Qahramon paralimpiyachilarimiz tantanali kutib olindi (fotogalereya)

  • 10 sentabr, 2024, 00:01
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Olimpizm
BEPUL PROPAN

28 avgust – 8 sentyabr kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida tashkil etilgan XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarining qahramonlari jonajon vatanimizga qaytib kelishdi. Matonat sohiblari bugun Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Prezident Administratsiyasi departament rahbari Odil Abduraxmanov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti – O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjaev, Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov, Sport vazirligi va Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbariyati, yuzlab muxlislar, sportchilarimizning yaqinlari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirda Nuriddin Mo‘ydinxonovich hamda Abdulla Nigmatovich matonatli para atletlarimizni erishgan muvaffaqiyatlari bilan yana bir karra qutlab, ular bugungi kunda Vatanimizning faxri ekanliklarini, hozirda barcha yoshlarga o‘rnak bo‘lib turishganini alohida ta’kidlashdi.

O‘z navbatida uch karra Paralimpiya o‘yinlari chempioni Xusniddin Norbekov hamda oltin medal sohibi Asila Mirzayorova, murabbiy Sardor Abduholiqov, shuningdek, chempionlarning ota-onalari so‘z olib, davlatimiz rahbarining bunday e’tiboridan mamnun ekanliklarini bildirishdi.

Shundan so‘ng elimiz ardog‘idagi san’atkorlar o‘zlarining vatanparvarlik to‘g‘risidagi ajoyib kuy-qo‘shiqlari bilan yig‘ilganlarning kayfiyatini yanada ko‘tardi.

Tadbirning ikkinchi qismi Milliy paralimpiya qo‘mitasida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbaeva hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov Parij-2024 qahramonlariga davlat rahbarining sovg‘alarini tantanali topshirdilar. Prezident qaroriga muvofiq,

– oltin medal sohiblari “CHEVROLET TAHOEE” avtomobili, 200 ming AQSh dollari va xonadon;
– kumush medal sohiblari “BYD SONG PLUS EV CHAMPION” avtomobili, 100 ming AQSh dollari va xonadon;
– bronza medal sohiblari “BYD SONG PLUS DM-I CHAMPION” avtomobili, 50 ming AQSh dollari va xonadon bilan taqdirlanishdi.

Taqdirlash marosimida so‘z olgan sportchilarimiz davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan judayam xursand ekanliklari, kelgusida ham yangi zafarlar bilan jonajon vatanimiz dovrug‘ini dunyoga tanitish yo‘lida bor kuch-g‘ayratlarini ishga solishlarini bildirishdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!