
O‘FA prezidenti MTJ a’zolari bilan uchrashdi
Xabaringiz bor, iyun oyida futbol bo‘yicha "JCh-2022" hamda "Osiyo Kkubogi-2023" qo‘shma saralash bahslari doirasida terma jamoamiz joy olgan guruhning qolgan o‘yinlari Saudiya Arabistonida markazlashgan tarzda bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Singapur, Yaman va Saudiya Arabistoni vakillariga qarshi o‘ynaydi.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi rasmiy saytining ma’lum qililishcha, bugun safar oldidan O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov O‘zbekiston MTJ a’zolari bilan uchrashdi. Unda, shuningdek, MOQ raisining birinchi o‘rinbosari, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov, O‘zbekiston futbol faxriylari kengashi raisi To‘lagan Isoqov ham ishtirok etishdi. Futbolimiz rahbari Milliy jamoamiz oldida turgan musobaqalarning mas’uliyati, nomzodlarning asosiy tarkibga loyiqligini isbotlashi qanchalik zarurligi, har bir o‘yinga sidqidildan tayyorlanish lozimligi haqida gapirib o‘tdi.
Ijobiy natijaga erishish uchun O‘FA tomonidan barcha zarur sharoitlar taqdim etilishi ta’kidlandi. Jamoa etakchilari ham ushbu bahslar haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Samimiy ruhda o‘tgan suhbat yakunida Abdusalom Abdumavlonovich mas’uliyatli turnirda jamoaga omad tiladi.
O‘zbekiston MTJ ertaga so‘nggi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazish uchun BAAga jo‘nab ketadi.
Fikrlar