
"Qizilqum" U21 jamoasiga texnik mag‘lubiyat yoziladi
"Qizilqum" U21 jamoasiga texnik mag‘lubiyat yoziladi. Bu haqda O‘zPFL matbuot xizmati xabar berdi.
"27 fevral kuni Liga U21 jamoasi to‘p suradigan maydonlarga befarq klublar masalasida material e’lon qilgan bo‘lib, unda "Navbahor" U21 jamoasiga texnik mag‘lubiyat yozilishi, "Qizilqum" U21 va "Xorazm" U21 jamoalari esa o‘z bellashuvlarini raqib maydonida o‘tkazishi bayon qilingandi.
Keyinchalik "Surxon" klubi Ligaga rasmiy xat yo‘llab, "Qizilqum" U21 jamoasini 9 mart kuni Termizda qabul qila olmasligini ma’lum qildi. Klub Termizga katta futbol qaytishi rejalashtirilayotgan Superliganing 2-turiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lib, unga qadar o‘z rejasini o‘zgartirishni istamadi.
Shundan kelib chiqib, "Qizilqum" U21 jamoasiga “Superliga va Proliga reglamenti”ning 5.5-bandi ikkinchi xatboshisi qo‘llaniladi va mezbon sifatida unga texnik mag‘lubiyat yoziladi.
Ma’lumot uchun, U21 jamoasi o‘z o‘yinlarini bemalol o‘tkaza oladigan futbol maydonini tayyorlash va uni yil davomida parvarish qilish qanchaga tushishi, shuningdek, har qanday klubning xorijlik futbolchi yoki xorijiy yig‘inlar uchun qancha mablag‘ sarflayotgani Ligaga ma’lum. Biz klublarni o‘z ishiga professional tarzda yondoshishga chaqiramiz", - deyiladi xabarda.
Fikrlar