
O‘runovga xorijdan takliflar tushdi “Spartak” transferga tayyor, Oston nega qaysarlik qilyapti?
Oston O‘runovga so‘nggi ikki mavsum davomida boshpana berib kelgan kelgan “Ufa” klubi Rossiya premer-ligasini tark etganidan keyin o‘zbekistonlik legioneri “Spartak” klubiga qaytadigan bo‘lgani haqida ko‘p xabar chiqdi.
Metaratings saytining ma’lum qilishicha, legionerimizga Osiyoning bir necha klublaridan jiddiy qiziqish bo‘lmoqda.
Manbaga ko‘ra, O‘runovga yangi ish joyi qidirayotgan “Spartak” rahbariyatiga futbolchi bo‘yicha har qanday taklif ma’qul va klub 21 yoshli yarim himoyachini transfer qilishga rozi.
Biroq o‘yinchining o‘zi va agentlari takliflarni qabul qilishga shoshilmayapti. Aslida o‘tgan yili yozda hamyurtimizga Vengriyaning eng mashhur klubi “Ferentsvarosh” og‘iz solgandi, o‘shanda ham O‘runov bu chorlovni qabul qilmagani uchun transfer barbod bo‘lgan edi.
Agar O‘runov boshqa klubga o‘tishga rozilik bermasa, klub mutasaddilari uni o‘rinbosarlar tarkibiga jo‘natadi. Chunki tomonlar o‘rtasidagi shartnomada aynan mana shunday band borligi aytilmoqda.
Shuningdek, 2020 yili yozda Oston O‘runovni “Ufa”dan 1 million evro atrofidagi mablag‘ evaziga transfer qilgan Moskva klubi uni endi arzonroq narxga qo‘yib yuborishga tayyor. Transferlarga ixtisoslashgan Transfermarkt portalida ham mavsum yakuniga ko‘ra, futbolchimizning narxi arzonlab, bugungi kunda 700 ming evroni tashkil qilayotgani qayd etilgan.
Ta’kidlash joizki, Oston O‘runovning “Spartak”ga qaytishi bo‘yicha mutaxassislar turli fikrlarni bildirmoqda. Ular orasida iste’dodli futbolchiga “Spartak”da imkon berish kerakligi ta’kidlaganlar ham bor.
Xususan, o‘z davrida “Spartak” darvozasini qo‘riqlagan mashhur posbon Anzor Kavazashvili O‘runovning iste’dodiga ijobiy baho berib: “O‘runov mavsumni “Ufa”da o‘tkazdi va yaxshi tomonlarini ko‘rsata oldi. Oston Stukalov jamoasida asosiy figura bo‘la oldi. Shuning uchun ham “Spartak”ga kelsin. Men uning qaytishini qo‘llab-quvvatlayman”, - dedi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida “Paxtakor” mamlakat chempionligi va chempionat to‘purarligi qo‘lga kiritganidan keyin “Spartak”da yulduzli davrini o‘tkazgan Vaderiy Kechinov ham Ostonni qo‘llab-quvvatladi.
- O‘runov masalasida ko‘p narsa turli omillarga bog‘liq. Birinchi navbatda, jamoaga qaysi mutaxassis bosh murabbiy bo‘lishi muhim. Bundan tashqari, O‘runovning mavsumoldi yig‘inlarida qay holatda bo‘lishi ham ahamiyat kasb etadi. Oston futbol o‘ynay olishini hammamiz ko‘rdik. Uning texnikasi yaxshi, lekin ish hajmini to‘g‘ri bajarish bo‘yicha muammolar yo‘q emas. Shunga qaramay, O‘runov texnika nuqtai nazarida juda samarador o‘yinchi, - dedi Valeriy Kechinov.
“Spartak”ning sobiq ikki futbolchisi – Yuriy Gavrilov va Igor Ledyaxov esa, klub o‘zbek yarim himoyachisidan tezroq qutilish kerakligini ta’kidladi.
- O‘runov “Spartak”ga qanday yordam berishi mumkinligini bilmaymiz. Bu borada rahbariyat qaror qabul qiladi. Ostonning jamoa uchun foydali ish koeffitsenti juda pas. U hatto “Ufa”ga ham kerak emas. Ufaliklar nega unga maosh to‘lashi kerak? Shuning uchun ular futbolchini kelgan joyiga qaytarib yubordi. Endi nima qilishni “Spartak” hal qilsin, - dedi Yuriy Gavrilov.
- O‘runov – “Spartak” o‘yinchisi va shuning uchun ham uning masalasini klub hal qilishi talab etiladi. Futbolchining shartnomasi bor va uni bajarish kerak. Agar legioner jamoaga kerak bo‘lmasa, uni sotib yuborgan ma’qul.
Shaxsan men O‘runovni “Spartak”ning asosiy tarkibi o‘yinchisi, deb hisoblamayman. Jamoadagi boshqa yarim himoyachilar undan kuchli. O‘runov “Ufa”da uzoq vaqt o‘ynagani yo‘q.
“Spartak” yuqori saviyali klub va futbolchilarning darajasi ham shunga yarasha bo‘lishi kerak. O‘runov klubga mos emas, - dedi Igor Ledyaxov.
“Spartak”da porlagan “paxtakorchi” O‘runovga baho berdi!
“Roma” Messini tiz cho‘ktirgan futbolchini oladi!
Mourino bilan urishib qoldik!
PSJ bosh murabbiylikka Mourinoni olib keladi!
“Barselona” Shomurodovning tayyorgarligini sinovdan o‘tkazadi
Fikrlar