
Ot sporti. Chavandozlarimiz Rossiyadagi xalqaro musobaqada yuqori natijalarni qayd etishdi
Rossiya, Belarus, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan sara chavandozlar ishtirok etgan nufuzli turnirda hamyurtlarimiz yuqori o‘rinlarni egallashdi.
Musobaqaning ikkinchi kunida 145 sm balandlikdagi to‘siqlardan sakrash dasturida Azam Tolibboev “Bozart De Ruet” laqabli tulporida ikkinchi, Bekzod Qurbonov esa “Matts” bilan uchinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi kun bahslarida 125 sm balandlikdagi to‘siqlardan sakrash yo‘nalishida Bahromjon Gazievga (“Ledi”) teng keladigani topilmadi. Shuningdek, aniqlikka asoslangan sakrash dasturida “Matts” Bekzod Qurbonovga etakchilikni qo‘lga olishiga yordam berdi.
Musobaqaning yakuniy kunida Joker bilan 110 smdan sakrash yo‘nalishida Humoyun Abdullaev “Golden star” tulpori bilan uchinchi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, 130 sm to‘siqdan iborat o‘rta aylana dasturida Xurshidbek Alimjonov “Chempions Ligas” bilan eng yaxshi natijani qayd etdi. Va nihoyat, musobaqa Gran-prisi – 150 sm balandlikdagi katta aylanadan iborat to‘siqlardan sakrash yo‘nalishi ham Bekzod Qurbonov hamda “Matts”ning g‘alabasi bilan yakunlandi.
Manba: MOQ
Fikrlar