
O‘zbek, Osiyo va xorij futbolida sodir bo‘lgan o‘tgan haftaning eng muhim voqeliklari (Video)
O‘tgan hafta o‘zbek, Osiyo va xorij futbolida bir qator voqeliklar kuzatildi. Biz sizlarga haftaning eng muhim voqeliklarni taqdim etamiz.
1. 200 ming dollar. O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisining transferi uchun bu katta summami yoki kichik? Yoxud Azizbek Amonov Eron klubiga ko‘chib o‘tdi.
2. PFL OAV oldidagi yllik moliyaviy hisobotini o‘tkazdi. Tashkilot ilk bor shunday matbuot anjumani tashkil etdi. PFL qancha daromad qilgan, nimalarga pul sarflagan va hokazo ma’lumotlar tarixda birinchi marotaba ochiqlandi.
3. “Paxtakor”ga Angliya klubida faoliyat yuritgan hujumchi keldi. Oliver Sharkich “sherlar”ning o‘rtoqlik o‘yinida gol urdi. Texnik mahorati ham chakki emas.
4. Afrika millatlar kubogi yakunlandi. Finalda “Liverpul” etakchilari Saloh va Mane qarama-qarshiligini ko‘rdik. Yakunda esa Mane boshchiligidagi Senegal g‘alaba qozondi va ilk bor ushbu musobaqada chempionga aylandi.
1. O‘zbekiston milliy terma jamoasi va "Lokomotiv" klubi a’zosi Azizbek Amonov faoliyatini xorijda davom ettiradi.
Amonovni Eronning 8 karra chempioni, ayni damda mamlakat chempionatida peshqadamlik qilayotgan "Istiqlol" jamoasi o‘z safiga qo‘shib oldi. Bu haqda "Istiqlol" klubi matbuot xizmati xabar berdi.
9 fevral kuni hamyurtimiz Eronga etib bordi va uni aeroportda klub mutasaddilari kutib oldi.
Shundan so‘ng "Istiqlol" klubi futbolchini ommaga tanishtirdi. 24 yoshli Azizbek Amonov eronliklar bilan 2,5 yillik shartnoma imzoladi. Tomonlar futbolchi uchun qancha mablag‘ sarflagani borasida xabar bermagan. Chunki Amonovning “Lokomotiv” bilan yana bir yillik shartnomasi bor edi.
Ammo SPORTS.uz saytiga ma’lum bo‘lishicha, forslar O‘zbekiston MTJ hujumchisining transferi uchun "temiryo‘lchilar" hisobiga 200 ming dollar o‘tkazib beradi yoki bu ish allaqachon amalga oshgan.
O‘tgan mavsum "Loko" tarkibida harakat qilgan Azizbek Amonov O‘zbekiston milliy termasida ham debyutini amalga oshirdi va ikkita gol urishga erishdi.
2. O‘zbekiston Professional futbol ligasi o‘z faoliyatining shaffofligini ta’minlash maqsadida joriy yilning 4 fevral kuni 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar, kelib tushgan mablag‘lar va faoliyat bilan bog‘liq harajatlar haqidagi ma’lumotlarni keng jamoatchilikka taqdim etish uchun matbuot anjumani o‘tkazdi.
O‘zbekiston Professional futbol ligasi 2008 yil 2 iyul kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Tashkilot faoliyatining asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi hududida professional futbol musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, futbol klublarining sport hamda tashkiliy-boshqaruv faoliyatini muvofiqlashtirish hisoblanadi.
2020 yilning may oyida O‘FA prezidenti taqdimiga binoan tashkilot rahbariyatida o‘zgarish yuz berdi. Shundan so‘ng uning faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, musobaqalar o‘tkazilishini takomillashtirish, hamkorlar va homiylar bilan ishlash tizimini yaxshilash kabi masalalar asosiy planga chiqdi.
Buning samarasi o‘laroq 2021 yilga kelib musobaqa ishtirokchilari uchun badal miqdori tarixda ilk bor 40-50 foizgacha kamaytirildi. Qo‘shimchasiga, ayollar va futzal jamoalari ilk bor badal puli to‘lashdan to‘liq ozod qilindi.
O‘zPFL dastlab tashkil etilgan yillarda o‘z harajatlarini to‘liq klublardan olinadigan badal pullari evaziga qoplab kelgan. Bugunga kelib tashkilot o‘z harajatlarining qariyb 55 foizini o‘zi ishlab topadi. Jumladan, 2021 yilgi mavsumda O‘zPFL Coca-Cola, APEX Insurance va boshqa kompaniyalar bilan hamkorlik orqali 9 mlrd. 280 mln. so‘m ishlab topdi.
Bugunga kelib Superliga hamda Pro liga musobaqasi sportga ixtisoslashgan ikki telekanal: “Sport” hamda “UzReport” orqali translyatsiya qilinadi. Shuningdek, bu musobaqalar qatorida ayollar chempionati, Birinchi liga kabi musobaqalar Eleven Sports orqali onlayn translyatsiya qilinishi natijasida O‘zPFL 2021 yilning o‘zida qariyb 36 ming evro ishlab topgan.
Bu hali hammasi emas. Tashkilot qat’iy printsiplari orqali professional futbol klublari bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqdi hamda Osiyo futbol konfederatsiyasining litsenziyalash talablarini bajarish bo‘yicha 2021 yilda Yaponiya hamda Janubiy Koreyadan keyin qit’amizning uchinchi raqamli mamlakatiga aylandi. Tarixda ilk bor Pro liga klublari ham litsenziyalash jarayoniga jalb qilindi. Birinchi marotaba O‘zbekistonning ikki ayollar jamoasi OFK litsenziyasini qo‘lga kiritdi. Shu kungacha asosan 4-5 klub xalqaro litsenziyani olgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 12 taga etdi. 2022 yilda O‘zPFL mazkur raqamni 16 taga olib chiqish ustida ish olib boryapti.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining shaffoflik standarti asosida taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra baholash ishlari amalga oshirildi. Unga ko‘ra, 2021 yil bo‘yicha “Eng shaffof nodavlat notijorat tashkilotlari top-20” ro‘yxatiga O‘zbekiston Professional futbol ligasi ham kiritildi. O‘zPFL unda 19-pog‘onada qayd etilgan.
3. Angliyaning chempionship jamoasi "Blekpul"ni erkin agent sifatida tark etgan hujumchi "Paxtakor" safini to‘ldirdi.
"Anderlext" va "Benfika" jamoalari tarbiyalanuvchisi sanalgan Oliver Sharkich "sherlar" bilan 2022 yilning oxirigacha mo‘ljallangan shartnomaga imzo chekdi.
Oliver faoliyati davomida "Fafe" (Portugaliya), "Lids" (Angliya), "Barakaldo" (Ispaniya), "Barton Albion" (Angliya), "Mansfild Taun" (Angliya) va "Blekpul" (Angliya) kabi jamoalar safida o‘ynagan. U yaqindagina "Blekpul"ni tark etdi va “Paxtakor” bilan shartnoma imzoladi. Sharkich Chernogoriyaning turli yoshdagi terma jamoalari safida maydonga tushgan. "Benfika" yoshlar jamoasi tarkibida yoshlar o‘rtasidagi Evropa Chempionlar Ligasida qatnashib, bir necha gollar muallifiga aylangan.
“Paxtakor” bilan shartnoma imzolagan Oliver Sharkich o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Murabbiy Voyneski klub bilan shartnoma imzolagandan so‘ng menga aloqaga chiqdi va "Paxtakor"ga olib kelmoqchi ekanini aytdi. Buni muhokama qildik va O‘zbekistonning eng katta klubiga kelishga tayyor ekanimni his qildim.
Angliyadan O‘zbekistonga ko‘chib o‘tishga qaror qilish qiyin bo‘lmadimi?
- Klub haqida ko‘p bo‘lmasa ham bilardim. Taklifdan keyin klub haqida ko‘p narsalarni o‘rgandim va top jamoada o‘ynash ajoyib g‘oya ekani bilindi. Men uchun mamlakatlarni almashtirish hayajonli. Angliya, Belgiya, Portugaliya va Ispaniyada yashaganman. Endi O‘zbekistondaman. Bu dunyoning yangi qirralarini kashf qilish va til o‘rganish bo‘yicha ham ajoyib imkoniyat.
Shaxsiy maqsadim g‘alaba qozonish, gollar urish va yaxshi o‘yin namoyish etgan holda Chernogoriya milliy terma jamoasidan taklif olish. "Paxtakor"ning sobiq bosh murabbiyi Miodrag Radulovich hozirgi kunda Chernogoriya terma jamoasida ishlamoqda. Jamoaviy maqsad esa birinchi navbatda mavsumga tayyor bo‘lish, keyin Superkubokda zafar quchishni istaymiz. Chempionatda g‘olib sifatida qolishni xohlaymiz va Osiyo Chempionlar Ligasida uzoqroq bosqichgacha etib borish niyatidamiz.
4. Bir necha kun avval Afrika Millatlar kubogi final bahsi o‘tkazildi. Unda Senegal va Misr terma jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. “Liverpul” klubi etakchilari Sadio Mane va Muhammad Saloh o‘rtasidagi qarama–qarshilikda Manening qo‘li baland keldi.
O‘yinning asosiy va qo‘shimcha daqiqalarida hisob ochilmadi. Penaltilar seriyasida senegalliklar 4:2 hisobida g‘alaba qozonib, musobaqaning bosh sovrinini qo‘lga kiritdi. Senegal o‘z tarixida ilk bor Afrika millatlar kubogida g‘alaba qozondi!
3-o‘rin uchun bellashuvda g‘olib bo‘lgan Kamerun esa mazkur turnirning bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Shuni qayd etish kerakki, Senegal musobaqaning yangi chempioni hisoblanadi. Senegal termasi Afrika Millatlar kubogida chempionlikka erishgan 15-jamoadir. Eng ko‘p chempionlik Misrga tegishli. Saloh boshchiligidagi jamoa 7 bor kubokni boshi uzra baland ko‘targan. Kamerun 5 va Gana 4 chempionlik bilan kuchli uchlikda bormoqda.
Quyida Afrika millatlar kubogining barcha chempionlari bilan tanishing:
Fikrlar