
Patris Evra: "Agar, Fergyuson hozir murabbiylik qilganida, qamoqda o‘tirgan bo‘lar edi"
"Manchester Yunayted" sobiq himoyachisi Patris Evra jamoaning sobiq bosh murabbiyi ser Aleks Fergyuson va hujumchi Danni Uelbek o‘rtasida yuz bergan voqeani eslab o‘tdi.
"Agar ser Aleks Fergyuson hozir murabbiylik qilayotganida, ehtimol, qamoqqa tushardi. U futbolchilarga qanday baqirganini, ularga butsa uloqtirganini eslasam, qancha yig‘lagan o‘yinchilarni ko‘rganman. U juda qattiq qo‘l edi.
Uelbek bilan bo‘lgan voqeani eslayman. Bu Saudiyada o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvi edi. Bizning foydamizga penalti belgilandi, Uazza (Ueyn Runining laqabi) to‘pni Uelbekka berdi, u esa penaltidan gol urolmadi. Uchrashuvda yutqazdik, lekin bu shunchaki o‘rtoqlik o‘yini edi.
Keyin kiyim almashtirish xonasiga kirdik. Birdaniga Fergyuson baqirdi: "Uelbek! Uelbek!" U uni izlayotgandi. Men va Uelbek hojatxonada edik. Fergyuson esa qichqiryapti: "Sen o‘zingni kim deb o‘ylayapsan?! Yaqindagina asosiy tarkibga kirding-u, endi penaltini tepmoqchi bo‘lding! Hech qachon bunday qilma!"
Men uni tinchlantirishga urindim, ammo u gapimni bo‘lib: "Menga bu faqat o‘rtoqlik o‘yini bo‘lishi ahamiyatsiz! Sen bunday boshqa hech qachon qilma!" — degan edi", — deya hikoya qildi Evra SDS podkastida.
Fikrlar