Poytaxtimizda Xanjchou-2022 Osiyo o‘yinlari oldidan “Fun Run” musobaqasi tashkil etildi

  • 5 noyabr, 2022, 16:44
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Boshqalar
CHERY AUTO

Bugun Toshkentdagi Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida yosh sportchilarimiz uchun katta bayram – “Fun Run” ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Yuzlab sportsevar yoshlarni birlashtirgan tadbir ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.

Tecno

Unda Sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov so‘z olishdi. Mutasaddilar bu kabi ommaviy musobaqalarning o‘tkazilishi yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti, o‘zaro do‘stona aloqalarni mustahkamlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar va barcha ishtirokchilarga omad tilashdi.

“Fun Run” ommaviy yugurish musobaqasi har bir Osiyo o‘yinlari oldidan muntazam o‘tkazib kelinadigan tadbir hisoblanadi. Bunday loyihalarni tashkil etishdan maqsad butun qit’ada bo‘lajak musobaqaning shukuhini yoyish, sportsevar insonlarni bir maqsad ostida birlashtirishdan iborat.

Bugungi tadbirda yosh sportchilar Markaz bo‘ylab 3 km masofani bosib o‘tishdi. Poyga yakunida g‘olib va sovrindorlarga tashkiliy qo‘mitaning esdalik sovg‘a va medallari taqdim etildi.

O‘z navbatida Osiyo Olimpiya kengashi mutasaddilari ushbu bayramni yuqori baholab, uni tashkil etishda ishtirok etgan barchaga minnatdorchilik bildirishdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!