
"Odil Junior"ga bolalar saralab olinayotgani, ota-onalardan pul olinmasligi, kelajakda katta klub tuzilishi va boshqa mavzularda Zayniddin Tojiev bilan suhbat
Kecha 14 yoshli bolalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatining transliyatsiyasida ishladik. Fursatdan foydalanib, "Odil Junior" jamoasi bosh murabbiyi Zayniddin Tojievni suhbatga tortdik.
- Bolalar futbolidagi muammolar haqida hamma gapiryapti, ammo hech narsa o‘zgarmayapti. Bugun "Sog‘diona" klubining yoshlari maydonga tushgan epikirovkani ko‘rib, xafa bo‘lib ketdim. Umuman, bu sohadagi ishlar qanday ketyapti?
- Gapingizda jon bor. Bizda hammasi boshqacha. Bu — shaxsiy loyiha. Shu bois hech qanday moliyaviy muammolar yo‘q. Bolalarga kerakli barcha narsani Odil (Ahmedov) etkazib beryapti. Biz murabbiylarning vazifasi — bu imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish xolos. Rahbarimiz Beruniydagi maydonni to‘liq yangilab berdi. O‘zimiz tanlangan yo‘nalishda harakat qilyapmiz. Shu yildan boshlab, Ahmedov klubga katta e’tibor qaratmoqda. Tez orada xorijlik mutaxassisni ishga jalb etishni rejalashtirganmiz. Bizga jismoniy tayyorgarlikka javob beradigan mutaxassis zarur. Gap shundaki, 14 yoshdagi bolaga qanday yuklamalar mumkinligi borasida top darajadagi murabbiy belgilab berishi, kelajakda katta foyda keltiradi. Undan olgan ko‘nikmalarimiz orqali futbolimiz uchun naf chiqarish niyatidamiz.
- "Odil Junior" haqida so‘zladingiz. Aytingchi, bu futbolimiz rivoji uchun boshlangan loyihami, yoki biznes reja?
- Avvaliga bu shunchaki Odil tomonidan o‘zbek futboliga ko‘maklashish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan xayrli ish edi. Mana endi, bu jamoaga jiddiy e’tibor qaratila boshlandi. Bolalar katta bo‘lib qoldi. Hozir bizning agentlarimiz ular bilan ishlamoqda. Shunga qaramay, hali birorta futbolchini sotish maqsadida tarbiyalamaganmiz. Ular ulg‘aysin, yaxshi futbolchi bo‘lib etishsin. MTJ uchun naf keltirsin. Asosiy maqsadimiz shu. Qolgani — vaziyatdan kelib chiqib qabul qilinadigan qarorlar.
- Zayniddin Tojievni "Odil Junior"ga kim taklif qildi?
- Futbolchi bo‘lib yurgan paytimda Baxtiyor Ashurmatov murabbiylik kursida o‘qishni tavsiya qilgandi. Men buni rad etgandim. O‘g‘lim "Lokomotiv" yoshlari safida to‘p surar edi. Uning o‘yinlarini ko‘rish maqsadida stadionga borib turganimni ko‘rgan, Sunnatulla Ro‘ziev, "keling, "Lokomotiv"da menga yordam berasiz", — dedi. Murabbiy bo‘lish uchun Jismoniy tarbiya insitutida o‘qidim. C va B litsenziyalarga o‘qidim. Hammasi ko‘ngildagidek bo‘lgach, "Lokomotiv" bilan ishlay olmadim. Ayrim odamlar o‘rtaga suqilgach, ketishga majbur bo‘ldim. Keyinchalik JFLda bir muddat ishladim. KO‘p o‘tmay, menga "Odil Junior" jamoasidan taklif kelib tushdi.
- Hozir odamlar orasida "Odil Junior"da tanish-bilish yo‘q, degan atama bor. Bunga qanday izoh berasiz?
- Bu haqiqat. 2006,2007,2008-yilda tug‘ilgan bollarni shug‘ullantirdim. 5 yil davomida, hali birorta yosh bolani kimningdir "zakazi" uchun jamoaga olishganini ko‘rmadim. Biz shaxsiy loyiha bo‘lganimiz uchun ishlash printsiplarimiz o‘zgacha. Qolgan akademiyalarda qanday ekanligini bilmaymanu, lekin bizda doim kuchli bolalar shug‘ullanadi.
- "Odil Junior"da farzandi shug‘ullanishini istagan odamlar bir oyda qancha pul to‘lashi kerak?
- Biz o‘z shogirdlarimizdan pul olmaymiz. Iqtidori bo‘lsa kifoya. Avvalari, barcha bolalarni akademiyaga qabul qilar edik. Hozir esa klub siyosati o‘zgardi. Endi bolalarni saralab olyapmiz. Odil bizga maosh to‘lamoqda. U natijani bizdan talab qiladi. Mana, hamma sharoitlar bor. Ota-onalardan pul talab qilmaymiz. Asosiysi vazifamiz — yaxshi futbolchilarni akdemiyaga olib kelish. Ko‘z tegmasin, o‘tgan yili barcha yoshdagi futbolchilarimiz chempionatda finalga qadar etib bordi. Ba’zilari g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, boshqalari mag‘lubiyatga uchradi. Natija muhim emas, ammo qisqa muddatda kuchli akademiyani tuzishga erishganimizdan xursand bo‘ldik. Bu biz uchun katta yutuq. "Paxtakor", "Nasaf", "Lokomotiv" singari grandlar bilan tengma-teng kurash olib bordik.
- Bu yigitlar, 3–4 yildan keyin katta futbolchiga aylanadi. Professional klub tuzish rejasi bormi?
- Bu bizga beriladigan savol emas. Odil selektsionerlar bilan ishlayapti. Loyihaning moddiy tomoniga u javob beradi. Shu boisdan, so‘nggi so‘zni aynan Odil aytishi kerak. Agar u akademiyani yanada yuqori darajaga olib chiqish niyatida bo‘lsa, biz ishdan qochmaymiz.
Yaxyoho‘ja Ulug‘xo‘jaev suhbatlashdi.
Fikrlar