"Navbahor","Nasaf" va "Paxtakor"! Bu turda kim nimani boy berganini bilasizmi?
Hozirgina o‘z yakuniga etgan 23-turning 2 o‘yini chempionat g‘olibligini aniqlab berishda katta rol o‘ynab yuborishi mumkin. Bugungi uchrashuvdan keyin jamoalarning o‘rinlari va ular yo‘qotgan narsalar haqida batafsil to‘xtalib o‘tamiz.
Bugun og‘ir kun bo‘ldi. 100 daqiqa davomida ikkita o‘ta muhim bahsni onlayn tomosha qildim. Bir-biridan zo‘r ikkita match guvohi bo‘ldik. Birinchi navbatda "Olimpik" va "Bunyodkor"ga respekt! Aytarli ambitsiyasi qolmaganiga qaramay, liga "avtoriteti" uchun "jang" qilib berishdi. "Nasaf" va "Navbahor" esa, shunchaki o‘z imkoniyatini yo‘qqa chiqardi. Hozir, kimnidir aybdor qilish, hakamlar yoki boshqa narsadan ayb izlashning hojati yo‘q. "Nasaf" ham "Navbahor" ham shunchaki o‘z imkoniyatini ko‘kka sovurdi. Bu futbol va unda 3 ochko faqat raqibdan ko‘proq gol kiritgan jamoaga nasib etadi. Menimcha, ikki o‘yini bir vaqtda bo‘lgani ham ikki jamoaga ta’sir ko‘rsatdi. Ikkisi ham elkasida katta bosim bilan o‘yinga chiqdi. Avvaliga "Nasaf" gol o‘tkazib yuborganda "Navbahor" shoshgan bo‘lsa, "ajdarlar" "Navbahor" ortda qolayotganda hammasini hal qilishga intildi. Yakunda, ikkisi ham 3 ochkodan mosuvo bo‘ldi.

Turnir jadvalidagi holatga razm solsak, aytarli katta o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. "Ajdarlar" asosiy raqobatchisi bilan bu turda bir xil ochko jamg‘ardi. "Navbahor" hozir ham qolgan 3 ta tur davomidagi o‘yinlaridan kelib chiqib chempionlik imkoniyatini o‘z qo‘lida saqlab qoldi. "Navbahor" bu turda "Nasaf"dan ko‘ra ko‘proq narsa yutqazdi. Sababi, Samvel Babayan shogirdlari 2-pog‘onadan pastga tushib, "sherlar"ni tepaga chiqarib yubordi. Endilikda, OChLga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma uchun "Navbahor" kubogda zafar quchishi yoki "Paxtakor"ning Superligadagi qolgan o‘yinlarida ochko yo‘qotishini kutishiga to‘g‘ri keladi. Har holda, milliy birinchilikdagi ikkinchi o‘rin "Navbahor"ga kubok finalidagi natijadan qat’iy nazar OChLga saralashda ishtirok etmay yo‘l olish imkoniyatini taqdim etishi mumkin edi.
O‘zbekiston Superligasi yakunlanishiga 3 tur qoldi. Ayni vaqtda chempionlik uchun 3 ta klub, "Nasaf" (46 ochko), "Paxtakor" (45 ochko), "Navbahor" (44) kurash olib boryapti. Quyida mazkur jamoalarning keyingi turdagi raqiblari bilan tanishib chiqishingiz mumkin:
24-tur
"Nasaf" - "Dinamo"
"Lokomotiv" - "Navbahor"
"Paxtakor" - "So‘g‘diyona"
25-tur
"Nasaf" - "Neftchi"
"Metallurg" - "Navbahor"
"Paxtakor" - "Qizilqum"
26-tur
"Olimpik" - "Nasaf"
"Navbahor" - AGMK
"Bunyodkor" - "Paxtakor"
Vaziyat turnir jadvalida ancha chigallashib ketdi. "Paxtakor" kurashga qo‘shildi. Bu endi "Nasaf"ga yana bosim yuklashi aniq. Endi bir emas, ikki jamoa ortidan quvib kelishni boshladi. E’tiborlisi, "Paxtakor"ning taqvimi kuchli uchlikdagilar orasida nisbatan engilroq. Boz ustiga, "sherlar" mavsumni qutqarib qolish uchun so‘nggi imkoniyatga ega bo‘ldi va undan tish-tirnog‘i bilan foydalanishga intiladi. Xullas, oxirgi 20 yil ichidagi eng intrigaga boy chempionatni tomosha qilyapmiz. Uning har bir soniyasidan zavq olishga intiling!
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev



Fikrlar