
"Parij-2024". Medallar soni bo‘yicha etakchi nomini aniqlab beruvchi bahs davom etmoqda
Olimpiya o‘yinlari medallar hisobidagi 1-o‘rin taqdiri basketbol bo‘yicha ayollar turnirining finalida hal bo‘ladi.
Ayni daqiqalarda Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida basketbol bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi musobaqaning final bahsi bo‘lib o‘tmoqda. Olimpiada dasturining yakuniy bosqichida AQSh va Frantsiya terma jamoalari chempionlik uchun bahs olib borishmoqda. Ushbu bahsda hozircha durrang 25-25 hisobi qayd etilmoqda.
Ayni damda Xitoy 40 ta oltin medal bilan umumiy medallar reytingida peshqadamlik qilib turibdi. Amerikaliklarda esa bu ko‘rsatkich hozircha 39 tani tashkil etmoqda.
Basketbol turnirida Qo‘shma Shtatlar g‘olib chiqsa, Olimpiya o‘yinlarida oltin medallar soni bo‘yicha Xitoy bilan tenglashadi. AQSh vakillarining kumush medallari ko‘proq (44-27) bo‘lgani uchun basketbolchilarning g‘alabasi AQShni medallar jadvalida birinchi o‘ringa olib chiqadi.
Ma’lumot uchun, Parij Olimpiadasi bugun, 11 avgust kuni yakunlanadi. Jami 329 ta mukofotlar g‘oliblarga topshiriladi.
Fikrlar