
Neymarning keyingi jamoasi nomi ma’lum bo‘ldi
“Al-Hilol”ning braziliyalik yulduzi Neymar Saudiya Arabistonidan ketishni rejalashtiryapti.
Avvalroq, hujumchi “Barselona”ga o‘tishni istayotgani va saudiyaliklardan o‘zini Kataloniya klubiga ijaraga berishni so‘ragani haqida ma’lumotlar tarqatilgan edi.
Biroq UOL nashri 31 yoshli forvard boshqacha qarorga kelganini yozmoqda. Manbaga ko‘ra, Neymar 2025 yili “Santos”ga qaytmoqchi. Bu orqali u 2026 yili Amerika qit’asida bo‘ladigan jahon chempionatiga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqchi.
Ma’lumotlarga qaraganda, “Santos” xo‘jayini Neymarning ota-onasi bilan do‘stona munosabatga ega va ular yordamida futbolchining jamoaga o‘tishini hal qila olishiga ishonyapti.
Ayni paytda Neymarning o‘zi Braziliya terma jamoasi safida olgan jarohatini davolatish bilan band. Uzoq vaqtdan beri davolanayotgan futbolchi “Al-Hilol”ga yordam bera olayotgani yo‘q.
Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tganidan beri Neymar atigi beshta uchrashuvda qatnashib, bitta gol va uchta assist qayd etgan.
Fikrlar