"Nasaf" aprel oyigacha uy o‘yinlarini Sho‘rtan" maydonida o‘tkazadi!

  • 10 dekabr, 22:41
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

"Nasaf" stadioni maysasi yangilanadi. Bu haqda O‘zPFL matbuot xizmati xabar berdi.

Tecno

"Kecha — 9 dekabr kuni Liga ishchi guruhi Qarshi shahrida bo‘lib, "Nasaf" klubi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Markaziy stadion bo‘yicha rejalar bo‘yicha uchrashuvda Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi direktori Shuhrat Aslanov ham bevosita ishtirok etdi. 

Qarshi "Markaziy" Respublikaning eng oldi stadionlaridan bo‘lib, u xalqaro bellashuvlarga mezbonlik qilish bo‘yicha ham katta tajribaga ega. Maydon parvarishi, uning tekislik yuzasi, drenaj va sug‘orish tizimi bir necha yillardan buyon yaxshi holatda. Biroq pandemiya davridagi uzilishlar sabab maysa ichida qator begona o‘tlar paydo bo‘ldi va shunday holatda ham "Nasaf" 5 yil davomida maydonni yaxshi saviyada ushlab turdi.

Avvalroq "Nasaf" 2025 yil davomida oldindan harakat qilib, "Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi"ga qarashli hududda yangi maysa plantatsiyasini tashkil qilgani haqida xabar bergandik. O‘tgan davr davomida maysa to‘liq parvarish qilindi va ayni vaqtda u yaxshi holatga kirib ulgurdi. Shundan kelib chiqib, yangi mavsum oldidan "Markaziy" stadiondagi amaldagi maysa olib tashlanib, unga plantatsiyadagi maysa yotqizilishi rejalashtirilgan. Keyinchalik mazkur tajriba amalga to‘liq tadbiq etiladi. Sir emaski, "Nasaf" klubi har yili kamida 1 ta stadionli maysani qolgan klublarga ham etkazib berish bilan shug‘ullanib keladi.

Stadion bo‘yicha keng ko‘lamli amaliy ishlar tez orada boshlanadi. Rejaga ko‘ra, Markaziy maydoni kelasi yilning aprel oyida rasmiy uchrashuvlarni qabul qilishga tayyor bo‘ladi. Unga qadar "Nasaf" o‘zining uy uchrashuvlarini "Sho‘rtan" maydonida o‘tkazadi. Bunda bir jihatga e’tibor qaratish lozim, agar yangi maysa stadionning o‘zida ekilganida, "Nasaf" iyun oyiga qadar neytral maydondan foydalanishiga to‘g‘ri kelardi. Plantatsiyadagi tayyor maysa esa muddatni yaqinlashtirish uchun xizmat qiladi. 

Liga va klub o‘rtasidagi uchrashuvda kelasi yil uchun mo‘ljallangan qator boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Ishchi guruh Proliga masalasida ham o‘rganishlarni amalga oshirayotgan bo‘lib, Qarshidagi Geolog stadioni va uning kelgusidagi rejalari xususida ham kelishuvlarga erishdi. Shuningdek, Beshkent majmuasi ham ko‘zdan kechirildi. Mazkur hudud Liganing kelgusidagi loyihalari uchun muhim ahamiyat kasb etadi. 

Ishonamizki, 2026 yilgi mavsumda Markaziy stadioni yangi qiyofa kasb etadi. Liga Nasaf klubining siyosati va rejalarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi hamda ishga bo‘lgan professional yondashuvini qadrlaydi", - deya yozdi O‘zPFL matbuoti.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!