
"Muxlislarimizni xursand qilish payti keldi" - Farhod Sohibjonov olimpiya terma jamoasiga chaqiruv va "Paxtakor"ga qarshi tayyorgarlik haqida
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi shu oy boshlarida yig‘in o‘tkazadi va Maliga qarshi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida ham ishtirok etadi.
Bosh murabbiy Timur Kapadze buning uchun tarkibni ham e’lon qildi. Undan “Andijon”ning uch nafar futbolchilari ham joy oldilar. Farhod Sohibjonov, Sherzod Esanov va Islom Mamatkazin uchun imkoniyat taqdim etilmoqda.
Sohibjonov qishda ham olimpiya terma jamoamiz yig‘inida ishtirok etgan. U klubida ishonchli o‘yinlar ko‘rsatyapti va bu murabbiylarning e’tiboridan chetda qolmayapti. Farhod bir qator savollariga javob qaytardi.
- O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi yig‘iniga chaqirildingiz va bu xabarni dastlab kimdan eshitdingiz?
- Ha, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasida chaqiruv oldim. Buni eshitib juda xursand bo‘lib ketdim. Birinchi bo‘lib bu xabarni “Andijon” jamoamiz matbuot kotibimizdan eshitdim.
- “Olimpik”ga qarshi o‘yindan keyin Timur Kapadze “Andijon” futbolchilari haqida iliq gaplarni aytgandi. Murabbiyning ushbu fikrlarini o‘qidingizmi va qanday qabul qildingiz?
- Albatta, o‘qidim. Buni yaxshi qabul qildim. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar biz ishlashda davom etamiz.
- Olimpiya terma jamoasi bilan Olimpiadaga borish uchun imkoniyatga ega bo‘lib turibsizlar. Bundan foydalanish muhim va bu holatni qanday his qilyapsiz?
- Ha to‘g‘ri, imkoniyatimiz bor. Shunday ekan, bu borada qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz.
- Oldinda “Paxtakor”ga qarshi o‘yin kutyapti. Superkubokdagi o‘yiniga qanday baho berasiz?
- “Paxtakor” yaxshi o‘yin namoyish etyapti, tarkibi yoshargan bo‘lsa ham. Xudo xohlasa, “Paxtakor”ga biz ham puxta tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Muxlislarimizni xursand qilish payti keldi.
- Raqib safida siz uchun xavfli futbolchi kim?
- Raqib tarkibida har doimgidek Cheran kuchli.
-“Paxtakor”ga qarshi uchrashuvda tayyorgarlik jarayonida asosiy e’tibor nimaga qaratilyapti?
- Nimaga qaratiliyotganini aytmayman. O‘yinda ko‘rib olasizlar. Muxlislardan iltimos qilib so‘rab qolardim, oxirigacha biz bilan bo‘lishlarini. Xudo xohlasa, g‘alabalarimiz hali oldinda. Qo‘llab-quvvatlab turgan hamma muxlislarimizga rahmat.
Fikrlar