
O‘zbekiston Kubogida barcha yo‘llar Farg‘onaga olib boradi yoxud markaziy to‘qnashuvlar
Superligamizda navbatdagi tur uchrashuvlari may oyi boshlarida davom ettiriliadi. Aprelda esa rejaga binoan O‘zbekiston Kubogi musobaqasiga start beriladi va shu oyning ichida barcha guruh bahslari o‘tkazib olinadi.
Xabaringiz bor, bu yilgi O‘zbekiston Kubogi finali Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida bo‘lib o‘tadi. Shunday ekan, endilikda Kubok doirasidagi barcha yo‘llar Farg‘onadagi “Istiqlol” arenasiga olib boradi. Doimgidek, musobaqaning o‘z favoritlari bor. Lekin Kubokda albatta syurpriz ko‘rsatadigan klublar topiladi va bu safar ham bundan mustasno bo‘lmasa kerak. Superliga jamoalaridan tashqari, pro liga, birinchi liga vakillari ham ishtirok etadilar.
Bugun O‘zbekiston Kubogining 1-tur o‘yinlariga start beriladi. Ilk turdagi bahslar 12 apreldan 16 aprelga qadar davom etadi. Kubok doirasida “O‘lim guruhi” borligini bilasiz. “N” guruhida “Andijon”, “Dinamo”, “Nasaf” va “Navbahor” klublari joy olishgan. Tabiiyki, ko‘pchilik mazkur guruhdagi o‘yinlarga qiziqishi tabiiy. Bu guruhdagi jamoalar o‘z o‘yinlarini 13 va 14 aprel kunlari o‘tkazadilar. Ertaga “Andijon” “Bobur Arena”da “Dinamo”ni qabul qilsa, 14-sanada Qarshida “Nasaf” – “Navbahor” to‘qnashuviga guvoh bo‘lamiz. O‘z vaqtida bu jamoalar finalda kuch sinashishgani muxlislarning yodidan hali ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak.
Bugun 4 ta o‘yin rejalashtirilgan. “Metallurg” – Sirdaryo FA, “Jizzax” – “Paxtakor”, “Olimpik Mobiuz” – “Qizilqum” va “Neftchi” – “Do‘stlik Toshkent” qarama-qarshiligiga guvoh bo‘lamiz. Chempionatdagi favoritlar o‘z-o‘zidan Kubok musobaqasida ham favoritlar sifatida tilga olinyapti. Ilk turdagi markaziy o‘yinlar yuqorida to‘xtalganimizdek, “N” guruhi jamoalari ishtirokidagi uchrashuvlar bilan bog‘liq. Jumladan, “Andijon” – “Dinamo” va “Nasaf” – “Navbahor” o‘yinlari markaziy maqomiga ega. Balki Kubok finaliga ushbu guruhdan chiqsa ajab emas.
Yana bir gap: Kubok bahslarining, ayniqsa, guruh bosqichida murabbiylar ko‘pincha o‘yin amaliyotiga unchalik ega bo‘lmayotgan futbolchilarini va yoshlarini sinab olish harakatida bo‘ladi. Kimdir bu musobaqaga jiddiy qaraydi, yana kimdir yo‘q. Dastlabki turdan sensatsiyalarni ko‘ramizmi? Odatda, bunday musobaqalarda yosh va ayniqsa, quyi liga klublari Superliga ishtirokchilariga qarshi qo‘shimcha ishtiyoq va motivatsiya bilan o‘ynaydilar. Qolganini esa vaqt ko‘rsatadi.
Fikrlar