
Qatarda Germaniya termasida janjal bo‘lgan
Germaniya terma jamoasi Qatarni kutilganidan erta tark etdi. Endi ma’lum bo‘lishicha, jamoa ichki muhitida jiddiy muammolar bo‘lgan. Mundialdagi dastlabki uchrashuvdan oldin ham jamoa ichida kelishuvmovchilik yuz bergan.
Sport Bild nashrining xabaricha, jamoa ikki bo‘lib olgan. Bir tomon “Bavariya” futbolchilari va ikkinchi taraf boshqa klublardan jalb qilingan o‘yinchilar.
Yaponiyaga qarshi o‘yin oldidan Manuel Noyer va Leon Goretska o‘yinoldi suratga tushish jarayonida futbolchilar og‘izlarini yopib olishlarini talab qilgan. Qolgan o‘yinchilar siyosatga aralashishni istamagan.
Futbolchilarning aksariyati o‘sha o‘yinda bosh murabbiy Xans-Diter Flik Ilkay Gyundog‘an o‘rniga Goretskani o‘ynatganini qabul qila olmagan.
Mark-Andre ter Shtegen va Kay Xaverts o‘zlariga imkon berilmaganini qabul qila olgani yo‘q. Ayniqsa, gol o‘tmazlik bo‘yicha rekordchi bo‘lgan “Barsa” posboni ko‘proq ranjidi.
O‘z vaqtida “Bavariya”da Flik qo‘l ostida o‘ynagan Niklas Zyule ham birinchi uchrashuvda yaxshi o‘ynay olmaganiga qaramasdan, keyingi bahslarda ham maydonga tushirildi. Yuqori sport formasida bo‘lgan Niko Shlotterbek va Mattias Ginterga esa biror marta imkon berilmadi. Bu holat ham terma jamoaning qolgan o‘yinchilarida bosh murabbiyga nisbatan e’tiroz uyg‘otdi.
Fikrlar