
O‘zbekiston Kubogining taqdiri nima bo‘ladi? Musobaqa o‘tkaziladimi?
O‘zbekiston Kubogi o‘tkazilishi borasida avvalroq PFL vakillari ma’lum qilishgandi. Musobaqaga qur’a ham tashlangandi. Lekin haligacha kubok bahslari qachon boshlanishi bo‘yicha aniq gap yo‘q. Shu holat yuzasidan PFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jaev doimgidek telegramdagi o‘zining sahifasida fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdi.
- Uning o‘tishi yuzasidan savollar ko‘p beriladi. Biz o‘tgan 3 oy ichida katta hajmda ish bajardik va natijada salkam 4 oylik tanaffus yo‘qotishlarini etkazib olishga erishdik. Taqvim hozir juda zich. Qolaversa, oktyabr va noyabr oyidagi FIFA kunlari ham bor.
Shulardan kelib chiqib, barcha ligalar taqvimini bosqichma-bosqich e’lon qilib boryapmiz. Oldinda esa bizni nimalar kutib turganini bilmaymiz.
Biz birinchi galda chempionat uchrashuvlarini yakunlab olishga qaror qildik. 26 tur o‘yinlarini to‘liq o‘tkazamiz. Qolgan vaqt hisobidan esa kubok o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Rejamiz bo‘yicha, kubokni guruh bosqichi ko‘rinishida dekabr oyida o‘tkazishimiz mumkin. Ammo o‘sha vaqtda O‘zbekistondagi holat qanday bo‘lishi, futbol klubi dekabrga qanday ahvolda etib borishi ham muhim o‘rin tutadi.
Kubokning 16 ishtirokchisi guruh o‘yinlariga tayyor bo‘lsa, biz barchasini boxing day ko‘rinishida 16 kun ichida o‘tkazib olishimiz mumkin. OFK Chempionlar ligasi o‘yinlarini deyarli shunday holatda o‘tkazdi. Agar jamoalar qayta qur’a va olimpiya tizimini ma’qul deb bilsa, bizga g‘olibni aniqlash uchun minimum 10 kun vaqt kerak bo‘ladi, - deya fikr bildirdi Diyor Imomxo‘jaev.
Fikrlar