
O‘zbekiston delegatsiyasini Parij-2024 XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlariga tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi (FOTO)
Bugun poytaxtimizdagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida O‘zbekiston delegatsiyasini Parij-2024 yozgi XVII Paralimpiya o‘yinlariga tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri Nurdinjon Ismoilov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departament rahbari Odil Abduraxmanov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Sport vaziri Adham Ikramov, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti – O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjaev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari - O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoeva, Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov etakchiligidagi MOQ rahbarlari, Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘olib-sovrindorlari, para sportchichilar hamda murabbiylar, OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Abdulla Aripov tantanali marosimni ochib berar ekan, Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda para sportga qaratilayotgan e’tibor, Prezidentimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan O‘zbekiston jahon sportida o‘z o‘rniga ega mamlakatlardan biriga aylanib borayotgani xususida so‘zladi.
Tadbirda so‘z olgan Shahnoza Mirziyoeva o‘z nutqida yurtimizda nogironligi bo‘lgan insonlarga qaratilayotgan e’tibor ortidan paralimpiyachilarimiz qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuqlar Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida ham bardavom bo‘lishini aytib, para sportchilarimizga omad tiladi.
Sportchilar nomidan dzyudo bo‘yicha Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari chempioni Diyora Keldiyorova hamda taekvondo ikki karra Olimpiya o‘yinlari chempioni Ulug‘bek Rashitov so‘zga chiqishdi. Muzaffar atletlarimiz davlatimizning e’tibor va g‘amxo‘rliklari ortidan Frantsiya poytaxtida qo‘lga kiritilgan tarixiy natijalarga erishilganini ta’kidlashib, bo‘lajak Paralimpiya o‘yinlarida para atletlarimizga ham ana shunday tarixiy natijalar bilan qaytishlarini tilashdi.
Shuningdek, para atletlar nomidan so‘zga chiqqan Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlari kumush medal sohibi, Xanchjou-2022 Para Osiyo o‘yinlari g‘olibi, jahon chempioni Asila Mirzayorova Paralimpiya o‘yinlari tsikli davomida terma jamoa a’zolari uchun barcha sharoitlar yaratib berilgani va buning uchun muhtaram Prezidentimizga barcha sportchilar nomidan o‘z minnatdorchiligini bildirdi hamda Frantsiya poytaxtida bo‘ladigan o‘yinlarda bor kuch-mahoratlarini ishga solishlariga va’da berdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston delegatsiyasining hamkorlaridan biri 7SABER brendi Paralimpiya o‘yinlari uchun tayyorlangan sport ekipirovkalari taqdimotini ham o‘tkazdi.
Shuningdek, davlat bayrog‘i bo‘lajak Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdorlari – para engil atletika bo‘yicha ikki karra Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi Xusniddin Norbekov hamda para engil atletika bo‘yicha Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlari chempioni Mohigul Hamdamovaga tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda taniqli shoir, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Botir Ergashev para sportchilarimiz uchun yozgan she’rini o‘qib berdi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov delegatsiyamiz a’zolariga omad tiladi hamda vatanimizga yorug‘ yuz bilan qaytib kelishlari uchun duo qildi.
Shu tariqa, tantanali tadbir o‘z yakuniga etdi. Bugun, 13 avgust sanasidan boshlab terma jamoalarimiz reja asosida Frantsiyaga yo‘l olib, tayyorgarlikning so‘nggi bosqichini bevosita Parij yaqinida olib borishadi. Eslatib o‘tamiz, XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlari 28 avgust – 8 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
.jpg)
.jpg)

.jpg)
.jpg)
.jpg)
.jpg)
.jpg)

.jpg)
.jpg)
.jpg)
.jpg)
.jpg)
.jpg)








Fikrlar