"Paxtakor" chempionlikka yaqin turgandek, lekin..."

  • 12 noyabr, 2022, 01:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun, ayniqsa, “Paxtakor”, “Navbahor” hamda “Nasaf” klubi muxlislari uchun o‘zgacha, hayajonli kun. Ular soat 17:00 da boshlanadigan uchrashuvlarni sabrsizlik bilan kutishyapti.

Tecno

Aynan bugun barchasiga uzil-kesil nuqta qo‘yiladi. Chempionlik o‘yini oldidan ko‘pchilik tomonidan fikr va mulohazalar bildirilayotganini eshitib turibmiz.

“Paxtakor” 15-chempionligiga yaqin turgani rost. Lekin “Bunyodkor” ham osonlikcha engilmasa kerak. Bu yoqda “Navbahor” AGMKni qabul qilsa, “Nasaf” “Olimpik” mehmoni bo‘ladi.

O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi rahbari Kamoliddin Murzoev chempionlik va ligada qolish uchun kurashayotgan klublarning imkoniyati bo‘yicha munosabatini aytdi.

"Ha, bunaqangi shiddatli so‘nggi turgacha bo‘lgan chempionlik o‘yinlarini ko‘rmaganimizga ancha bo‘lgandi, - deya gap boshladi, Murzoev. - Bu albatta, yaxshi holat. Chempionlik yo‘lida kurashayotgan jamoalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, uchchala klublar ham o‘z qo‘lidagi ko‘plab imkoniyatlarni boy berib, oxirgi turgacha chempionlik bahsini ortga surdirishdi. Vaziyatga real qaraydigan bo‘lsak, “Paxtakor” o‘z imkoniyatini yuqori saqlab turibdi. Oxirgi turlarda o‘tkazayotgan o‘yinlariga ham e’tibor beradigan bo‘lsak, iloji boricha raqiblariga imkon qoldirmasdan ishonchli g‘alabalarga erishayotganini inobatga olsak, “Paxtakor” chempionlikka yaqin turgandek. Lekin uning qarshisida ancha-munchaga engilmas, sinmas va o‘z murabbiyini topganidan so‘ng yangi muxlislarini qayta kashf qilayotgan “Bunyodkor” jamoasiga qarshi juda shiddatli va yaxshi o‘yin kechadi. Qolgan ikki uchrashuv ham o‘ziga yarasha jiddiy o‘tishi kutilyapti. Nafaqat jamoalarning to‘qnashuvi, masalan murabbiylar to‘qnashuvi deyishimiz ham mumkin. Namanganda Samvel Babayan va Mirjalol Qosimov, Toshkentda Timur Kapadze va Ro‘ziqul Berdievning o‘zaro janglarini ham kutishimiz kerak. Bunday qarama-qarshiliklarning chempionlik uchun ekanligi o‘yinlarning yanada shiddatli o‘tishini ochib beradi. Qiziqarli o‘yinlar bo‘lishi bu so‘zsiz. Menimcha, barcha ishqibozlar bo‘lajak bahslarni katta qiziqish bilan kutishmoqda. Hozirgi kunda “Paxtakor”ning imkoniyatlari biroz yuqoriroq. Biroq futbol 90 daqiqa davom etadi. O‘sha 90 daqiqadan keyingina kim chempion bo‘lishiga aniq javob topa olamiz.

nasaf2_2

Uchchala jamoani ham engil tarzda g‘alaba qozonadi, deb ayta olmayman. Raqiblar ham o‘ziga yarasha og‘ir jamoalar. Lekin o‘ylaymanki, hali imkoniyat bor ekanki, “Nasaf” ham, “Navbahor” ham hakamning so‘nggi xushtagi chalinguniga qadar g‘alaba uchun kurashishadi. Lekin o‘yin davomida ko‘p hollarda murabbiylar “Paxtakor”ning o‘yinidagi hisobni futbolchilarga aytishmaydi va bunga e’tibor bermasliklarini so‘rab harakat qilishadi. Avvalo o‘z o‘yinida g‘alaba qozonishi kerak va shundan so‘nggina raqib jamoaning hisobiga qarasa bo‘ladi. Menimcha, hali hech kim qo‘lini chempionlikdan tortib olgani yo‘q.

kukon yangi_1

Fikrimcha, pastki o‘rinlarda ham kurash jiddiy. O‘yini o‘z qo‘lida bo‘lgan “Qo‘qon-1912” jamoasi g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, “Lokomotiv”ning qo‘lga kiritadigan uch ochkosi hech qanday ahamiyat kasb etmay qoladi. Bu erda ham 90 daqiqagacha intriga saqlanadi va ikkala jamoa ham chempionlik uchun kurashayotgan klublar singari avvalo o‘z o‘yinidagi ochkolarni qo‘lga kiritishga jiddiy e’tibor qaratishadi", - deb o‘z fikrini yakunladi, Kamoliddin Murzoev.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Javli Ruzimuradov
12/11/2022 16:16
Журналистларни хурмат киламан лекин ,Насаф чимпион ,сизларни ёзганларингни савияси Жуда Жуда пас хеч ким у́кимайди,чунки силарда анализ деган ва чукур мехнат йу́к хаммаси юзаки