Nafaqat markaziy, balki yil o‘yini yoxud Superligada 15-tur boshlanyapti

  • 9 avgust, 2024, 11:15
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun Superliganing 15-turiga start beriladi. Uchrashuvlar 9-12 avgust kunlariga belgilangan. Ma’lumki 14-turda 4 ta o‘yin qoldirilgandi. Ammo bu safar barcha o‘yinlar reja asosida qoldirilishlarsiz o‘tkaziladi.

Tecno

Siz bilan bizni esa Qarshi va Olmaliqda markaziy to‘qnashuvlar kutmoqda. “Nasaf” – “Paxtakor” va OKMK – “Navbahor” ishtirokidagi bahsga ortiqcha ta’rif shart bo‘lmasa kerak. Lekin qolgan to‘qnashuvlarda ham o‘yin harorati xuddi yozning issiq harorati kabi o‘tishiga ishonavering.  

9 avgust

19:00. “Lokomotiv” – “Olimpik”

Aleksandr Krestinin boshchiligidagi “Lokomotiv” bu safar o‘z uyida yoshlardan tashkil topgan “Olimpik”ni qabul qiladi. Yaqinda Timur Kapadze rasman “Olimpik”dan ketganini e’lon qildi. Endi Server Jeparov va Denis Korostichenko boshchiligida jamoa mavsumni davom ettiradi. Korostichenko ilgari “Lokomotiv”da ishlagan va klubga bosh murabbiylik ham qilgan. O‘tgan turda “Metallurg” bilan durang o‘ynagan “temiryo‘lchilar” tezroq xavfli hududni tark etish va yuqori o‘rinlarga ko‘tarilish harakatida. Ustunlik “Loko” tomonida ekanligi aytilmoqda. Faqat buni amalda ham isbotlash lozim.

10 avgust

19:00. “Neftchi” – “Dinamo”

Farg‘onada jiddiy qarama-qarshilik guvohi bo‘lamiz. Birinchi davrada ko‘p ochkolarni boy bergan “Neftchi” chempionlik uchun yo‘lidagi kurashda endi ikkinchi davrada yo‘qotilgan ochkolari o‘rnini qoplashi talab qilinadi. Vadim Abramov jamoasi hujumkorlikni yoqtirishini bilasiz. “Neftchi” uchun natija nihoyatda muhim. “Dinamo” safarda o‘ynayotgani uchun ularda bosim ozroq va bu holat mezbonlarda yuqoriroq. Imkoniyatlar hozircha teng baholanmoqda.

20.00. “Nasaf” – “Paxtakor”

Shubhasiz, bu bellashuv turning markaziy uchrashuvi hisoblanadi. Chempionlik uchun kurashdagi ikki asosiy raqobatchilar to‘qnashuvini o‘tkazib yuborib bo‘lmaydi. Ikkala jamoa ham ikkinchi davrada tarkibida ayrim o‘zgarishlarga qo‘l urdi. Ayniqsa, “Paxtakor” birinchi davraga nisbatan tarkibini bir muncha kuchaytirdi. Ko‘pchilik, Maksim Shatskix jamoasining o‘yini ikkinchi davrada ancha kuchayishini taxmin qilmoqdalar. “Nasaf” va “Paxtakor” bir-birini juda yaxshi biladi. Murabbiylar to‘qnashuvi va maydonda futbolchilarning individual to‘qnashuvlariga ham guvoh bo‘lamiz. Lekin jamoaviy o‘yin bo‘yicha ustunlikni kimda ko‘ramiz va bu hol tabloda o‘z aksini toparmikin? Buni o‘sha kuni bilib olamiz.

11 avgust

19:00. “So‘g‘diyona” – “Metallurg”

“So‘g‘diyona” 7 avgust kuni Jizzaxda “Navbahor”ga qarshi O‘zbekiston Kubogi chorak finali doirasida dramatik o‘yinni o‘tkazib 2:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi va endi bor e’tiborini chempionat bahslariga qaratishga majbur. O‘yin oldidan Ivan Boshkovich jamoasining imkoniyati yuqori baholanyapti. Taqqoslash uchun: “So‘g‘diyona” 23 ochko bilan 3-o‘rinda, “Metallurg” esa 8 ochko bilan 13-pog‘onada. Superligada hali g‘alaba qozonmagan yagona jamoa bo‘lib turibdi. Shu faktorning o‘ziyoq bekobodliklar uchun o‘yin qanchalik muhimligi va ularga g‘alaba suv va havodek zarurligi ko‘rinib turibdi. Biroq medallar uchun kurashayotgan “So‘g‘diyona”ga ham g‘alaba mehmonlardan kam bo‘lmagan holatda zarur. Bu o‘yinni kuzatish ham ancha qiziq bo‘ladi. Yutqazishga haqqi qolmagan “Metallurg” Jizzaxdan ijobiy natija bilan qaytishi uchun ikki hissa ko‘proq kuch bilan to‘p surishi shart. Durang ham balki mehmonlar uchun ijobiy natijaga aylansa ajab emas.

20:00. “Bunyodkor” – “Andijon”

7 avgust kuni Qarshida “Qizilqum”ni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratib o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston Kubogi yarim finaliga chiqqan “Andijon” chempionat doirasidagi “Bunyodkor”ga qarshi uchrashuvga yuqori kayfiyatda kelyapti. Ilyos Zeytullaev boshqarayotgan “Qaldirg‘ochlar” hozir qiyin vaziyatda. Jamoa bitta g‘alaba bilan 8 ochko jamg‘arib musobaqa jadvalida so‘nggi pog‘onada. O‘yin qiziqarli ruhda o‘tadi. Bu bahsda puxta tayyorgarlik ko‘rgan jamoaga olib kulib boqadi.

12 avgust

19:00. OKMK – “Navbahor”

Ushbu turning yana bir markaziy o‘yini Olmaliqda o‘tkaziladi. Mirjalol Qosimov boshchiligidagi OKMK Sergey Lushchan ustozlik qilayotgan “Navbahor”ni qabul qiladi. Namanganliklar 7 avgust kuni Jizzaxdagi “daxshatli” uchrashuvda qo‘shimcha vaqtlarda 2:3 hisobidagi g‘alabani rasmiylashtirib O‘zbekiston Kubogi yarim finaliga yo‘l oldi. Endi esa ularni OKMKga qarshi yana bir murakkab bahs kutmoqda. Bu bilan namanganliklar endi Superligadagi ishtirokini ham boshlaydilar. OKMK chempionatni barqaror o‘tkazib musobaqa jadvalida “Nasaf” bilan birga peshqadamlik qilib kelyapti. “Navbahor” Lushchan kelgach, o‘yin tomonlama o‘zgarganini Jizzaxdagi bellashuvda ko‘rsatdi. Olmaliqda oddiy o‘yin bo‘lmaydi.

20:00. “Surxon” – “Qizilqum”

O‘zbekiston Kubogi chorak finalida “Andijon”ga qarshi uchrashuvda asosan ikkinchi tarkibi va yoshlarni maydonga tushirgan “Qizilqum” bor e’tiborini Superligaga qaratgan. Oldinda ularni “Surxon”ga qarshi uchrashuv kutyapti. Navoiyliklar “Andijon” bilan o‘yinda “karta”larini ochmadi. Etakchilarini “Surxon” bilan uchrashuvga asrab qo‘ydi. Bu bahsda imkoniyatlar teng, qolganini maydonda ko‘ramiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!