiqqanimiz bilan tabriklayman.

- Zaxirada o‘tirgan futbolchilarni o‘ynatdingiz. Ularning o‘yinlaridan qay darajada qoniqdingiz?

- O‘rganib chiqamiz. O‘yindan keyin har xil emotsiyalar bo‘ladi. Kimdir uchrashuv paytida yaxshi o‘ynagandir, ammo faqat xatolari ko‘zga ko‘ringan bo‘lishi mumkin. Yaxshi epizodlarda e’tibor bermay qolgan bo‘lishimiz ham hech gap emas. Misol uchun, Xayrullaev, Muxtorov, Jo‘raboev kabi kam o‘ynayotgan o‘yinchilarga ko‘proq imkoniyat berdik. Mirodilov to‘liq o‘ynadi. Yana G‘ofurov, Abdurahimov kabi futbolchilarimiz ham maydonda to‘p surishdi. Qoniqish hosil qildikmi-yo‘qmi, o‘yinni tahlil qilib chiqqanimizdan keyin ma’lum bo‘ladi. Umumiy ma’noda, birortasi yomon taassurot qoldirmadi.

- O‘rinbosarlar o‘yinini kuzatib boryapman. Mirodilov zo‘r o‘ynayapti. Shu bolani qaysidir uchrashuvlarda asosiy tarkibda ko‘rsak bo‘ladimi? Masalan, “Mash’al”ga qarshi...

- Bilasizmi, har doim futbolchilarimga aytyapman: o‘yinchi o‘zini-o‘zi tarkibga qo‘yadi va o‘zini-o‘zi tarkibdan chiqarib yuboradi. Hech kimga asosiy tarkib eshiklari yopiq emas. Bu yil “zayavka” qilib, tanlagan har bir futbolchimizga har doim, nafaqat “Mash’al”, balki kuchli klublarga qarshi uchrashuvlarda ham qo‘yishga tayyormiz. Faqat hammani o‘zini vaqti soati bor. Tayyor bo‘lsa, Mirodilov bo‘ladimi, Abdurahimovmi, barchasi biz uchun bir xil. Mana, o‘zinglar ta’kidlab o‘tyapsizlar, Mirodilov iqtidorli bola. Bekordan-bekorga uni ham olib qolganimiz yo‘q. Qolgani o‘ziga bog‘liq. Biz unga imkoniyat beryapmiz. Tortib ketsa, umuman muammo yo‘q. 

- Asliddin Toshtemirovni jarohati qanchalik jiddiy va u qancha muddatga safdan chiqdi?

- Birinchi xulosamizga ko‘ra, Toshtemirov menimcha birinchi davra oxirigacha bizga yordam bera olmasligi haqida o‘ylayotgandik. Lekin erta yo indinga yana tekshiruvdan o‘tadi. Baribir yana kamida 10-15 kun umuman shug‘ullanmaydi. Menimcha, optimal formasiga kirib, ishonarli futbolchi sifatida ikkinchi davradan to‘liq o‘ynashni boshlasa kerak.

- Jamoa Superligada ketma-ket ikkita o‘yinda yutqazdi. Oldinda esa Namanganda yana bir og‘ir uchrashuv kutib turibidi. Bo‘lajak bahsga boshqacha tayyorgarlik bo‘ladimi?

- Tayyorgarligimiz o‘zgarmaydi. Har bir jamoaga bir xil tayyorlanamiz. Albatta, hammasini o‘rganib chiqamiz. Taktik jihatdan o‘zgarishi mumkin, lekin qolgan jihatlarda o‘zimizni tayyorgarlik jarayonimiz bor. O‘zgarishlar ozgina bo‘ladi. 10 ta tur o‘tdi, ob-havoga ham qaraymiz, yoz fasli kelyapti. Mashg‘ulotlarda biroz o‘zgarishlar bo‘ladi. Har bir jamoaga qarshi raqibni o‘rganib chiqib, taktik o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin xolos. Har bir raqibni hurmat qilamiz. Kimnidir kuchli yoki kuchsiz deb ajratmaymiz. O‘z o‘yinimizni rivojlantirib borishimiz kerak. Futbolchilarda ruhiy tarafdan o‘zlariga ishonch bo‘lsa bo‘ldi, raqib “Navbahor” bo‘ladimi yoki “Nasaf”mi...Albatta, o‘tgan ikkita turda yutqazib qo‘ydik. Lekin keyingi turlarni har biriga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz, qo‘rquv yo‘q.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!