Oksana Chusovitina Osiyo Olimpiya kengashining gender tenglik mavzusiga bag‘ishlangan seminarida nutq so‘zladi

  • 1 noyabr, 2022, 20:00
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Boshqalar
BEPUL PROPAN

Bahraynning Manama shahrida Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) tomonidan Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining (XOQ) strategik yo‘l xaritasi, 2020+5 yilgi Olimpiya kun tartibiga muvofiq qit’ada gender tenglikni ta’minlash mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, ushbu tadbirda mamlakatimiz nomidan yurtimizda ayollar sportining faol targ‘ibotchilari, xususan, o‘zbek va jahon gimnastikasi afsonasi Oksana Chusovitina, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi bosh kotibi Kseniya Gulyamova, MOQ Xalqaro aloqalar departamenti bosh mutaxassisi Nargiza Xolmirzaeva ishtirok etishdi.

Ikki kun davomida o‘tkazilgan seminarda Oksana Chusovitina ham so‘z oldi. Gimnastika afsonasi hayoti va sport maydonida duch kelgan muammolari, ularni qanday engib o‘tgani, jamiyatda o‘z o‘rnini topishida sportning ahamiyati haqida to‘xtalib, uni tanlaganidan hech qachon afsuslanmasligi, aksincha bundan baxtiyor ekanini bildirdi. Shuningdek, barcha xotin-qizlarga o‘zlarining salomatligi uchun sport bilan muntazam shug‘ullanishni tavsiya qildi. Yakunda OOKning gender tenglik masalalari mas’uli Sheyxa Hayat bin Abdul Aziz Al Xalifa hamyurtimizga esdalik sovg‘asini topshirdi.

Tadbirda nutq so‘zlagan OOK prezidenti vazifasini bajaruvchi Raja Randhir Singx o‘z murojaatida barcha Milliy Olimpiya qo‘mitalari qit’ada ayollarning sportdagi harakatini rivojlantirish va uni yuksaltirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, OOK nafaqat musobaqa maydonida, balki sport tashkilotlari, ma’muriyat va boshqaruv o‘rinlarida ham ayollarga o‘z qobiliyatlarini ko‘rsatish uchun mustahkam platforma yaratishga ko‘maklashadi.

Seminar davomida hamyurtlarimiz Sheyxa Hayat bin Abdul Aziz Al Xalifa, shuningdek, bir qator xorijlik ayol mutasaddilar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, yurtimizda xotin-qizlar sporti rivojini yangi bosqichga olib chiqish kabi masalalar yuzasidan fikr almashishdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!