
"Paxtakor" yana "Nasaf" futbolchilarini "nishonga" oladimi?
“Nasaf” – “Paxtakor” o‘rtasidagi o‘yin 24-turning bezagiga aylandi. Tan olaylik, qarshiliklarning chempion jamoa darvozasiga javobsiz uchta to‘p kiritishini hech kim kutmagandi. Lekin ushbu mavsumda “Paxtakor”dan so‘ng, chindan ham “Nasaf”ning o‘yinlari olqishlarga sazovor bo‘lib kelyapti.
Sarlavha darhol e’tiboringizni tortganiga aminmiz. Keling, uch yil orqaga qaytaylik, 2017 yilning 19 noyabr kuni Qarshida Shota Arveladzening “Paxtakor”i “Nasaf” tomonidan 4:0 hisobida tor-mor etilganini yaxshi eslaymiz. O‘sha mag‘lubiyat gruziyalik murabbiy uchun jiddiy zarba bo‘lgandi. Keyin nima qildi? Birma-bir “Nasaf”ning etakchilarini o‘z safiga og‘dira boshladi. Akmal Shorahmedov, Eldor Suyunov, Odil Hamrobekov, Bahrom Abdurahimov, Farruh Sayfiev, Sanjar Quvvatov, Sherzod A’zamov, Dragan Cheran singari tajribali o‘yinchilar hisobiga “Paxtakor” tarkibini ancha boyitib oldi. Klubning hozirgi muvaffaqiyatlarida sobiq “nasaf”chilarning qo‘shayotgan hissalarini barcha ko‘rib turibdi.
O‘sha paytda ko‘pchilik “Nasaf”ni “sindi”, deb hisoblashgandi-a? Lekin u erda akademiya bilan Ro‘ziqul Berdiev bor ekan, ancha-munchaga “sinishi” qiyin. “Paxtakor” qarshiliklarning etakchilarini olib ketganidan keyin “Nasaf” yana mahalliy yoshlariga bor e’tiborini qatara boshladi. Natijada o‘zbek futboliga yangidan-yangi iqtidorlar kashf etilib kelmoqda. To‘g‘ri, o‘sha 4:0 hisobidagi g‘alabadan so‘ng, o‘zaro uchrashuvlarda asosan “Paxtakor”ning qo‘li baland kelayotgandi. Berdiev esa mana shunday o‘yinlar orqali yosh shogirdlarini “pishitib” keldi va oqibatda bu safargi to‘qnashuvda “ajdarlar” yana katta sahnaga chiqdi. Yana bir bor “Nasaf”dagi jaydari yigitlar Arveladze va “Paxtakor”ga o‘z kuchlarini ko‘rsatib qo‘ydilar.
E’tibor beryapsizmi, yana o‘sha uch yil oldingi holat takrorlanayotgandek, go‘yo! Kechagi uchrashuvdan so‘ng, Shota Arveladze “Nasaf” futbolchilarning o‘yini yoqqanini aytib o‘tdi. Balki bu bejiz emasdir. Bu esa Berdievni o‘ylantirib qo‘ydi. Chunki kim kafolat beradi, “Paxtakor”ni yana “Nasaf” futbolchilarini “ilib” ketmasligiga?!
Yashirishning keragi yo‘q, oxirgi paytlarda qarshiliklarning bir qancha futbolchilariga yaxshi takliflar bo‘layotganligi xususida eshitib turibmiz. Qiziq, “Paxtakor” yana “Nasaf” futbolchilarini “nishon”ga oldimikin? Lekin bu safar endi “ajdarlar” ham jim qarab turmasa kerak-a?! Uch yil oldin etakchilarini saqlab qolishning uddasidan chiqa olmagandi va bu Ro‘ziqul Berdievga yaxshigina dars bo‘lgandi. Murabbiy esa o‘tgan vaqt davomida yo‘qotishlarga qaramay, o‘zining mahalliy kadrlaridan yana ajoyib jamoani tuza oldi. Bu yil ikkinchi o‘rinda borayotgani bejiz emas, albatta. Shunday ekan, uning shogirdlariga takliflar bo‘lishi aniq. Lekin “Paxtakor”ning bu borada pozitsiyasi qanday bo‘lishi ko‘pchilikni qiziqtirmoqda. Balki ko‘p masala Arveladzening klubda qolish yoki qolmasligi bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin. Ammo shunisi aniqki, bunday iste’dod egalari Berdievning o‘ziga ham kerak. Ushbu vaziyat bilan bog‘liq voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Fikrlar
Мухитдинов Пахтакор уйнаса,жон бериб уйнаб,хар томонлама очилади. Насафда номигагина уйнаетганди.