O‘zbek hujumchisi Evrokuboklarda o‘ynash uchun top-klubga o‘tishi kutilmoqda
O‘zbekiston terma jamoasi va “Nasaf” klubi hujumchisi Husayn Norchaev faoliyatini Qozog‘istonning eng kuchli klublaridan birida davom ettirishi mumkin.
Bu haqida Qozog‘iston sportida insayder xabarlarga ixtisoslashgan “Totalnyy futbol KZ” telegram kanali ma’lumot tarqatdi.
- Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, Qozog‘iston Premer-ligasi klublaridan biri O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Husayn Norchaevga jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Norchaev “Alaniya”dagi muvaffaqiyatsiz bosqichdan keyin (ijara va keyinchalik shartnomaning bekor qilinishi) zo‘r sport formasiga kirib oldi. Hujumchi Urugvay bilan o‘yinda golda ishtirok etdi, Osiyo Chempionlar ligasi doirasida Yassin Bunu qo‘riqlagan “Al-Ahli” darvozasiga ikkita gol urdi va O‘zbekiston chempionatida eng zo‘r to‘purarlar qatorida bormoqda.
2002 yildu tug‘ilgan hujumchi ajoyib holatda va yangi chaqiruvlarga tayyor. Qozog‘iston unga faoliyatini qayta tiklashda ideal maydon bo‘lishi mumkin.
Hozircha, biz uni oladigan klub nomini oshkor qila olmaymiz, lekin Norchaev bu jamoani haqiqatan kuchaytira oladi, - deb yozdi telegramm kanali.
Bu masalaga taniqli jurnalist Aleksandr Troitskiy oydinlik kiritdi. Bu mutaxassis Husayn Norchaev Evrokuboklarda ishtirok etish uchun “Elimay” klubiga ko‘chib o‘tishi kutilayotganini ma’lum qildi.
- O‘zbekiston terma jamoasi va “Nasaf” forvardi Husayn Norchaevga Qozog‘iston klublaridan biri qiziqyapti. Hamkasblarim jamoa nomini keltirmayapti, lekin men bu klub “Elimay” ekanini taxmin qilaman. Nega ekanini so‘ramang, bu shunchaki sezgiga tayanish, xolos.
Mazkur jamoa Evrokuboklarda o‘ynaydi va bu Husaynni jalb etishi mumkin. Bu o‘yinchini pul masalasida ham xafa qilmaslik lozim. “Nasaf”da uning maoshi juda yaxshi darajada va bundan kelib chiqib, qozog‘istonliklar har oy uchu 20 ming dollardan kam bo‘lmagan maosh ajratishi kerak.
O‘yinchining darajasiga kelsak, u ancha baland. Norchaev o‘zbek Superligasining eng zo‘r to‘purarlaridan, “Nasaf” uchun Chempionlar ligasida gol urdi va terma jamoaga jalb qilindi. Jahon chempionatiga ham borishi kutilyapti.
Bu summaga Evropa futbolida tajribaga ega boshqa legioner olsa ham bo‘ladi. Biroq Husaynning salohiyati juda yuqori. Agar uni qishda transfer qilsa, jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etgan taqdirda sezilarda darajada qimmatga sotish mumkin. Futbolchi 23 yoshda ekanini ham unutmaslik lozim.
Umuman olganda, Qozog‘iston chempionatida top-4 ga kiruvchi klubga o‘tish Norchaev uchun juda qiziqarli variant, deb hisoblayman, - deydi Aleksandr Troitskiy.
Ta’kidlash joizki, “Elimay” o‘tgan chempionatni to‘rtinchi o‘rinda yakunladi va yangi mavsumda UEFA Konferentsiyalar ligasida ishtirok etadi.
Husayn Norchaev “Nasaf” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2023 yilning boshida Rossiyaning “Alaniya” klubiga ko‘chib o‘tgan edi. Orada bir mavsum Farg‘onaning “Neytchi” jamoasida ijarada o‘ynadi va 2025 yilning boshida qadrdon klubiga qaytib keldi.
Joriy mavsum iqtidorli hujumchi barcha turnirlarda 35 ta uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasini 17 marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga ikkita golli pas berdi. Norchaev O‘zbekiston milliy terma jamoasida uchta o‘yinda maydonga tushgan, Malayziya terma jamoasiga gol urib, yana ikkita assist qayd etgan.



Fikrlar