
"Nasaf", "Navbahor", "Neftchi" va yana 5 klub jazolanadi
PFL reglamentga yuzaki munosabatda bo‘lgan Superliganing 8 klubini jazolaydi. Bu haqda PFL matbuot xizmati xabar berdi.
“Superliga va Proliga reglamenti”ning 10.18-bandiga ko‘ra Superliga klubi rasmiy uchrashuvlar davomida futbolchining funktsional holatini masofadan turib monitoring qilish imkonini beruvchi moslamadan foydalanishi hamda bu bo‘yicha hisobotni O‘FA uchun taqdim etib borishi belgilangan.
O‘zini hurmat qilgan har qanday murabbiy uchun bu kabi moslamadan foydalanish odatiy holga aylangan. Biroq o‘zbekistonlik mutaxassislar mazkur masalaga yuzaki qarab kelayotganidan kelib chiqib, Liga assotsiatsiya bilan hamkorlikda uni reglamentga kiritishga majbur bo‘lgan. O‘FA terma jamoalarida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar futbolchilar holatini tahlil qilib borishi uchun ham hisobot muhim hisoblanadi. Biroq 2023 yilgi mavsum davomida terma murabbiylari bu borada qiyinchilikka duch keldi.
Sababi Superliganing 8 klubi mazkur masalaga nisbatan yuzaki munosabatda bo‘lgan. Jumladan, OKMK va "Nasaf" klublari bu kabi moslamaga ega emas. "Bunyodkor", "Navbahor", "Metallurg", "Buxoro", "Neftchi" klublarida faoliyat olib boruvchi tahlilchilar O‘FA mutaxassislariga hisobot taqdim etmagan. "Andijon" masalasida faqatgina birinchi davra o‘yinlari hisoboti mavjud, ikkinchi davradan boshlab reglament talablarini bajarish to‘xtagan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5887-sonli farmonida professional futbol klublari faoliyatini yanada rivojlantirish uchun ularda innovatsion laboratoriyalar tashkil etish, shu jumladan, futbolchilar jismoniy tayyorgarligini masofadan kuzatish qurilmalari va zamonaviy imitatsiya uskunalari bilan ta’minlash masalasiga e’tibor qaratilgan. Shundan kelib chiqib, O‘FA 2021 hamda 2022 yilgi mavsumlarda Superliganing har bir klubiga foydalanishi uchun Koreyaning Fitogether kompaniyasiga tegishli 36 donadan moslamani bepul bergandi. Ammo shundan keyin ham ayrim klublar zamonaviy talablar asosida faoliyat ko‘rsatmayotgani, futbolchilar holati, ulardagi oylik, yillik o‘zgarishlar, o‘sishlar yoki pasayishlarni tahlil qilishning to‘laqonli imkoniyatini bermayapti.
Futbol klublari butun mavsum davomida reglament talabiga bepisand munosabatda bo‘lgani, shuningdek, O‘FAning haqli rasmiy e’tirozidan kelib chiqib, ish tegishli qo‘mitaga oshiriladi. Qo‘mita yig‘ilishiga qadar biror futbol klubi mavjud hisobotni O‘FA uchun rasman taqdim etsa, jazo chorasi nisbatan engillashtiriladi.
Fikrlar
2) O'FAni o'zi ham klublar uchun yil davomida nima yordam bergani haqida hisobot bermaydimi?