Para atletika bo‘yicha O‘zbekiston chempionati onlayn tarzda o‘tkazildi
Kecha 29 iyul kuni Para atletikaning yadro uloqtirish turi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.
Onlayn tarzda o‘tkazilgan ushbu musobaqaning final qismida viloyatlardan jami 19 nafar saralangan sportchi ishtirok etdi.

Ta’kidlash kerakki, yurtimizda karantin joriy etilganidan buyon barcha sportchilar qatori paralimpiyachilarimiz ham mashg‘ulotlarni o‘z uylarida davom ettira boshlashdi. Ushbu onlayn musobaqa ularning uy sharoitidagi mashg‘ulotlarini baholash uchun ayniqsa juda muhim edi.
Quvonarlisi, onlayn musobaqada ishtirok etgan 19 nafar sportchidan 12 nafari Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi jahon reyting jadvali natijaliri bilan taqqoslaganda, ularga nisbatan yaxshiroq ko‘rsatgich qayd etdi. Bundan tashqari, Nurxon Qurbonova, Muhammadjon Rexsimov, Dilafruz Axmadxonova hamda Elbek Sultonov o‘zlarining shaxsiy natijalarini yangilashga erishdi.



Musobaqa yakunida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov uy sharoitida bo‘lishiga qaramay mana shunday yuqori sport formasini nafaqat ushlab turganligi, balki uni yanada yaxshilashga erishganliklari uchun para atletikachilarni alohida e’tirof etdi va ularga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Musobaqada yaxshi natija ko‘rsatgan sportchilar Paralimpiya assotsiatsiyasi tomonidan munosib taqdirlandi.



Fikrlar