
Otabek Samatov "Navbahor"dan ketdimi? Klub matbuot xizmatidan rasmiy javob
Xabaringiz bor, kecha “Navbahor” PFKda yangi lavozim joriy etilib, bungacha klubda 2004-2005, 2013-2015 yillarda ham faoliyat olib borgan Rasul Nizamboev “Navbahor” PFK prezidenti etib tayinlandi.
Yana shuni ham ta’kidlash joizki, Namangan viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Shavkatjon Abdurazzoqov kechagi yig‘ilishda Otabek Samatovning ham vitse-prezidentlik lavozimida qolishi va u selektsiya ishlari bilan shug‘ullanishini ta’kidladi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
So‘ngra, Rasul Nizamboev “Navbahor” PFK hamda “Markaziy” stadioni rahbariyati va ishchi-xodimlariga yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda bir qator masalalarga to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, “Navbahor” tarixini yaratish kerakligi, sobiq futbolchilarga e’tibor qaratish lozimligi, klub xodimlari hamjihat bo‘lib ishlashlari kerakligi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng, tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Unda klub direktori Baxtiyor Nurmatov o‘z arizasiga ko‘ra, vazifasini tark etganligi ta’kidlandi.
Baxtiyor Nurmatovning o‘rniga bungacha “Navbahor” PFK direktor o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Akmal Sohibov vaqtinchalik klub direktori etib tayinlandi.
Fikrlar