OFK prezidenti: O‘zbekistonda futbolni yanada rivojlantirish yo‘lida mana shunday ishlashda davom etsak, ko‘p natijalarga erishamiz

  • 11 may, 2022, 21:41
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar, xususan, joriy yil Toshkent va Qarshi shaharlarida o‘tkaziladigan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga tayyorgarlik jarayoni bilan yaqindan tanishish, mamlakatimizda futbolni yanada rivojlantirishga oid masalalarni muhokama qilish maqsadida Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa boshchiligidagi OFK delegatsiyasi mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Tecno

OFK prezidentiga tashkilot Bosh kotibi Datuk Seri Vindsor Jon va uning o‘rinbosari Voxid Kardani, shuningdek, bir nechta mas’ul vakillar hamrohlik qilmoqda. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida OFK delegatsiyasini Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov kutib olishdi. Shundan so‘ng rasmiylar MOQga tashrif buyurdilar. Unda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish mavzusida uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbatda Adham Ikramov OFK rahbarini mamlakatimizda futbol ommaviyligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirdi.

- Siz kabi faxriy mehmonlarni qabul qilish biz uchun sharaf. Mamlakatimiz va OFK o‘rtasidagi do‘stona aloqalar yildan yilga mustahkamlanib bormoqda. Sir emaski, futbol yoshlarimiz orasidagi eng sevimli sport turlaridan. Sportni rivojlantirish vazirligi, O‘FA va MOQ yurtimizda futbolni yanada rivojlantirish, uning ommaviyligini oshirish bo‘yicha hamkorlikda faoliyat yuritmoqda. Hozir assotsiatsiyamizda kuchli jamoa shakllandi. Ular futbol ommaviyligini mahallalardan boshlab tatbiq qilmoqda. Bu seleksiya ishlariga ham yordam beradi. Mamlakatimizda futbolni rivojlantirishga shaxsan Prezidentimizning o‘zlari e’tibor qaratmoqdalar, – dedi Sportni rivojlantirish vaziri.

photo_2022-05-11_15-18-32

O‘z navbatida, OFK prezidenti ham bu borada olib borilayotgan o‘zgarishlar o‘zining ijobiy samarasini berayotganini ta’kidladi.

- Men va jamoamni iliq kutib olganingiz uchun tashakkur bildiramiz. O‘zbekistonga qilgan so‘nggi tashrifim va hozirgi holatni solishtirsak, davlatingizda har tomonlama katta o‘sishni ko‘rish mumkin. Haqiqatan ham, O‘FAda kuchli jamoa tuzilib, samarali faoliyat olib bormoqda. OFK O‘zbekistonga shunchaki a’zosi emas, o‘zining eng yaqin hamkorlaridan biri sifatida qaraydi. Mamlakatingizda futbolni yanada rivojlantirish yo‘lida mana shunday ishlashda davom etsak, ko‘p natijalarga erishamiz. Buning uchun O‘zbekistonda yaxshi infratuzilma mavjud, – dedi Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa.

photo_2022-05-11_14-51-54

Suhbat davomida Toshkentda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatini yuqori saviyada o‘tkazish, mamlakatimizda murabbiylik, hakamlik sohalarida malakali kadrlarni tayyorlash, futbol ommaviyligini oshirish mavzularida fikr almashildi. Shundan so‘ng Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining faoliyati bilan tanishdi.

photo_2022-05-11_14-51-57

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!