Oleg Zoteev: Koreya - futboldagi "umrimni" uzaytiradi

  • 27 iyun, 2020, 23:12
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ko‘p yillar davomida “Lokomotiv” klubida munosib o‘yinlar ko‘rsatgan qanot himoyachisi Oleg Zoteev endi Janubiy Koreyaning Key-2 ligasida «Chonnam Dragons” jamoasi sharafini himoya qiladi.

Tecno

Natijada u bilan suhbatlashishni niyat qilib qo‘ygandik. Ammo, u Janubiy Koreyaga etib borgach, dastlab ikki haftalik karantingan olingandi. Shu bois futbolchi karantin muddati tugashini kutib turishimizni so‘ragandi.

Nihoyat, karantindan chiqib, yangi klubi bilan shartnoma tuzganidan so‘ng uning o‘zi Sports.uz muxbiriga qo‘ng‘iroq qildi.

- Salom Oleg, sizni yangi klub a’zosiga aylanganingiz bilan tabriklayman. To‘g‘risi, yangi mavsumni “Lokomotiv”da boshlaganingiz sababli sizni legioner maqomiga ega bo‘lishingizni kutmagandik. Ayting-chi, voqealar rivoji oldindan jiddiy tus olayotganmidi yoki barchasi to‘satdan yuz berdimi?

- Avvalambor barchaga assalomu alaykum. Tabrik uchun rahmat. Bilasizmi, Janubiy Koreya klubi bilan fevral oyida muzokaralarga kirishgandik. Lekin koronavirus hamma joyga yoyilib ketdi. Natijada koreyslar bilan 27-28 fevral kunlari muzokaralar to‘xtab qoldi. Shunday qilib, muzokaralar tugadi va men “Lokomotiv”da o‘ynashda davom etdim. Aprel oyida esa ular yana aloqaga chiqishdi. Janubiy Koreyada chempionat may oyida boshlangan va hozirgacha beshta tur o‘tgan. Xullas, ikkinchi marta muzokaralar boshlangach, “Lokomotiv” rahbariyati bilan gaplashdim va mening ketishimga ruxsat berishdi. Mening Janubiy Koreyaga ketishim shunday yuz berdi.

- Tushunarli. Ammo pandemiya tufayli aviareyslar ham to‘xtatilgandi. Qiziq, siz qanday qilib Koreyaga jo‘nab ketdingiz?

- 10 iyun kuni Janubiy Koreyaga alohida reys bor edi. Qolaversa, klubdagilar menga viza yuborishdi va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishgandi. Shunday qilib, 10 iyun kuni ketdim va 11-kuni manzilga etib keldim. Shu zahotiyoq ikki haftalik karantinga kirdim.

- Sizni u erda qanday qarshi olishdi? Shuningdek, qancha muddatga shartnoma tuzildi? Umuman olganda, yangi klubingizdagi dastlabki taassurotlaringiz haqida ham to‘xtalsangiz.

- Hammasi yaxshi. Klub bilan 1,5 yilga mo‘ljallangan shartnomaga imzo chekdim. Ko‘rinib turibdiki, yangi jamoamda hamma mamnun – murabbiylar, futbolchilar va rahbariyat mening kelganimdan xursand bo‘lishdi. Sharoitlar ham ko‘ngildagidek. Jamoamning maqsadi esa jiddiy. Hozir Key-2 ligasida ishtirok etyapti, lekin asosiy vazifa Key-1 ligaga yo‘l olishdan iborat. O‘tgan yilgi mavsumda ham “Chonnam Dragons” Key-1 ligaga qaytish uchun rosa harakat qilgan, biroq maqsadiga erishishiga faqat uch ochko etmay qolgan ekan. Hozirgacha men yangi klubimda ikkita mashg‘ulotda ishtirok etdim.

zoteev_1

- Darvoqe, u erda koreyslar bilan qanday gaplashyapsiz? Til masalasida qiynalib qolmayapsizmi?

- Ular bilan ingliz tilida muloqot qilyapman. Chunki oz-moz bilardim, shu sababli o‘zaro muloqot jarayonida bemalol gaplarimni tushuntirib bera olyapman.

- Bilishimcha, siz yangi jamoangizda ham 33-raqamda o‘ynar ekansiz. “Lokomotiv”da ham shu raqamda o‘ynardingiz...

- Aslida 3 raqamlarini yoqtiraman (kuladi). Shu bois e’tibor bergan bo‘lsangiz, asosan 13 va 33-raqamlarda o‘ynaganman...

- To‘g‘ri, milliy termada sizni 13-raqam ostida ko‘rardik...

- Ha, to‘g‘ri. Terma jamoa va “Olmaliq” klubida aynan 13-raqamda to‘p surganman. “Bunyodkor”ga o‘tgan paytimda Lutfulla To‘raev u erda 13-raqamda o‘ynardi. Men esa 33 ni tanlaganman. Shundan beri ushbu raqam ostida to‘p surib kelyapman. Qizig‘i, “Lokomotiv”ga kelgan paytimda ham Lutfulla To‘raev o‘sha erda edi va 13-raqam unda edi. Natijada men yana 33 ni olgandim.

zoteev2_1

- Siz bilan bungacha ham bir necha bor gaplashganmiz va o‘shanda legioner sifatida chetda o‘ynash niyatingiz borligi haqida aytgandingiz. Bu borada sizga Rossiya, Eron va yana boshqa mamlakatlardan chaqiruvlar bo‘lganini ham bilamiz. Nihoyat, mana endi xorijdan legioner bo‘lib to‘p surish imkoniyatiga ega bo‘ldingiz. Lekin 31 yoshda chetda o‘ynashingizni inobatga olsak, siz uchun kech emasmi?

- Kech yoki kech emasligini faqat vaqt ko‘rsatadi. Nimaga Janubiy Koreyaga ketdim? Chunki menga u erdagi faoliyatim davomida jismoniy tayyorgarlik, taktika tomonlama yordam berishi kerak. Chunki mening niyatim shundayki, Koreyadagi faoliyatimdan keyin ham yana besh yilcha futbol o‘ynamoqchiman. Masalan, 1,5 yildan keyin O‘zbekistonga qaytsam ham o‘zimizning chempionatga yaxshi sport formasida qaytmoqchiman. Bir narsani tan olishim kerak, 5 iyul kuni 31 yoshni qarshi olaman. Sezyapmanki, o‘yinimda pasayish yuz berayotgandi. Koreyadan tushgan taklif esa men uchun ayni muddao bo‘ldi. Chunki mening yangi niyatlarim bor edi. Janubiy Koreyada esa futbolchilar jismonan kuchli. Menga esa mana shunday yangi chaqiruv kerak edi. Aslida bunday yoshda kamdan-kam futbolchi legionerga aylanadi. Men esa u erga qo‘rqmasdan ketdim. Endi esa bu yog‘i nima bo‘lishini faqat Xudo biladi. Lekin bu men uchun yangi chaqiruv edi. Shu boisdan boshqa mamlakatda hamma narsa menga yangicha bo‘lib tuyulmoqda. Bemalol ayta olamanki, bu oldinga tashlangan qadam bo‘ldi. Bilsangiz, o‘z vaqtida Timur Kapadze, Server Jeparov, Aleksandr Geynrix singari futbolchilarimiz ham Janubiy Koreyada o‘ynab, tajribalarini oshirib, 32-33 yoshlarida O‘zbekistonga qaytib, o‘zimizning chempionatda xotirjam ravishda o‘ynashgan. Balki men ham 33 yoshimda O‘zbekiston chempionatiga qaytib uch yilcha yuqori formada o‘ynarman.

- Siz Janubiy Koreyadagi ilk legionerimiz emassiz. Chunki ayni paytda u erda bir nechta hamyurtlarimiz to‘p surishmoqda. Koreyaga ketishdan avval o‘sha chempionatda o‘ynayotgan hamyurtlarimiz bilan maslahatlashdingizmi?

- To‘g‘risini aytsam, bu masalada hech kimdan maslahat olganim yo‘q. Shunchaki, ular bilan salom-alik qilib, gaplashib turaman xolos. Bilasizmi, mening qarorim qat’iy edi va Janubiy Koreyaga ketishga ahd qilib qo‘ygandim.

- Dastlabki o‘yiningizni kutib hayajonlanmayapsizmi?

- Hayajon biroz bor, yo‘q emas. Lekin, bilasizmi, men uch oy davomida futbol o‘ynaganim yo‘q. Oxirgi marta o‘zimizning chempionatimizda 15 mart kuni rasmiy uchrashuvda to‘p surgandim. To‘g‘ri, yangi klubimda mashg‘ulotlarda qatnashishga kirishdim. Biroq baribir mashg‘ulot boshqa, rasmiy o‘yin boshqa. Bu men uchun sinov ekanligini ham yaxshi tushunib turibman. Chunki yangi mamlakat, yangi klub, yangi taktika...moslashishimga vaqt kerak. Ertaga rasmiy o‘yinimiz bor, menimcha 1 iyul kuni bo‘ladigan uchrashuvda maydonga tushsam kerak. Nima bo‘lganda ham 3-4 ta o‘yin menga qiyin bo‘lishini bilib turibman. Axir uch oy futbolsiz yurdim va bu juda katta tanaffus. Koreyada esa 8 ta tur o‘tkazib bo‘lingan. Tabiiyki, futbolchilar yaxshi sport formasida va kuchlari ham ko‘p. Shu sinovdan o‘tib olsam hammasi yaxshi bo‘ladi. Aslida har qanday legioner uchun boshqa mamlakatda to‘p surish bu katta sinov hisoblanadi. Boz ustiga men 31 ga kirdim va endi yosh o‘yinchi emasman. Demak, menga o‘ylaganimdan ham ko‘ra, ikki barobar ko‘proq qiyin bo‘ladi. Menga boshqa bunday imkoniyat bo‘lmaydi. Shunday ekan, bu erda yo o‘ynashim kerak yoki aksincha.

zoteev5

- Janubiy Koreyada ham futbolchilarga yaxshi haq to‘lashadi. Bu borada “Lokomotiv”dagi oylik maoshingiz bilan solishtirganda farqi katta bo‘lsa kerak-a?

- (Kuladi) Bu savolga keyingi yili ham Koreyada qolsam, keyin aytaman. Axir bu erga endigina keldim. Men futbolni sevaman. Ko‘pchilik esa mening bu tanlovimni u qadar oqlashmadi. Nega ketding, u erda qiyin bo‘ladi, senga shu kerakmidi, “Lokomotiv”da asosiy tarkibning 100 foizlik o‘yinchisi eding, u erda o‘ynab yursang bo‘lmasmidi, degan gaplarni aytishdi. Xullas, ko‘pchilik bu qarorimni tavakkal deb hisoblashmoqda. Albatta, yangi jamoamda o‘zimni ko‘rsatishim va nimalarga qodirligimni isbotlashim kerak. Qani, yarim yil o‘ynab ko‘raychi, keyin to‘g‘ri yo noto‘g‘ri yo‘l tutganimni vaqt ko‘rsatadi. Oldimizda yana 20 ta tur bor.   

- Sobiq klubingiz – “Lokomotiv”ning ishlari yaxshi emas. Ular ketma-ket uchta o‘yindan beri yutqazayotganini bilasiz. Sizningcha, bu nima bilan bog‘liq?

- Fikrimni aytadigan bo‘lsam, “Lokomotiv” besh yil ichida 3 marta O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. 2 tadan O‘zbekiston Kubogi va Superkubogini ham qo‘lga kiritdi. Bu yil esa jamoadan 8-9 nafar etakchi futbolchilar ketishdi. Tajribali o‘yinchilardan esa 2-3 nafari qolgan. Tarkibga esa yangi o‘yinchilar qo‘shilishgan. Ularning klubga moslashib ketishiga biroz vaqt kerak. Masalan, “Real”da ham Evropa Chempionlar ligasini uch marta yutganidan keyin pasayish bo‘ldi. “Barselona”da ham shunday holat kuzatildi. Ayniqsa, Xavi, Inesta kabi etakchilar ketishgach, “Barsa”da muammolar boshlandi. Shunday ekan, “Lokomotiv”ga ham vaqt zarur. Chunki klubga Osiyo Chempionlar ligasi va milliy terma jamoada o‘ynamagan yosh futbolchilar kelishgan. “Loko”da ko‘pni ko‘rgan etakchilardan Ignatiy Nesterov, Vadim Afonin hamda Kaxi Maxaradze bor. Shu bois bunday paytda baribir jamoaga qiyin bo‘lishi turgan gap. Ammo “Lokomotiv” hali qaytadi.

- Shuningdek, bosh murabbiy Andrey Fyodorovning ham iste’foga chiqishi mumkinligi borasida eshitib turibmiz. Bu haqida nima degan bo‘lardingiz?

- Unga ham vaqt kerak. Nimaga? Chunki “Loko” uning boshchiligida yangicha taktikada o‘ynayapti. Tarkibda esa boya aytganimdek, yosh o‘yinchilar ko‘p. Fikrim shundayki Fyodorov klubda qolishi kerak. Chunki u “Lokomotiv”ni yaxshi biladi. Yangi murabbiy kelsa, uning taktikasiga va falsafasiga moslashishiga ham yana vaqt kerak bo‘ladi. Oqibatda shu tarkib bilan natija ko‘rsata olmaydi. Hozirgi yigitlarni esa Fyodorovning o‘zi yaxshi biladi. Aslida har qanday mutaxassisning o‘ziga yarasha taktik uslublari mavjud. Andrey Fyodorovning ham o‘ylaganlarini amalga tatbiq etishi birdaniga yuz berib qolmaydi, biroz vaqt berish kerak.

zoteev4_1

- Yana milliy terma jamoamizga qaytishingizga ishonasizmi? Balki legioner sifatida faoliyat olib borishingiz bu borada yordam berar?!

- Buni ham vaqt ko‘rsatadi. Oktyabr oyida FIFA kunlari. Agar Janubiy Koreyada yaxshi o‘ynab ketsam, demak to‘g‘ri qilgan bo‘laman. Agar zaxirada qolib ketsam, men uchun noto‘g‘ri bo‘ladi. Lekin hozirdan bir narsa deyish qiyin. Hali oktyabrda terma jamoamiz o‘ynaydimi-yo‘qmi, buni bilib bo‘lmaydi. Hali Janubiy Koreya chempionatida ham o‘ynay olamanmi yo yo‘qmi, bunisi ham noma’lum. Chunki ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. To‘g‘risi, Janubiy Koreyada futbolchilar juda tez. Jamoamning mashg‘ulotlarida ham o‘yinchilarning tekzorligi yaqqol bilinib turibdi. Bu borada O‘zbekiston chempionatidan farqi ko‘rinyapti.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!