
"Navbahor"da OChL o‘yinlari oldidan yig‘ilish o‘tkazildi
Bugun “Navbahor” uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan "Markaziy" stadionning anjumanlar zalida Osiyo Chempionlar Ligasi (OChL) o‘yinlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun mazkur stadionda Osiyo Futbol konfederatsiyasi (OFK) talablarini ta’minlashga oid masalalar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Unda Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Botirjon Nuritdinov, Namangan shahar hokimi G‘ofurjon Djamalov hamda "Navbahor" PFK vitse-prezidenti Otabek Samatov boshchiligidagi "Navbahor" klubi vakillari, "Markaziy" o‘yingoh rahbariyati va OChL o‘yinlarini yuqori saviyada o‘tkazilishiga mas’ul tashkilot rahbarlari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda OFK talablaridan kelib chiqqan holda, “Navbahor” jamoasining OChL o‘yinlariga oid masalalarni hal etish, viloyatga tashrif buyuradigan raqib futbol jamoalari vakillarini tantanali kutib olish, tadbirlar o‘tkaziladigan ob’ektlar va ularning atrof-hududlarida jamoat tartibini saqlash, stadionni internet tarmog‘i hamda zaruriy tibbiy anjomlar, dori vositalari bilan ta’minlash, tez tibbiy yordam brigadasi hamda avtomashinalar navbatchiligini tashkillashtirishga oid masalalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish so‘ngida barcha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalarni o‘z muddatida bajarilishi va uni doimiy nazoratga olinishi, ishlar nazorati bo‘yicha ishchi guruh shtabi tashkil etildi.
Fikrlar