
Pshemislav Banashak Polsha va O‘zbekiston futbolidagi farqli tomonlar, o‘tgan mavsumdagi o‘yinidan qoniqmagani va "Paxtakor"ga qanday kelib qolgani to‘g‘risida gapirdi (INTERVЬYu)
O‘tgan mavsumni chempion sifatida yakunlagan "Paxtakor" ayni damda Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda. O‘tgan mavsum ikkinchi davra boshlanishi arafasida klub safiga qo‘shilgan polshalik hujumchi Pshemislav Banashak mazkur yig‘inda o‘zini yaxshi ko‘rsatmoqda va bir qator gollarda munosib hissa qo‘shmoqda. Banashak bilan o‘zimiz qiziqtirgan bir qancha savollar yuzasidan muloqot qilishni lozim topdik. Hujumchi bilan batafsil intervyuni quyida tomosha qilishingiz mumkin.
- Xayrli kun, Pshemislav! Ilk savolimiz joriy klubingiz haqida. Nimaga aynan O‘zbekiston variantida to‘xtadingiz?
- Men aynan "Paxtakor"ni tanladim. Sababi, jamoa yurtingizdagi eng ko‘p sovrinlarga ega chiqqan klub hisoblanadi. "Sherlar" to‘g‘risida yaxshi gaplar eshitdim va bu erga hammasi o‘z tasdig‘ini topdi. Bunga shak-shubha yo‘q.
- Nima uchun Evropada faoliyatingizni davom ettirmadingiz yoki sizga takliflar bo‘lmadimi?
- Albatta, takliflar yo‘q emasdi. Hatto Polshada qolish varianti ham mavjud edi. Ichki chempionatda g‘oliblik uchun kurashish ishtiyoqi va Osiyo chempionlar ligasidagi ishtiroki sabab "Paxtakor"ni afzal ko‘rdim. Hozircha adashmaganimga guvoh bo‘lyapman.
- Sizni jamoaga aynan kim taklif qilgandi?
- Agentlarim menga O‘zbekistondan taklif borligini aytishdi. Men yaxshilab o‘ylab ko‘rdim va ijobiy javob berdim. Shu tarzda faoliyatim yurtingiz bilan bevosita bog‘landi.
- O‘tgan mavsum "sherlar" bilan Superliga chempioni bo‘ldingiz. Taassurotlar qanday bo‘ldi?
- Juda xursand bo‘ldim. Klub bilan ligada g‘olib bo‘ldik va bu quvonishga arziydi, albatta. Bizning maqsadimiz shunday edi va unga etishdik.
- 8 o‘yinda ishtirok etdingiz va o‘z hisobingizga 3 gol yozdirib qo‘ydingiz. Natijadan qoniqdingizmi?
- Albatta, har bir gol va assist xursand bo‘lardim. Sababi, bu samarali harakatlarim evaziga klubning g‘alaba qozonishiga o‘z hissamni qo‘shdim. Ochig‘i, men qoniqish his qilmadim. Chunki mavsum oxirida jarohat sabab maydonga tusha olmadim. Eng muhim pallada "sherlar"ga yordam berishni istagandim.
- Aynan shu jarohat sabab ko‘p o‘yinlarni o‘tkazib yubordingiz. Bu yangi mavsumda ham sizga halaqit bermaydimi? Jarohatingiz qanchalik jiddiy?
- Mashg‘ulotlar paytida oyog‘imni shikastlab oldim. Keyin yana tiklandim va hozir yaxshi holatdaman. Yangi mavsumga munosib tayyor bo‘lish uchun etarlicha vaqt bor. Shunday ekan, jarohatlar meni yana bezovta qilmasligiga umid qilaman.
- Polsha bilan solishtirganda O‘zbekistonda qanday farqlar sezdingiz?
- Solishtirishlarni yoqtirmayman, odatda. Katta farqni ko‘rmadim, ochig‘i. Yashash tarzi va shahar qiyofasida o‘zgarishlarni his qilish qiyin emas. Ammo bu tabiiy jarayon, deb hisoblayman.
- Qaysi liga kuchli, deb o‘ylaysiz: Polsha yoki O‘zbekiston?
- Bu savolga javob berishim uchun "Paxtakor" Polsha chempionatida o‘ynashi kerak. O‘ylashimcha, joriy klubim u erda ham etakchilik qilsa kerak. Ammo o‘yin uslubi Polshadagiga qaraganda ozgina farq qiladi.
- O‘zbekistonda qaysi jamoalar sizni lol qoldira oldi va nima uchun?
- To‘g‘risi, bu haqda o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Bor e’tiborim "Paxtakor" va uning g‘alabasiga qaratilgan. Chempionat davomida bir qancha klublar yaxshigina qarshilik ko‘rsatdi. Chempionlik uchun kurash eng oxirgi turga qadar davom etdi. Musobaqa juda qiziqarli bo‘ldi.
- Sizga bir futbolchining o‘yini yoqadi va uning ismi...
- Albatta, Robert Levandovski. U o‘ynagan jamoalar o‘yinini kuzatishni yoqtiraman. Fikrimcha, u dunyodagi eng kuchli hujumchilardan biri.
Shohrux Zoirov suhbatlashdi.
Fikrlar